YANGILIKLAR

Yil: 2019

Joriy yilning 14-15 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat boshqaruvi akademiyasi tashabbusi bilan “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish strategiyasi: mavjud vaziyat va rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiya 30 iyun Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda lozim bo‘lgan vazifalarni samarali bajarish, yoshlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, ularning bandligini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Konferensiya davomida O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish mexanizmlari, yaratilayotgan imkoniyatlar va ulardan unumli foydalanish ko‘nikmasi, yoshlarning huquqiy va iqtisodiy bilimlarini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi. Shu bilan birga, yosh rahbar kadrlarni tanlash, ularning salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, yosh rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirishda lider qiyofasi omili, rahbar shaxsiga qo‘yiladigan psixologik talablar xususida ma’ruzalar qilindi.

Konferensiyada universitetimizning Turizm va servis kafedrasi tadqiqotchisi Sirojiddin Xalilov “Turizm sohasida yoshlar tadbirkorlik layoqatidan samarali foydalanish” mavzusidagi ma’ruzasi bilan faol ishtirok etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, S. Xalilov 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, I darajali diplom va planshet bilan taqdirlandi.

 

Toshent  davlat Iqtisodiyot universitetida mahorat darslari o‘tkazayotgan Buyuk Britaniyaning Markaziy Lankashir universiteti (University of Central Lancashire, UCLan) professor-o‘qituvchi va talabalari Chorvoq oromgohiga tashrif buyurdi.

Bugun, 15-iyun kuni Toshent  davlat Iqtisodiyot universitetining Ingliz tili kafedrasi o‘qituvchisi Farruh Suleymanov boshchiligida Markaziy Lankashir universiteti vakillari – Patrycja Golebiewska (kurator, o‘qituvchi), Samantha Bainbridge (talaba), Paul Coyle (talaba), Nathan Ganley (talaba), Phil Winstanley (talaba)lar bilan Chovoq (Piramida) oromgohida sayoyatda bo‘lib turishibdi.

Britaniyalik mehmonlarda yurtimizning tabiyat go‘zalliklari kata taassurot qoldirdi.

 

Oliy harbiy davlat bojxona instituti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan 2019 yil 25 martda imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan “Tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Bojxona tartibga solinishi va bojxona to‘lovlari hamda Jahon iqtisodiyoti kafedralari hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida bojxona vakillari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar ishtirok etdi.

Tadbirda Jahon iqtisodiyoti kafedrasi professori, t.f.d. A. Shermuxammedov “O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga kirish muammolari” mavzusida ma’ruza qildi. Respublikamizda tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va rivojlantirish, bu jarayonni faollashtirishda tashqi savdoni erkinlashtirish, milliy iqtisodiyotning xalqaro moliya-kredit, investitsiya, soliq-bojxona, valyuta va sug‘urta tizimiga integratsiyasini jadallashtirishga doir ustuvor vazifalar ijrosi samarali amalga oshirilayotganligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Davlat boshqaruv akademiyasi Iqtisodiyot va moliya kafedrasi dotsenti, PhD. U. Pardaev “Davlat xaridlari tizimida tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish masalalari” mavzusida o‘z ma’ruzasini davra suhbati qatnashchilariga taqdim etdi. Ma’ruzachi tomonidan bugungi kunda mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlanitirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, davlat xaridlari tizimida tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha islohotlarning tutgan o‘rni, xususan, bu boradagi o‘zgarishlar, rivojlanishlar, chegara va bojxona nazorati haqida to‘liq ma’lumotlar taqdim etildi. Soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan va o‘z yechimini kutib turgan muammolar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shundan so‘ng, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi dotsenti, i.f.n. M. Qutbidinova “Erkin iqtisodiy zonalarga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashib, respublikada erkin iqtisodiy zonalarning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarning amalga oshirilayotganligini ta’kidlab, erkin iqtisodiy hududlarga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashadigan keng ko‘lamli soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalari tizimi shakllantirilganligi natijada esa hozirgi kunda respublikamizning 10 ta mintaqasida 14 ta erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari tashkil etilib, hozirgacha ushbu zonalarda 62 ta loyiha amalga oshirilib, yana 87 ta loyiha bo‘yicha ishlar davom ettirilayotganligi xususidagi ma’lumotlarni davra suhbati ishtirokchilariga ma’ruzasi davomida yetkazdi.

