YANGILIKLAR

Oy: Fevral 2019

2019-yil 4-mart — 20-mart kunlari oralig‘ida Ruminiya-Amerika universitetidan tashrif buyurgan i.f.d., professor Robert Kren “Xalqaro biznesni yuritish” mavzusida ma’ruza va amaliyot mashg‘ulotlarini olib boradi.

Ma’ruzalar belgilangan kunlarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 1-bino 134-xonada soat 1400da boshlanadi.

Qatnashish istagini bildirgan tinglovchilar Korporativ boshqaruv fakultetining Jahon iqtisodiyoti kafedrasiga murojaat qilishlari mumkin.

Murojat uchun telefon: +99871 239-28-37

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 1-sonli talabalar turar joyida “Yoshlar tarbiyasida teatrning o‘rni” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Korporativ boshqaruv fakulteti hamda Bank ishi kafedrasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama teatri aktyorlari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

 

Aholining keng qatlamlari, ayniqsa yoshlarning qalbi va ongiga ezgu g‘oyalarni yanada chuqurroq singdirishga yo‘naltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlarni o‘tkazishga qaratilgan ma’rifiy ishlarni amalga oshirish borasidagi vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari ijrosini amalga oshirish maqsadida Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama teatri aktyorlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Malika Qayumova va Xayrulla Inog‘omov bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi.

 

 

Tadbir davomida Xayrulla Inog‘omov “O‘kinch” spektaklidan ota va o‘g‘il dialogini maromiga yetkazib ijro etib berdi. Dialogning ta’sirliligi, ayniqsa, o‘g‘il va otaning xatoliklari talqin qilinganida talabalar va kafedra professor-o‘qituvchilari ko‘zlarida beixtiyor yosh qalqidi.

Teatrda bir necha yillardan beri mehnat qilib kelayotgan Xojar obrazi bilan Super qaynona rolini qoyilmaqom qilib maromiga yetkazib, xalqimiz yuragidan chuqur o‘rin egallagan artist Malika Qayumovaning o‘z hayot yo‘li, mashaqqatli mexnati sirlari haqidagi suhbati talabalarning har bir savollariga to‘liq javob berganliklari alohida davra suhbatiga fayz bag‘ishladi.

Shuningdek, tadbir mehmonlari tomonidan Alisher Navoiy va Guli obrazlari ijro etib berildi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida taniqli olim, diplomat va siyosatchi Baxtiyor Islomov ishtirokida mahorat darsi tashkil etildi. Korporativ boshqaruv fakulteti tomonidan o‘tkazilgan “O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalari” mavzusidagi mahorat darsida professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

 

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda oxirgi yillarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlarimiz xalqaro iqtisodiy tashkilotlarning reytinglarida o‘zining ijobiy ifodasini topmoqda. Jahon bankining ma’ruzasida O‘zbekiston keyingi yillarda tadbirkorlik faoliyati uchun ishbilarmonlik muhitini yaxshilash sohasida eng yaxshi natijalarga erishgan dunyodagi 5 ta davlat qatoridan joy olgani qayd etilgan. Bunday yutuqlarga erishish natijasida mamlakatimiz eng avvalo Xalqaro iqtisodiy munosabatlarga integratsiyalashi, chet el investitsiyalarini jalb etishni yanada yaxshilashga erishishimiz mumkin.

 

 

Asosiy ma’ruza yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan ma’ruzachiga murojaat qilib, atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Bugungi kunda Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti tomonidan talaba-yoshlarning darsdan bo‘sh vaqtlarida madaniy dam olishlariga qaratilgan tadbirlar tashkil etish, ularga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish xizmatini ko‘rsatish borasida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri 2019-yil 27-fevral kuni Kasb ta’limi (iqtisodiyot) kafedrasi tomonidan O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyiga tashrif bilan boshlandi.

 

 

Muzey xazinasidan o‘rin olgan XIX asrning birinchi yarmidan to hozirgi kunimizgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan, qo‘li gul ustalar tomonidan yaratilgan bebaho amaliy san’at durdonalari tashrif buyuruvchilarda katta taassurot uyg‘otdi. Muzeyga qo‘yilgan asarlar milliy xalq san’atining tematik va janr boyligini, O‘zbekiston rassomlarining yuqori darajali mahorat ustalari ekanligini va ular ijodining o‘ziga xosligi hamda ko‘p qirraligini namoyon etmoqda.

