YANGILIKLAR

Kun: 24.12.2018

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.Unda universitet rahbariyati, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari, kafedra mudirlari, guruh murabbiylari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

 

O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor G‘ofurjon Zaxidov kirish so‘zi bilan ochiq muloqotni ochib, bugungi kunda malakali kadrlarni tayyorlash, ta’lim tizimiga davlat darajasida berilayotgan e’tibor va bu boradagi dolzarb vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi. Ayni kundagi ta’lim sohasidagi islohotlardan pirovard maqsad, o‘sib kelayotgan yoshlarimizning kuchli bilim va ilm egalari bo‘lib, yaxshi mutaxassis kadrlar qilib tayyorlashdan iboratligi haqida so‘z yuritdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari, Toshkent Xalqaro Vesminster universitetining rektori Komiljon Karimov o‘z so‘zida Jamoatchilik kengashining tashkil etilishining bugungi ahamiyati haqida gapirib o‘tdi. Jamoatchilik kengashining turli soha vakillaridan iborat bo‘lgan tarkibda tashkil etilishdan maqsad va uning asosiy vazifalariga yig‘ilganlar e’tiborini qaratdi. Ta’lim tizimidagi muammo va kamchiliklar, taklif va mulohazalarni o‘rganib chiqib, ularni bartaraf etish va keyingi ishlab chiqiladigan konsepsiyalarda, strategik rejalarda hisobga olinishi haqida gapirib berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-dekabr kuni zamonaviy kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘ldirish, bilimli yoshlarni strategik sohalarga jalb etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazgan yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar, 2017-2021 yillarda Oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosi soha xodimlaridan ulkan mas’uliyatni talab qiladi. Aytib o‘tish kerakki, joriy yilda mamlakatimizda 13 ta yangi oliy ta’lim muassasasi, jumladan, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallari tashkil etildi. Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishlari boshlab yuborildi. Shu bilan bir qatorda OTMga qabul kvotasi cheklovlarini bekor qilish va moliyaviy erkinliklar berish, har bir OTM o‘z ta’lim jarayonidagi muammo va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf qilish imkonini berishi haqida ham to‘xtalib o‘tish zarur.

 

 

Shundan so‘ng ma’ruzachi yig‘ilgan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarni fikr-muloxazalari va takliflari bilan qiziqdi.

So‘zga chiqqan Sanoat iqtisodiyoti kafedrasining professori Baxtiyor Salimov aholini bilim darajasini oshirishga qaratilayotgan e’tibor, ya’ni ilmiy darajasini ko‘tarishga bo‘layotgan harakatlar haqiqatdan ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilayotganligi, bu mamlakatimizning ilmiy salohiyatini oshishi uchun eng zo‘r imkoniyatlardan ekanligini takidlab, shu bilan bir qatorda qabul kvotasi cheklovlarini bekor qilish yaxshi natija berishini, lekin ularni ishga joylashtirishda yana professor-o‘qituvchilarni jalb qilinishi, ularnining ilmiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lishlari va o‘z ustida ishlash uchun vaqtni qisqarishiga ham sabab bo‘lishi, bu holat bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish kerakligi haqida aytib o‘tdi.

Universitet Kasaba uyushma qo‘mitasining raisi, Ijtimoiy fanlar kafedrasini mudiri Azamat Muxtorov hozirgi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy islohatlarda har bir inson qaysi sohada bo‘lishidan qat’i nazar o‘z sohasida hissasini qo‘shmas ekan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar oldinga siljimasligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

 

 

Ekonometrika kafedrasining mudiri Dilmurod Rasulev yig‘ilishda bildirilgan fikrlar va berilayotgan takliflar tezda o‘z yechimini topmasligi, lekin yig‘ib, o‘rganib chiqib, kelgusida stratigik rejalarni ishlab chiqishda inobatga olinsa samarali natija berishi mumkinligi haqida hamda ta’limdagi faoliyatimizni tizimli tartibga soluvchi takliflar asosida strategik maqsadlarga erishish «Yo‘l xaritasini» ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo‘lishini aytib o‘tdi.

Ekonometrika kafedrasining katta o‘qituvchisi Rahim Majidov bu borada OTMda ishlar to‘g‘ri tashkil etilganligi, lekin aholi doimiy yashaydigan mahallalarda bu bo‘yicha yetarlicha ma’lumotlarni yo‘qligi, aholini iqtisodiy va huquqiy savodxonligin oshishiga to‘siq bo‘layotganligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Buxgalteriya hisobi kafedrasining katta o‘qituvchisi F. Temirov mutaxassis kadrlarni tayyorlashda o‘tilayotgan fanlar sonini minimum darajagacha qisqartirib, asosiy kerakli bo‘ladigan fanlarni o‘qitishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Iqtisodiyot fakultetining dekani Alisher Qobilov mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tuzilgan o‘quv va ishchi rejalarni ishlab chiqarish korxonalari bilan qayta ko‘rib chiqqan holda o‘qitishni tashil etish kerakligi haqida to‘xtaldi.