So‘ngra so‘z Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Jahon iqtisodiyoti” kafedrasi mudiri i.f.n. dots. N. Ismailova “Xalqaro iqtisodiy integratsiya jarayonlarida O‘zbekistonning ishtiroki” deb nomlangan o‘z ma’ruza taqdimoti bilan chiqish qildi. Ma’ruzada respublikamiz xalqaro integratsion jarayonlarga tezkorlik bilan javob qaytarayotganligini ta’kidlanib, mavzuning amaliy va ilmiy jihatlari asoslab berildi.

Bojxona tartibga solinishi va bojxona to‘lovlari kafedrasi dotsenti, bojxona xizmati podpolkovnigi T. Pardaev “Tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirishda bojxona to‘lovlarining o‘rni” mavzusidagi ma’ruzasida mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan qulayliklar va bojxona to‘lovlaridan berilayotgan imtiyozlar natijasida respublikamiz tashqi iqtisodiy faoliyat ko‘rsatkichlari ham yildan-yilga keskin o‘sib borayotganini qayd etdi.

Tadbir so‘ngida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Jahon iqtisodiyoti kafedrasi mudiri N. Ismailova mazkur innovatsion-korporativ hamkorlik doirasidagi davra suhbati juda mazmunli va qiziqarli o‘tganligi, mavzu yuzasidan o‘zaro almashilgan fikr va mulohazalar o‘zining ilmiy-amaliy, nazariy-uslubiy ahamiyatga ega ekanligi, tadqiqotlar natijasida tayyorlangan taqdimot ma’lumotlarga boy tarzda o‘tganligi, yangiliklarga to‘laligi bilan ahamiyatli bo‘lganligini ta’kidladi. Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti rahbariyati hamda Bojxona tartibga solinishi va bojxona to‘lovlari kafedrasi xodimlariga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda O‘rta Chirchiq pedagogika va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji tomonidan “Besh tashabbus – besh imkoniyat” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda ishtirok etgan Ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri Azamat Muxtorov, kafedra a’zolari Lutfulla Ilhomjonov, Asliddin Obidov va boshqalar Prezident tomonidan ilgari surilgan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan beshta tashabbus mohiyati va ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdilar. Beshta tashabbusni amalga oshirish yuzasidan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tashkil etilgan laborotoriyalar hamda muntazam o‘tkazib kelinayotgan «Eng faol bilimdon kitobxonlar» ko‘rik tanlovi haqida ma’lumotlar berildi.

Uchrashuv davomida ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni amalga oshirish yuzasdan har ikki ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, oldinda turgan vazifalar batafsil muhokama qilindi.

Kollej o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

 

 

 

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi tomonidan 2019 yil — “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” hamda “Yoshlar kelajagimiz” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, iste’dodli yoshlarining mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shadigan loyihalarini ommalashtirish va amalga oshirish jarayonida ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar kelajagimiz” shiori ostida iqtidorli yoshlar forumi tashkil etildi.

Ta’kidlandiki, ilmiy tadqiqot olib borayotgan yoshlar, olimlarning ilmiy-amaliy maqola va loyihalarini o‘zida jamlagan holda tashkil etilayotgan ilmiy-amaliy konferensiya ham partiya oldiga yangicha fikrlar, xilma-xil qarashlar vositasida rivojlanishiga amaliy yordam beradi.

Konferensiyada yoshlar tomonidan taqdim etilgan loyiha va ilmiy maqolalar ekspertlar tomonidan saralab olindi. Eng yaxshi loyiha mualliflari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Taqdirlanganlar orasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari – Jahongir Minnavarov, Davron Fayzullayev, Nuriddin Avazov, Azamat Abdullayev, Saodat Sa’dullayevalar borligi bizni quvontirdi.

