YANGILIKLAR

Kun: 02.02.2019

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Musulmonlar idorasining hududlardagi vakilligi bilan hamkorlikda “Tinchlik — eng oliy ne’mat” va “Islomda ekstremizm va terrorizmga o‘rin yo‘q” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori B. Maxsudov tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, uchrashuvni qisqacha mazmuni bilan yig‘ilganlarni tanishtirib o‘tdi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 2019 yilniig yanvar-fevral oylari davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari o‘rtasida profilaktik tadbirlarii kuchaytirish maksadida “Tinchlik — eng oliy ne’mat” va “Islomda ekstremizm va terrorizmga o‘rin yo‘q” kabi mavzularda davra suhbati va ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgani, ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Musulmonlar idorasining hududlardagi vakilligi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotganiga to‘xtaldi.

 

 

Shundan so‘ng tadbirga tashrif buyurgan mehmon Toshkent shahar Bosh imom hatibining o‘rinbosari E. Rustamov so‘zga chiqdi. U tinchlikning qadriga shukronalik bilan yetilishi, tinchlik esa eng ulug‘ ne’matligi, uni esa har doim qadriga yetish, asrab avaylash har bir kishining zimmasidagi burch bo‘lish bilan birga, payg‘ambarlarning sunnati ekanligini aytish bilan o‘z ma’ruzasini boshladi. Manbaalarda “ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U xotirjamlik va sihat-salomatlikdir”, deyilgan deb o‘z so‘zini davom ettirdi.

Har bir inson yashashi, Allohga xotirjam ibodat qilishi, ishlashi uchun tinchlik kerak. Tarixda tinchlikni buzilishiga aksar hollarda jamiyatni diyonatdan uzoqlashgani, ma’naviyatga e’tiborsizligi sabab bo‘lgani kuzatiladi. Shunga ko‘ra, tinchlikni saqlash maqsadida, bugun, barchalarimiz jipslashib, yosh avlodni yuksak manaviyatli, dinu diyonatli, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalab borishimiz zarur.

Shu ma’noda xalqimiz dinimiz aqidasiga sidqidildan amal qilib kelayotgani tufayli, Alloh taoloni ne’mati bo‘lmish yurtimizda hukm surayotgan xotirjamlik, osoyishtalikni ko‘ramiz. Ana shu tufayligina jinoyatlarning oldi olinadi, osudalik hukm suradi.

Tinchlikni saqlaydigan omillardan yana biri – to‘g‘ri tafakkur. Zero, to‘g‘ri fikrlash barchani har xil buzuq e’tiqodlardan, noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolishdan asraydi. Odamlar orasida fahsh, yomon illatlar, begona yot g‘oyalar tarqalishini oldini oladi.

Xotirjamlikning davomiyligini ta’minlaydigan omillardan yana biri – shukr. Zero, qur’on karimda ham shukr qilganlarga ne’matlarini yana ham ko‘paytirib berishi to‘g‘risida oyatlar mavjud. Aks holda noshukrlik notinchlikka sabab bo‘lishi mumkinligi ham oyatlarda o‘z aksini topgan. Insonlarning birligi, ma’rifat hosil qilishi, hayot farovonligi, rizqning mo‘l – ko‘l bo‘lishi, jamiyatda birdamlikni mustahkamlanishi, qo‘ni-qo‘shni va qavm-qarindoshlarning holidan habar olib turish, yer yuzida Alloh Taoloni rozi qiladigan hayot kechira olish uchun ham tinchlik lozim.

 

 

Mamlakatimizda beqiyos o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Qator sohalarda erishilayotgan yuksak marralar ozod va obod yurtimizning nufuzini oshirmoqda. Bunyodkor xalqimiz o‘z rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlab, orzu-maqsadlariga yetmoqda. Emin-erkin mehnat qilib, tinch-osoyishta turmush kechiryapti. Dunyoning turli burchaklarida islom dinini niqob qilib olgan har xil terroristik oqimlar va yovuz kuchlar tomonidan sodir etilayotgan qo‘poruvchiliklar, mudhish jinoyatlar, xunrezliklar tinch aholi, kattayu kichikning hayotiga zomin bo‘layotgan, shaharu qishloqlar vayronaga aylanayotgan notinch davrimiz bizni yanada ogoh va hushyor bo‘lib yashashga, o‘z uyimizni, ona Vatanimizni asrab avaylashga, shu shukuhli kunlarning qadriga yetishga chorlaydi.

Yaratganga beadad shukrki, O‘zbekistonda tinchlik-osoyishtalik hukm surmoqda. Ko‘p millatli bag‘rikeng xalqimiz xotirjam turmush kechirmoqda. Biz uchun tinchlik-osoyishtalikning qadri o‘zgacha. Donishmandlarimiz yurti tinchning o‘zi tinch, deb bejiz aytmagan. Tinchlik-osoyishtalik hukm surgan joyda, yuksalish, taraqqiyot bo‘ladi. Mamlakat gullab-yashnaydi. Fuqarolarning turmushi farovonlashadi. Shunday ekan, tinchlik-osoyishtalikka o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmasligini hammamiz to‘g‘ri anglashimiz kerak. Bu yutuqlar qanday qo‘lga kiritilgani, xalqimizga xos bo‘lgan sabr-bardosh, mamlakat kelajagiga qat’iy ishonch, hamjihat-hamfikr yashash, tinchlik-osoyishtalikni asrash, bag‘rikenglik, o‘zaro mehr-oqibat ko‘rsatish kabi ulug‘ fazilatlar haqida xalqimizga, xususan, o‘sib kelayotgan yosh avlodga so‘zlab berish zarur.

Toki, bugungi murakkab sharoitda tinchlikni asrash uchun ogohlik, sezgirlik, hushyorlik har qachongidan ko‘ra muhimligini ular to‘liq tushunib yetsinlar. Ogoh va hushyor bo‘lib yashash, tinchlikni ta’minlash turli xil ko‘ngilsizliklar va xavfu xatarlarning oldini olishning zaruriy shartidir. Zero, g‘ofillik va beparvolik turli noxushliklarga zamin yaratadi. Tinchlik — ulug‘ ne’mat, deb e’lon qilgan dinimizda bu yo‘lda nafaqat amal bilan, balki so‘z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilganligini ta’kidlab o‘tdilar.

O‘tkazilgan uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berishib, kerakli javoblarini olishdi hamda o‘z fikrlarini bildirib o‘tdilar.

Uchrashuv yakunida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori B. Maxsudov barcha tadbir ishtirokchilariga o‘z minnatdorchiligini bildirgan holda tadbirni yakunladi.