 

 

Universitet birinchi kurs doktoranti Xurshid Ergashev berilayotgan takliflarni hayotiy bo‘lishini ta’minlash maqsadida oilalarga, oiladagi ota-onalarga ham yetib borishi maqsadga muvofiqligi haqida to‘xtaldi.

Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti 2-bosqich talabasi R. Olimjonova darslarga korxona va tashkilotlardan amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar jalb etishni ko‘paytirish, dars jarayoni yanada qiziqarliroq o‘tgan bo‘lar edi, deb o‘z taklifini berib o‘tdi.

2-bosqich talabasi X. Mirziyodov darslarimizga o‘zaro almashish asosida Respublikamizdagi boshqa oliy ta’lim muassasalaridan professor-o‘qituvchilarni jalb etgan holda mahorat darslarini o‘tkazib borsak yana ham samarali dars o‘tishga erishgan bo‘lar edik, deb ta’kidladi.

Sharq yulduzi jurnali bosh muharriri Sirojiddin Raupov berilayotgan takliflar va bildirilayotgan fikrlar o‘rinli ekanligini, lekin ularga ruh, jon hamda ma’nafiy qiyofa berishlikni ham unutmasligimiz, buning uchun ko‘proq kitoblar, jurnallar va gazetalar o‘qib turishimiz lozimligiga ham to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birgalikda o‘z ishlarimizni olib borishda “ommaviy madaniyat”ga ham berilib ketmasdan, ularga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishimiz kerak, deb ta’kidladi.

Uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar yuqorida ta’kidlangan masalalar yuzasidan o‘zlarining fikr-mulohazalarini ham bildirib o‘tdilar. Professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan to‘liq, tushunarli tarzda javob berildi.

Shuningdek, uchrashuv so‘ngida muhokama qilingan masalalar yuzasidan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarga ko‘rib chiqilgan masalalar doirasida tegishli tavsiyalar ham berildi.

Uchrashuv yakunida G‘ofurjon Zaxidov barcha ishtirokchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirgan holda uchrashuvni yakunladi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Korporativ boshqaruv kafedrasi tomonidan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Unda integratsion korporativ hamkorlik diorasidagi hamkor tashkilot ekspertlari, kafedra professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdilar.

 

 

O‘zaro innovatsion hamkorlikni tashkil etish, uni amalga oshirish rejasiga muvofiq, o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminarda “Aksiyadorlik jamiyatlarida innovatsion boshqaruvni shakllantirish orqali ularning raqobatbardoshligini oshirish yullari” mavzusi muhokama qilindi.

Ilmiy-amaliy seminarni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sherzod Mustafaqulov ochib berdi.

Shundan so‘ng, ilmiy-amaliy seminarda hamkor tashkilotlar vakillari o‘zlarining tadqiqot mavzulari doirasida ma’ruza qilishdi. Jumladan, “O‘zkimyosanoat” AJ bo‘lim boshlig‘i Shaxlo Bibutova “Совершенствование системы химическом отрасли на современном этапе реформирования экономики” mavzusida, “O‘zeltexsanoat” AJ, bosh mutaxassisi Nomoz Toshipov “O‘zeltexsanoatning innovatsion siyosati” mavzusida, Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Xususiylashtirish, raqobat va korporativ boshqaruvni rivojlantirish muammolarini tadqiq etish markazi direktori o‘rinbosari v.v.b. Zufar Ashurov “O‘zbekiston korporativ boshqaruv tizimini innovatsion rivojlantirish istiqbollari” mavzusida, “Coca-Cola ichimligi Uzbekiston, Ltd.” MChJ bojxona ishi bo‘yicha supervayzeri Otabek Botirov “Роль фондового рынка в развитии системы корпоративного управления” mavzusida, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti MMKB-01 guruhi talabasi Nafisa Shodieva “O‘zbekistonda raqobat muhitini takomillashtirish yo‘llari” mavzusida taqdimot qilishdi.