Bugungi kunda muzeylar millatning ma’naviy rivojlanishida katta ahamiyat kasb etmoqda, deydi Kasb ta’limi (iqtisodiyot) kafedrasi katta o‘qituvchisi Gulnoza Ochilova. — Muzeylarning muhim ma’naviy va tarbiyaviy ahamiyatini hisobga olgan holda bugun talabalar bilan bu yerga tashrif buyurdik. O‘ylaymizki, mazkur tashrif talaba-yoshlarning ruhiy olamini tarbiyalashda ahamiyatli bo‘ldi.

Tashrif davomida kafedra professor-o‘qituvchilari talabalarga mamlakatimizning tarixiy joylariga va buyuk ajdodlarimizning muqaddas ziyoratgohlariga doimiy tashriflarini uyushtirishning ahamiyati xususida gapirib berdilar.

 

 

Talaba-yoshlar muzey zallarida sayr etar ekan, inson qo‘li bilan yaratilgan mo‘jizalarni, betakror san’at nafisligini ko‘rib, olam-olam zavq olishdi.

TOSHKENT DAVLAT IQTISODIYOT UNIVERSITETI KAFEDRALAR BO‘YICHA BO‘SH LAVOZIMLARGA TANLOV E’LON QILADI 

Kafedra mudiri: Makroiqtisodiyot.

 

Professorlar: Sanoat iqtisodiyoti, Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi, Moliya va soliqlar, Kasb ta’limi (iqtisodiyot), Marketing.

 

Dotsentlar: Buxgalteriya hisobi, Iqtisodiyot nazariyasi, Sanoat iqtisodiyoti, Moliya va soliqlar, Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari, Menejment, Korporativ boshqaruv, Marketing, Ijtimoiy fanlar, Oliy matematika, Ingliz tili, O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti.

 

Katta o‘qituvchilar: Moliya va soliqlar, Iqtisodiy tahlil va audit, Statistika, Kasb ta’limi (iqtisodiyot),  Korporativ boshqaruv, Jahon iqtisodiyoti, Turizm va servis, Marketing, Infratuzilmani rivojlantirish va logistika, Oliy matematika, Jahon tillari, Ingliz tili, O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti, Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari.

Assistentlar: Sanoat iqtisodiyoti, Turizm va servis, Marketing, Makroiqtisodiyot, Marketing.

 

TANLOVDA QATNASHISH UCHUN QUYIDAGI HUJJATLAR TAQDIM ETILISHI LOZIM:

 

  1. Rektor nomiga ariza;
  2. Xodimlarni hisobga olish bo‘yicha shaxsiy varaqa (Boshqa tashkilotlardan tanlovda qatnashishga ariza berganlar uchun);
  3. Oliy ma’lumoti, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni haqidagi attestat nusxalari (Boshqa tashkilotlardan tanlovda qatnashishga ariza berganlar uchun);
  4. Ilmiy ishlari ro‘yxati;
  5. Malaka oshirganligi hamda qayta tayyorlovdan o‘tganligi haqidagi diplomlar va sertifikatlar.
  6. Oxirgi 5 yilda amalga oshirgan pedagogik faoliyati haqida hisobot.
  7. Kafedra muhokamasidan ko‘chirma
  8. Arizalar qabul qilish muddati – e’lon chop etilgan kundan boshlab 1 oy.

Manzilimiz  –  100066, Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 49.

TDIU, Xodimlar bo‘limi. Tel.: (0-371) 239-01-42, 239-01-08

2019-yil 26-fevral kuni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti va Toshkent moliya instituti hamkorligida “Xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim omili” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tadbir “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish-ning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da belgilangan asosiy vazifalarni mantiqiy davom ettirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash va “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da bajarilishi rejalashtirilgan vazifalarni amalga oshirishda xotin-qizlar faolligini ta’minlashga erishish maqsadida o‘tkazildi.

 

 

Respublika ilmiy-amaliy anjumanining maqsadi mamlakatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va sotsial faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini, oila barqarorligini mustahkamlashning ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy asoslari yaratilganligidan kelib chiqib, xotin-qizlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish borasidagi mavjud muammolarning yechimini izlab topish, bunda olima va tadbirkor ayollarning alohida o‘rnini ko‘rsatishdan iboratdir.

 

 

Ilmiy-amaliy anjumanda Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi p.f.n., dots. Tanzila Narbayeva, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Elmira Basitxanova, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, tibbiyot fanlari doktori, professor Dilbar Najmiddinova, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Farida Abdurahimova, professor-o‘qituvchilar, talaba-qizlar, ilmiy tadqiqotchilar va Mahalla jamg‘armasining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mahalla maslahatchilari ishtirok etdi.

