YANGILIKLAR

Kun: 27.01.2019

2019-yil 26-yanvar kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Karera kuni” axborot-tanishtiruv tadbiri o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Davlat qo‘mitalari, Markaziy bank, tijorat banklari, shuningdek, turli mulkchilik shakllaridagi 250 dan ortiq kompaniya va firmalarning rahbar va mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, talaba-yoshlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbir universitetda oliy ta’lim-fan-ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni tizimli tashkil etish, ta’lim xizmatlari sifatini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash, universitet va ishlab chiqarish korxonalari bilan o‘zaro innovatsion-korporativ hamkorlikni yanada yaxshi yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida ta’lim va fan sohasini rivojlantirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sifatli ta’lim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosatini davom ettirish vazifasi belgilab berilgan.

Mazkur farmonda yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholining, eng avvalo, o‘rta maxsus va oliy o‘quv muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, mehnat bozori mutanosibligi va infratuzilmasi rivojlanishini ta’minlash, ishsizlik darajasini kamaytirish ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari deb belgilangan.

Bugungi kunda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash borasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, unda belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda. An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Karera kuni” axborot-tanishtiruv tadbir maqsadi ham shunga qaratilgan.

Aytib o‘tish kerakki, universitetda 2018-2019 o‘quv yili bitiruvchilarini kasbga yo‘naltirish va ish bilan ta’minlash borasida ishlar boshlab yuborildi. Bu borada universitet rektorati, dekanat va kafedralar tomonidan bitiruvchilarni kasbga yo‘naltirish, ishga taqsimlash va joylashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2018-2019 o‘quv yili bitiruvchilarini kasbga yo‘naltirish va ish bilan ta’minlash borasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan yaqindan amaliy aloqalar o‘rnatilgan.

“Karera kuni” axborot-tanishitiruv tadbiri davomida bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etayotgan ish beruvchi vazirlik, muassasa, tashkilot va korxonalarga bitiruvchi talabalar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etildi.

Mazkur tadbirda universitet fakultetlari, mutaxassislik kafedralari professor-o‘qituvchilari, bakalavriat va magistraturaning bitiruvchi kurs talabalari faol ishtirok etdilar. Tadbirda taqdimotlar, elektron tarqatma materiallar, prospektlar hamda boshqa taqdimot uslub va vositalaridan samarali foydalanildi.

“Karera kuni” tadbiri ishtirokchilariga universitet, fakultetlar, kafedralar, o‘quv, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlardagi innovatsiyalar, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashning eng diqqatga sazovor tomonlari yoritib berildi.

Ma’lumot o‘rnida:

– 2018-2019 o‘quv yilida universitetni 1210 nafar talaba tamomlaydi, jumladan bakalavriat bosqichida 910 nafar, magistratura bosqichida esa 300 nafar;

– hozirgi kunda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bakalaviriat bosqichida 20 ta ta’lim yo‘nalishi hamda 25 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.

“Karera kuni” axborot-tanishtiruv tadbirini o‘tkazishdan maqsad quyidagilardan iborat:

– ish beruvchilar uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha universitet bitiruvchilarining maxsus, kasbiy va malakaviy bilimlari, qobiliyat hamda malakalari taqdimotini o‘tkazish;

– vazirliklar, idoralar, qo‘mitalar o‘quv va ilmiy muassasalar, korxonalar, tashkilotlar, xorijiy, qo‘shma va kichik korxonalar, firmalar vakillari hamda tadbirkorlar bilan universitetning 2018-2019 o‘quv yili bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha muzokaralar olib borish;

– o‘quv rejalariga asosan, o‘qituvchi, talabalar, shuningdek, kompaniyalar va talabalarning o‘z tashabbuslari bilan yo‘nalishlar, dasturlar, malakaviy amaliyot mavzulari, stajirovkalarini korxona va tashkilotlarda o‘tkazishni muhokama qilish;

– kadrlarga buyurtma bergan korxona va tashkilotlar bilan universitet o‘rtasida aniq integratsion aloqalar o‘rnatish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari, fundamental va ilmiy mahsulotlar to‘g‘risidagi masalalarni muhokama qilish;

– ish beruvchi korxona va tashkilotlar bilan bakalavriat hamda magistratura bitiruvchilari o‘rtasida ishga joylashtirish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzoq muddatga mo‘ljallangan aloqalar o‘rnatish va shartnomalar tuzish.

Tadbirda bakalavriat va magistraturaning bitiruvchi kurs talabalari bilan taklif etilgan ish beruvchi vazirliklar, qo‘mitalar, kompaniyalar, tashkilotlar, korxonalarning vakillari o‘rtasida ishga joylashish va kasbga yo‘naltirish bo‘yicha muloqotlar olib borildi.

Shuningdek, innovatsion hamkorlik doirasida muammoli mavzular bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, o‘quv rejalarga amaliyotchi mutaxassislar takliflarini e’tiborga olgan holda o‘zgartirishlar kiritish, talabalarning malakaviy amaliyoti va tajriba oshirishini tizimli ravishda tashkil etish, amaliyotchi mutaxassislarni dars mashg‘ulotlariga jalb etish, bitiruv malakaviy ishlar va magistrlik dissertatsiyalarini korxona va tashkilotlar taklifini hisobga olgan holda tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.

Tadbir davomida bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda taklif etilgan vazirliklar, qo‘mitalar, kompaniyalar, tashkilotlar, korxonalar o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashda “Karera kuni” tadbirining ahamiyati va samarasi nihoyatda yuqoridir. Shu sababli o‘tkazilayotgan “Karera kuni” tadbiri universitetda o‘z o‘rnini topib, bitiruvchi kurs talabalari hayotida alohida ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Tadbir doirasida bevosita ish beruvchi tashkilotlar mutaxassislari tomonidan “mahorat darslari” tashkil etildi. “O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini rivojlantirish konsepsiyasi va 2019 yildagi soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari”, “Korxonada strategik rejalashtirish”, “Tadbirkorlik sub’ektlarini raqobatbardoshligini oshirishda bank-moliya tizimining o‘rni” kabi mavzular muhokama qilindi.

“Karera kuni” axborot-tanishtiruv tadbirining o‘tkazilishi bitiruvchi yoshlarga o‘z ixtisosliklari va mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashish imkonini bergan bo‘lsa, ish beruvchilarga o‘z kadrlar zaxirasini malakali va bilimli mutaxassislar bilan boyitishga yordam berdi. Shuningdek, tadbir bugungi jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot sohalaridagi ilmiy yechim kutayotgan masalalar yuzasidan hamkorlikda tadqiqotlar olib borish uchun olimlar va amaliyotchilarga o‘zaro muloqot maydonini yaratdi.