YANGILIKLAR

Kun: 19.01.2019

2019-yil 18-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va texnologiyalari qo‘mitasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida raqamli rivojlanish istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

 

 

Tadbir mamlakatimizning raqamli rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish, “Raqamli iqtisodiyot” milliy konsepsiyasi va “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturi asosida tayyorlangan matnlar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishga bag‘ishlandi. Ushbu hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oliy Majlisga yuborilgan va milliy iqtisodiyotning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari o‘sishini ta’minlaydigan va korrupsiyani sezilarli darajada kamaytirishga qaratilgan loyiha asosida ishlab chiqilgan.

 

 

Raqamli iqtisodiyotni joriy etish, albatta O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun jiddiy o‘sish sur’ati hisoblanadi. Mamlakatimizda mavjud bo‘lgan yuksak intellektual salohiyat, rivojlangan telekommunikatsiya infratuzilmasi, yuqori texnologiyali korxonalarni samarali faoliyat yuritishi innovatsion iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni tashkil etadi.

Deputatlar va iqtisodchi-olimlar davra suhbatidagi o‘z chiqishlarida mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotning faol rivojlanishini ta’minlaydigan bir qator muhim vazifalarni aniqladilar. Bular: sanoatda Internet tarmog‘ining rivojlanishi, shuningdek internet buyumlar, biznes va savdo qilish uchun ko‘p platformali makonlarni shakllantirish, davlat boshqaruvi tizimini algoritmini ishlab chiqish, jamiyatning elektron ishtirokini faollashtirish va boshqalar.

 

 

Birinchi navbatda, raqamli iqtisod texnologiyalari joriy etilishi amaldagi qonunchilikka tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni talab qiladi. Avvalo, bu me’yorlar bunday tushunchalar va texnologiyalarni fuqarolik muomalasiga kiritish: smart-kontraktlar, jamoatchilikning elektron konsensusi, sun’iy intellekt, kripto-valyuta va boshqalar bilan ta’minlashi kerak.

Tadbir yakunlari bo‘yicha tegishli ilmiy-texnik tavsiyalar va takliflar ishlab chiqildi.

👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda xorij tajribasi