Ushbu anjuman munosabati bilan ilmiy xodimlar, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, doktorant va mustaqil tadqiqotchilar, magistratura va bakalavriat talabalarining 150 dan ortiq maqola va tezislari to‘plam sifatida chop ettirildi.

 

 

Ilmiy-amaliy anjumanda Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatini amalga oshirishdagi muammo va yechimlar, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishda olima va tadbirkor ayollarning o‘rni, oila barqarorligini mustahkamlashning ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy asoslari, xotin-qizlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish va ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli, fan ta’lim integratsiyasini ta’minlashda xotin-qizlarning o‘rni, ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirishda tadqiqotchi xotin-qizlarning tutgan o‘rni kabi bir qator masalalar muhokama qilindi.

 

 

 

Ilmiy-amaliy anjumanning xulosasiga ko‘ra, mamlakatimizda xotin-qizlarning mavqyeini yanada yuksaltirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, yurtimizda olib borilayotgan islohotlarda ular faolligini ta’minlashning asosiy omili ta’lim va tarbiya uyg‘unligi bo‘lib, uning quyidagi bosqichlarini ko‘rsatib o‘tish mumkin ekanligi aytib o‘tildi va bunda:

Birinchidan, oilada ota-onalar tomonidan farzandlarga tarbiya berish jarayonida milliy va umuminsoniy qadriyatlar qatorida, ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar xususida tushunchalar berib borish;

Ikkinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar mamlakat siyosiy xayotining bo‘lajak ishtirokchilari ekanligi hissini uyg‘otuvchi uslublarning zamonaviy vositalaridan foydalanish;

Uchinchidan, umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilariga ijtimoiy-siyosiy bilimlarga bo‘lgan ehtiyojini oshirishga yo‘naltirilgan fanlardan ta’lim berish;

To‘rtinchidan, oliy ta’lim va undan keyingi bosqichlarda siyosiy va huquqiy madaniyatni tadqiq etishga oid ilmiy-nazariy va amaliy faoliyatga rag‘bat berish, bunda ta’lim muassasalari va davlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish;

Beshinchidan, yosh qizlarning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishda madaniyat ob’ektlari (kino, teatr, muzey va h.k.) bilan cheklanib qolmasdan, ijtimoiy-siyosiy tadbirlarda, ularning ishtirokini ta’minlash, ushbu yo‘nalishlardagi munozara-debatlardagi faolligini oshirish;

Oltinchidan, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash, yosh qizlarning jamiyatda sodir bo‘layotgan voqyea-hodisalarga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish ham ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarimizning asosini tashkil etadi.

Yettinchidan, yoshlarni hayotga tayyorlash bo‘yicha yaratilgan ushbu tizim bilan jamoatchilik tashkilotlari o‘rtasida uzviy hamkorlik, yagona yondashuv tizimining yo‘qligi muammoning asosiy ildizini tashkil etadi. Shu sababli, mazkur yo‘nalishda, birinchi navbatda, yoshlarni hayotga tayyorlash bo‘yicha yagona Konsepsiyani ishlab chiqib, amaliyotga joriy qilish eng asosiy dolzarb vazifalardan biri bo‘lsa, oilalarni mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida ham manzilli ishlashni tashkil etish, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni aniqlab olish va ularning muammolarini keng jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda hal qilish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Sakkizinchidan, mahallalarda kichik ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va bu korxonalarga uyda o‘tirgan ayollarni jalb etish orqali bandlikini ta’minlash, Toshkent shahrida norasmiy ravishda faoliyat yurituvchi xotin-qizlar soni juda ko‘pchilikni tashkil etgani sababli ularni rasmiylashtirish bo‘yicha byurolar tashkil etish. Bu byurolarning huquqiy asoslarini ishlab chiqish yuzasidan tegishli tashkilotlarga ko‘rsatmalar berish, har bir tumanda tashkil etilayotgan kichik sanoat zonalaridagi ishlab chiqarish korxonalariga shakllantirilgan ro‘yxatlardagi ishsiz xotin-qizlarni jalb etish kabi masalalar bo‘yicha takliflar berildi.

2019-yil 26-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim omili” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tadi. Tadbir O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent moliya instituti hamkorligida tashkil etilmoqda.