Fursatdan foydalanib, ushbu talabalarning ota-onalariga va ustozlariga alohida tashakkur bildirib o‘tamiz.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruv akademiyasi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish strategiyasi: mavjud vaziyat va rivojlantirish istiqbollari” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiyada “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishda investitsiyalarning o‘rni” mavzusidagi ilmiy maqolasi bilan ishtirok etgan Iqtisodiyot fakultetining EK-77 guruh talabasi Nuriddin Avazov Sertifikat bilan taqdirlandi.

 

13-14 iyun kunlari Toshkent shahrida VI «Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston, Kavkaz va Afg‘oniston» mintaqaviy forumi (CAMCA – qisqartma inglizchadan) bo‘lib o‘tdi. Forum mintaqada va uning tashqarisida nufuzga ega bo‘lgan turli soha vakillari, yosh yetakchilar va ilg‘or ekspertlar bilan KAMKA mintaqasida sodir bo‘layotgan jarayonlarni yaxshiroq tushunish uchun fikr almashish bo‘yicha noyob imkoniyatni taqdim etadi.

Toshkentda o‘tayotgan forumda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan doktor Artur Laffer davlat boshqaruvi sohasi mutaxassisi Aziza Umarova savollariga javob berib, soliq siyosati bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdi.

 —  Haqiqatan, agar hukumat soliq stavkalarni pasaytirib, yukni kamaytirsa-yu, soliq bazasi kengaymay, byudjetga tushum ko‘paymasa, nima bo‘ladi?

Tamakiga qo‘yilgan soliq, asosan, aholi salomatligini saqlashdan kelib chiqib, o‘rnatiladi. Xavfsiz yo‘llarni barpo etishda tezlikni oshirmaslik uchun jarima qo‘llanadi.

Lekin nega daromadi past bo‘lgan aholi katta miqdordagi soliqqa tortilishi kerak? Nega ish o‘rni yaratib, arzon va sifatli mahsulot ishlab chiqarayotgan kompaniya ko‘proq soliq to‘lashi kerak? Biz endilikda sifatsiz va qimmat mahsulot ishlab chiqarib, ish o‘rnini qisqartirishi uchun ularni soliqqa tortmaymiz.

Yuqorida aytganimdek, tamaki uchun qo‘yilgan soliq ham g‘aznani to‘ldirish uchun belgilanmagan, jarimalar byudjetni to‘ldirmaydi. Korxonalarga katta soliq solib, tushum o‘sishini ham kutish mumkin emas.

Islom atoqli olimi Ibn Haldun o‘zining «Muqadimma» asarida shunday deydi:

«Sulolalar tarixining avvalida soliq yuki kam bo‘lgan, g‘azna esa to‘lib toshgan. Hokimiyat inqirozga yuz tutgan davrga kelib, soliq yuki katta, g‘azna esa bo‘m-bo‘sh edi».

Rivojlanayotgan davlatlar rivojlangan davlatlar tajribasiga nazar tashlasin, uning bugungi kundagi amaliyotiga emas.

Soliq yuki kamaytirilishi soliq to‘lovchilar soni ortishiga olib keladi. Ya’ni daromad past inson ham soliq to‘lashga qurbi yetadi, soliq bazasi kengayadi, iqtisodiyotda faol bo‘lgan jamiyat a’zolari ko‘payadi. Stavkaning oshirilishi kutilmagan salbiy oqibatlarga sababchi bo‘ladi.

Masalan, kuchukni tepsangiz u qochib ketadi, qaerga ketishi esa noma’lum. Agar uni parvarish qilsangiz, endi kuchukning qaerda bo‘lishini albatta bilasiz. Katta soliq yuki ham bir narsadan mujda beradi: daromadlarni yashirish lozim. Jamiyat shu o‘y bilan ish boshlaydi va faoliyatini davom ettiradi.

—  Davlat tasarrufidagi korxona va ishlab chiqarish kompaniyalarini xususiylashtirish masalasiga nima deysiz? Uni amalga oshirishda yodda saqlash lozim bo‘lgan tanqidiy omil nimada? Shunday sharoitda byudjetga tushum kamayib ketmasligi kafolati saqlanib qoladimi?