 

 

Seminardagi muhokamalar jarayonida ishtirokchilar aksiyadorlik jamiyatlarida innovatsion boshqaruvni shakllantirish orqali, ularning raqobatbardoshligini oshirish yullari bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Semirnar qatnashchilariga tinglovchilar tomonidan qiziqarli va dolzarb savollar berishdi, seminarning savol-javob qismi interfaol tarzda olib borildi. Seminar so‘ngida Korporativ boshqaruv kafedrasi mudiri Dilorom Begmatova ilmiy-amaliy seminar mazmunli va foydali bo‘lganini ta’kidlab, seminar qatnashchilari va tinglovchilarga minnatdorchilik bildirib, seminarni yakunlab berdi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Jahon iqtisodiyoti kafedrasi mudiri boshchiligida professor-o‘qituvchilar va Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar ta’lim yo‘nalishi talabalari “Artel Engineering and management” MChJ ga tashrif buyurdilar. Mazkur tashrif “Artel”ning Toshkent shahri Mahtumquli ko‘chasida joylashgan ishlab chiqarish komplekslariga uyishtirildi. Aynan bu kompleksda “Artel” va “Ariston” brendi ostida konditsioner, televizor, changyutkich va mikroto‘lqinli pechlar ishlab chiqariladigan bo‘lib, yana shunday 4 ta korxona faoliyat yuritadi. Maishiy texnikaning barcha turlarini ishlab chiqaradigan “Artel” mahsulotlarining sifatiga katta e’tibor qaratadi.

  

 

Bu yerda boshqaruv tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ishlab chiqarish liniyalarida ishlovchi ishchilarning havfsizligiga alohida e’tibor qaratilgan. Ishchilarning ishga kelib-ketishlari va ish paytidagi holatlari to‘liq nazoratga olingan, ish vaqtidagi xavfsizlik bilan bog‘liq javobgarlik yo‘lga qo‘yilgan. Ishchilar dam olishlari uchun “12 soat tizimi” yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu har bir ishchi bugun birinchi smenada ishlasa, 12 soat dam oladi va ertasi kuni ikkinchi smenadan ishga tushadi va bugun ikkinchi smenada ishlagan ishchi 12 soat dam olib birinchi smenadan ishga tushishi natijasida ko‘proq dam oladi va ruhiy zo‘riqish bilan bog‘liq muommolarga duch kelishdan uzoqlashishini anglatadi.

Shuningdek, kelasi yildan ishchilarga yillik qo‘shimcha dam olish kunlari berishni kengaytirish va ish vaqtida jabrlanganlarga sog‘liqni tiklash bilan bog‘liq harajatlarni to‘liq qoplab berish tizimini joriy etish rejalashtirilgan. Kompleksda ishchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida har 6 oyda maxsus sifat tekshiruvi o‘tkaziladi.

 

 

Ushbu kompleksda 2 ta ishlab chiqarish liniyasi ishlaydi: biri to‘liq hajmda konditsioner ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lsa, boshqasi changyutgich, televizor  va mikroto‘lqinli pechlar ishlab chiqaradi. Har bir mahsulot jami 11 ta bosqichdan o‘tadi. Dastlabki sakkiz bosqich tovarni yig‘ish bilan bog‘liq, keyingi boshqichlarda, qadoqlash jarayoniga o‘tkaziladi. Bu yerda maxsus qadoqlash uskunalari yordamida qadoqlanadi va so‘ngi bosqichga yo‘l oladi. So‘ngi bosqich: qayta tekshiruv” deyiladi va bu bosqichda har 50 ta mahsulotdan biri qadoqdan ochiladi va ishlashi to‘liq tekshiriladi. Agar bu bosqichda mahsulotda nuqson aniqlansa, shu qatordagi 50 ta mahsulotning bari qayta yig‘ishga jo‘natiladi. Kompleksda ishlab chiqarish liniyalari zamonaviy texnikalar bilan boyitilganligi bizni hayratga soldi.

 

 

“Artel”ning ishlab chiqarish kompleksida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar detallarining asosiy qismi mahalliylashtirilgan. Metall qismlar “Angren metal zavodi”dan, plastmas qismlar esa, Jizzahdan keltiriladi va shu yerda yig‘iladi. Import detallar esa, yaqin hamkorlar bo‘lmish Yaponiyaning “Shivaki” va Janubiy Korreyaning “Samsung” kompaniyalaridan keltiriladi. Kompleks mtaxassislari ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kelajakda konditsioner ishlab chiqaruvchi dunyoning eng  yetakchi kompaniyasi “Carrier” bilan hamkorlik o‘rnatilishi kutilmoqda.

Tashrif davomida professor-o‘qituvchilar va talabalarga hamrohlik qilgan xodimlar juda xushmuomala bo‘lishdi va ularni qiziqtirgan barcha savollarga xolisona javob berishga harakat qilishdi. Tashkilotchilar kerak bo‘lsa, har bir detall uchun alohida to‘xtalib, nimadan qilinganini, qanday qilinganini, nima uchun ishlatilishini va vazifasini to‘liq tushuntirib berishdan erinishmadi.