Ilmiy-amaliy anjumanda “Реформа системы здравоохранения в Узбекистане: общее видение и ожидаемые результаты”, “Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash: muammo va yechimlar”, “Женщины Узбекистана: будущее страны в надежных руках”, ““Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi doirasida qizlarni reproduktiv salomatligini mustahkamlashning usul va yo‘llari”, ““Oila” kodeksining oilaviy munosabatlardagi o‘rni va ahamiyati”, “Повышение роли женщин в системе образования, бизнеса и предпринимательства”, “Munosib mehnat dasturi asosida xotin-qizlarni ish bilan bandligini oshirish”, “Ayoli qadrlangan yurt — qudratli bo‘lur!”, “Ayollar kamsitilishining oldini olish”, “Xotin-qizlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish va ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni”, “Innovatsion iqtisodiyotda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish masalalari”, “O‘zbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash masalalari” kabi mavzular muhokama qilinadi.

2019-yil 26-fevral kuni soat 10:00da Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining madaniyat saroyida boshlanadi.

Ilmiy-amaliy anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-sonli “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining ijrosini ta’minlash va “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da bajarilishi rejalashtirilgan vazifalarni amalga oshirish va bunda xotin-qizlar faolligiga erishish borasidagi chora-tadbirlarni samaradorligini oshirish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Markaziy Osiyoning oziq-ovqat siyosati bo‘yicha xalqaro tadqiqotlar institutining Rivojlanish strategiyasi va boshqaruv bo‘limi (DSGD) tadqiqotchisi va rahbari Komiljon Akramov ishtirokida mahorat darsi tashkil etildi. «Iqtisodiy siyosat tahlilida mukammal ekonometrikaning qo‘llanilishi» mavzusida tashkil etilgan mahorat darsida professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

 

Tadbirni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sherzod Mustafoqulov kirish so‘zi bilan ochib, chet ellarda faoliyat ko‘rsatayotgan salohiyatli vatandosh olimlar, mutaxassislar va ekspertlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga faol jalb etish borasida qilinayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Ilm-fanni rivojlantirish, tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish, ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish, iqtidorli talabalar ilmiy izlanishlar olib borishda xorijda faoliyat ko‘rsatayotgan salohiyatli vatandosh olimlar bilan hamkorlikning ahamiyati haqida gapirib o‘tdi.

 

 

Shundan so‘ng, asosiy ma’ruza uchun Komiljon Akramovga berildi. U o‘z so‘zida har bir iqtisodiyot yo‘nalishida ta’lim oluvchilarning birlamchi fani – Iqtisodiyot nazariyasi hisoblanadi, deya ta’kidladi. Chunki Iqtisodiyot nazariyasida barcha birlamchi iqtisodiy kategoriyalarga ta’riflar keltirib o‘tiladi.

 

 

Nazariy bilimlarni o‘zlashtirishda Iqtisodiyot nazariyasi fani qanchalik ahamiyat kasb etsa, olingan bilimlarni amaliyotga tatbiq etishda ekonometrikaning o‘rni ham shunchalik beqiyosdir. G‘arbdagi har qanday iqtisodchining asosiy instrumenti bu – ekonometrikadir. Hozirgi kunda dunyodagi iqtisodchilarning 80 foizi bugungi kunda ekonometrika bilan ish olib borishadi.

 

 

Ekonometrik model tuzishda biz avvalambor iqtisodiyot nazariyasiga yuzlanamiz, undan keyin iqtisodchining ichki intuitsiyasi zarur bo‘ladi. Keyin navbatta miqdoriy statistika va uy xo‘jaliklari hisoblanadi.

 

 

Davr taqozosi tufayli iqtisodiyotdagi ekonometrika yo‘nalishi ham tobora rivojlanib, takomillashib bormoqda. Evolyusiya davomida uning namoyandalari qo‘llaydigan tushunchalar o‘zgarmoqda, bugungi kunga kelib miqdoriy tahlil usullari ham rivojlanmoqda, tahlil sohasi ham kengayib bormoqda. Quyidagi omillar bu yo‘nalishning rivojini zarur qilib qo‘ydi:

tahlilning matematik va statistik uslublarining rivoji, ayniqsa matematik programmalash, turli o‘yinlar nazariyasi, matematik statistikaga oid ishlarning ko‘payishi;

ilmiy-texnika taraqqiyotining rivoji, fanning yangi tarmoqlarining paydo bo‘lishi, xususan kibernetika, elektro-hisoblash texnikasi, kompyuterlar tizimi, iqtisodiyot sohasidagi informatsiyaning tobora ko‘payishi, bu informatsiyani tayyorlash, uzatish, qabul qilish va qayta ishlash hajmlarining keskin ortib ketishi.