—  Davlat tasarrufidagi korxonalari haqiqatan  davlat tasarrufidagi sifatida nomiga munosib bo‘lishi kerak. Ular mudofaa, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi masalalarda faoliyat olib boruvchi birliklar bo‘lsa, biznes hukumat qaramog‘idan uzoqroqda bo‘lishi lozim. Hukumat o‘zi bilgan ishni yaxshiroq qilishiga imkoniyat bo‘lishi lozim. Odatda u biznes bilan shug‘ullanmaydi, temir yo‘llar, qishloq xo‘jaligi, aviakompaniyalar xususiy qo‘lga o‘tishi lozim. Ishoning, davlat biznesni samarali boshqara olmaydi. 

Misol uchun, Turkiya mamlakatda xususiylashtirish jarayonini ancha avval boshlagandi, 2008-2016 yillar oralig‘ida bu ishlar yanada jadal davom etdi. Ularning havo yo‘llar kompaniyasi faoliyatini tahlil etsangiz, davlat tasarrufidagi ancha-muncha kompaniyadan ko‘ra samarali va daromadli ekaniga amin bo‘lasiz. Menimcha, bular tushumlarning kamayib ketishiga sabab bo‘lmaydi.

Ma’lumot uchun, Artur Laffer AQShning 40-prezidenti Ronald Reygan va Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri Margaret Tetcher xonimga maslahatchi bo‘lgan. Uning nomi bilan ataluvchi Laffer effekti esa iqtisodiyotda soliqlarni kamaytirish orqali soliq tushumini ko‘paytirish holatiga nisbatan ishlatiladi. U «Jahon inflyasiya fenomenni» va «Soliqlardan qochishning iqtisodiy nazariyasi» kabi qimmatli asarlar muallifidir.

kun.uz saytidan olindi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Germaniyaning SPRINGER NATURE kompaniyasi tomonidan “O‘zbekistonning fan va ta’lim uchun elektron axborot resurslari. SPRINGER NATURE ma’lumotlar bazasi” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi.

O‘tkazilgan seminar davomida “Ilmiy tadqiqot faoliyatida Springerlink platformasidan foydalanish”, “Tadqiqot mavzusiga yuqori reytingli jurnallarni va tadqiqot mavzusidagi maqolani tanlash”, “Yuqori sifatli maqolani tayyorlash va uni chet el jurnallarida nashr etish”, “Springer Nature”da monografiya tayyorlash va nashr qilish” kabi mavzular taqdim etildi va ishtirokchilar tomonidan muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, SPRINGER NATURE 1842-yildan beri mavjud bo‘lgan dunyodagi eng yirik ilmiy nashriyotlardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va SPRINGER NATURE kompaniyasi o‘rtasida imzolangan memorandumga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi kutubxonalari, ilmiy va ilmiy-tadqiqot markazlari 2019 yil may va iyul oylari mobaynida SPRINGER NATURE ilmiy va ta’lim resurslariga bepul kirish imkonini beradi. Ushbu resusrlar ro‘yxatida 3000 dan ortiq ilmiy darajali jurnallar joy olgan.

 

Bugun, 13-iyun kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ito Nobuaki bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida elchi janoblari tomonidan Yaponiyaning O‘zbekistonga kiritayotgan investitsiyalar sohalari, talabalar almashinuvi loyihasi doirasida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan JAICA va Yapon markazi hamda ko‘p tarmoqli davlat grantlari haqida ma’lumotlar berdi.

Yaponiyaning iqtisodiy samaradorligini ta’minlovchi omillar nimalardan iborat degan savolga, buning zamirida maktabda olinadigan ta’lim, oliy ta’limdagi yuqori o‘zlashtirish, ta’limga qaratilayotgan rag‘bat hamda an’analar yotganligini aytib o‘tdi.

Korporativ boshqaruv fakulteti hamda Jahon iqtisodiyoti kafedrasi tomonidan tashkil etilgan uchrashuv davomida elchi janoblari o‘zini yuksak madaniyat sohibi sifatida tutib, talabalar bilan do‘stona muloqot qildi. Martabali mehmon hatto talaba savoliga javob berish uchun sahnadan (sahnaning balandligi 1,2 m.) yoshlarga xos abjirlik bilan pastga sakrab tushdi.