 

 

Mazkur amaliy dars mashg‘uloti talabalarda yuqori taassurot qoldirdi. Ekskursiya davomida shunga amin bo‘lindiki, korxonada mahsulot sifatiga katta e’tibor qaratilar ekan. Tashrif buyuruvchilarning guvohi bo‘lganidek “Artel” mahsulotlariga bo‘lgan salbiy fikr noto‘g‘ri. “Artel – sifatsiz”, “Artel – uch kunlik mahsulot” kabi gap-so‘zlar o‘z tasdig‘ini topmadi, aksincha, yig‘uv jarayoni naqadar qunt bilan, sifatli darajada bo‘lishini ko‘rsatdi. Endi boshqalarga “Artel” mahsulotlarini bemalol taklif etishimiz mumkin.

“Artel” biz o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq ishlarni amalga oshirgan. O‘z mahsulotlarinining sotuvini dunyo bozoriga ildamlik bilan olib chiqmoqda. O‘zining yuqori texnologik ishlab chiqarish liniyalari tufayli mahsulotlarning sifatini oshirishga erishmoqda, bu esa xaridorlarning ishonchini oqlaydi. Hozirda kompaniya o‘z mahsulotlarini barcha chegaradosh respubliklardan tashqari, Ozarbayjon, Belorussiya va Ukraina kabi davlatlarga ekport qilmoqda. Injinerlar esa, yangi, ekportbop mahsulotlar qatorini kengaytirish ustida tinimsiz ishlashmoqda

 

Jahon tillari kafedrasi o‘qituvchilari Buxgalteriya hisobi va audit fakultetining 1-bosqich talabalari bilan birgalikda Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyiga tashrif buyurdilar.

 

 

Benazir mo‘yqalam ustasi Kamoliddin Behzod ijodiga mansub asarlarni tomosha qilish vaqtida inson muallifning Sharq miniatyura san’atiga hayotiylik, haqqoniylik – realizmni olib kirganligiga guvoh bo‘ladi. Muzey fondida saqlanayotgan qadimiy va zamonaviy eksponatlar, shu jumladan, “Kitobat san’ati va miniatyura bo‘limi” rang-tasvir asarlari kishini hayolot ummoniga g‘arq qiladi. O‘z tarixini teran anglashga, ajdodlar merosi bilan g‘ururlanishga bo‘lgan tuyg‘ularini uyg‘otadi.

 

 

O‘zining takrorlanmas ijodi, go‘zal san’ati va ajoyib mahorati bilan nafaqat Sharq xalqlari, balki butun dunyo xalqlari madaniyati tarixida sezilarli iz qoldirgan, uning taraqqiyoti uchun barakali hissa qo‘shgan zabardas musavvir Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyidagi ko‘rgazmalar talabalarda katta taassurot qoldirdi.

 

 

Kasb talimi (iqtisodiyot) kafedrasi tomonidan “Talimni modernizatsiyalashda innovatsiyalarni qo‘llashning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida korporativ-innovatsion hamkorlik doirasida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbirni ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sherzod Mustafakulov kirish so‘zi bilan ochib, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini takomillashtirish, ulardagi ta’lim tarbiya, o‘quv-uslubiy jarayonlar, adabiyotlar, axborot ta’minoti sifatini oshirish, pedagogik kadrlar bilan ta’minlanishi va ularning kasbiy mahoratini oshirish ishlarida TDIU professor-o‘qituvchilarining oldida turgan dolzarb vazifalar xususida gapirib o‘tdi.

 

 

Korporativ-innovatsion hamkorlik doirasida tashkil etilgan seminarda ma’ruzachilar tomonidan “Ta’lim sifatini oshirishda innovatsiyalarni qo‘llashning ustuvor yo‘nalishlari”, “Kasb-hunar ta’limini modernizatsiyalashda konseptual yondashuv”, “Kasb-hunar ta’limi muassasalarida mutaxassislik fanlarini o‘qitishning innovatsion usullari”, “Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarida bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga innovatsion yondashuv”, “Iqtisodiy ta’limni tashkil etishda o‘qituvchining innovatsion faoliyatini takomillashtirish”, “Ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvda o‘zaro muloqotning ta’siri”, “O‘zbekiston Oliy ta’lim tizimini takomillashtirishda Bolonya jarayonini joriy etish masalalari” kabi mavzular taqdim etildi.

Kasb talimi (iqtisodiyot) kafedrasi katta o‘qituvchisi Gulnora Musaxonova ilmiy rahbarligida Ke-77 guruh talabalari tomonidan yaratilgan o‘quv mashg‘ulotlarining mustaqil ta’limiga innovatsion yondashuvlaridan videorolik namunalari namoyish etildi. Mutaxassislar va ishtirokchilar ushbu namunalarni amaliyotda qo‘llash borasida o‘z taklif va mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Ilmiy-amaliy seminarda Maktabgacha ta’lim rahbar xodimlarni malakasini oshirish markazi, Kasb-hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagogik kadrlarni malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti vakillari, Sirg‘ali tumani 6-sonli maktab o‘qituvchilari, universitet professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, magistratura bosqichi tinglovchilari va talabalar ishtirok etdi.