 

 

Umuman hozirgi davrda hayotni, uning muhim qismi bo‘lgan iqtisodiyotni bu yo‘nalishsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu sababli ekonometrika ham ilmiy, ham amaliy jihatdan muhim bo‘lib qoldi.

 

 

Komiljon Akramov tomonidan o‘tkazilgan mahorat darsi savol va javoblarga boy tarzda o‘tdi. Komiljon Akramovga amaliy hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirilib, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Tashakkurnomasi taqdim etildi.

Bugun, 20-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “El-yurt umidi” jamg‘armasi direktori Adham Bekmurodov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “Ilmli yoshlar bizning kelajagimiz” mavzusida o‘tgan tadbirda universiteti professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.

 

 

Ta’kidlanganidek, bugungi islohotlar samarasi va rivojlanish strategiyasining amalga oshirilishi har tomonlama mutaxassislar, zamonaviy kadrlar salohiyatiga bog‘liq. Shu ma’noda yurtimizda o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirib, mamlakat rivojiga hissa qo‘shishni istagan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasining tashkil etilishi ham ayni shu ezgu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan.

 

 

Uchrashuvda jamg‘arma direktori Adham Bekmurodov so‘zga chiqib, muassasa tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumot berib o‘tdi.

— “El-yurt umidi” jamg‘armasi xorijiy mamlakatlarda eng zamonaviy bilimlar olib, yuqori malaka va boy tajribaga ega bo‘lish istagini bildirgan, O‘zbekistonni dunyodagi nufuzi va obro‘sini oshib borishga bel bog‘lagan yoshlarga doimiy e’tibor qaratishni eng muhim vazifa, deb hisoblaydi.

 

 

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, 2019-yil uchun ta’lim dasturlari asosida xorijda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, chet eldagi ilmiy-amaliy tajribaga ega vatandoshlar hamda yuqori malakali xorijlik ekspertlarni jalb etish yuzasidan ehtiyoj o‘rganildi. 50 ta turli tashkilot tahlillari asosida olingan ma’lumotga ko‘ra, doktorantura hamda magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha stipendiyalarga talab 600 dan ziyod, malaka oshirish va stajirovkaga bo‘lgan yillik ehtiyoj 1500 dan ortmoqda. Bundan tashqari, qator vazirlik, idora hamda ta’lim muassasalari chet eldagi boy tajribaga ega 570 ga yaqin vatandoshlarni, 500 dan ziyod yuqori malakali xorijlik ekspertlarni jalb etish zarurligini bildirgan.

 

 

Uchrashuv davomida stipendiya tanlovlari tartibi, qoidalari va saralash tanlovi o‘tkazish jarayonlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi.

 

 

Tadbirda ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan “El-yurt umidi” jamg‘armasi direktori murojaat qilib, atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

 

 

Olimjon Abdusalomov,
Korporativ boshqaruv fakulteti dekani muovini

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Webster universiteti vitse-prezidentlari John Pyle hamda Julian Schuster bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tashrif avvalida, Webster universiteti vakillari oldingi o‘zaro tashriflar davomida erishilgan kelishuvlar doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdilar.

 

 

Webster universitetining Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ochilayotgan filialiga arizalarni qabul qilish jarayoni, o‘quv jarayonini tashkil etish uchun ajratilgan xonalar, ularning MBA magistratura dasturini ishga tushirish talablari asosida jihozlanishi holati Webster universiteti vakillarida katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng tomonlar Markaziy Osiyoda ilk marotaba tashkil etilayotgan MBA (Project Managament) magistratura dasturini Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ochish bo‘yicha ishlarni tashkil etish, qabul jarayonlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

 

 

Bo‘lib o‘tgan muzokaralarda dars mashg‘ulotlarini olib borish uchun AQShdan professor-o‘qituvchilarning tashrifini amalga oshirish, O‘zbekiston tomonidan dars mashg‘ulotlarini olib boradigan professor-o‘qituvchilarga qo‘yiladigan talablar, on-line (webnet) rejimda o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha texnik talablar, o‘quv adabiyotlari va ularning ro‘yxatini shakllantirish, iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olmagan mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha tayyorlov kurslarini tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.

 

 

Webster universiteti vakillari samimiy qabul, mehmondo‘stlik va ko‘rsatilgan ehtirom uchun tashakkur bildirib, hamkorlikdagi ishlar har ikki davlat taraqqiyoti va yoshlarning kelajagini yaxshilashga xizmat qilishiga umid bildirdilar.