YANGILIKLAR

Kun: 19.12.2018

Yoshlarda kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish, bu boradagi ko‘nikmalarni yanada kamol toptirish, savodxonlik darajasini oshirish, shuningdek, ularning intelektual bilim salohiyatlarini rivojlantirish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari o‘rtasida “Eng faol kitobxon bilimdonlar” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tanlov davomida talabalar kichik akademik guruhlarga bo‘lingan holda ixtiyoriy ravishda o‘zlari sevib, qiziqib o‘qiydigan asarlarini tanlab, ularning mazmun-mohiyatini ochib berishga harakat qildilar.

Tanlov shartlariga ko‘ra, talabalar o‘z bilim va mahoratlarini taqdimotlar orqali to‘la-to‘kis ifoda etishlari, asarning g‘oyasini kichik sahna ko‘rinishlari, videoroliklar yordamida tushuntirib bera olishlari va eng muhimi “Siz bu asarni nima uchun tavsiya etasiz?” degan savolga javob bera olishlari kerak edi. Har bir kichik guruh uchun bittadan asar tanlangan va bu asar boshqa guruhlarda takrorlanmagan. Talabalar o‘zlariga yuklatilgan vazifani iqtidorlari, bilim va salohiyatlari doirasida bajarishga muvaffaq bo‘ldilar.

 

 

Talabalar tomonidan G‘afur G‘ulomning “Shum bola”, William Shekspirning “Romeo va Juletta”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, Chingiz Aytmatovning “Asirga tatigulik kun”, Sherlock Xolmes va doktor Watsonning sarguzashtlari, Oybekning “Qutlug‘qon” kabi o‘zbek va dunyo adabiyotining eng sara, durdona asarlari tanlab olindi.

Ko‘rik-tanlov doirasida talabalar nafaqat o‘z iqtidor va bilimlarini namoyish etishdi, balki guruhlar bilan ishlash qobiliyatini rivojlantirishga, sahnada o‘z hayajonlarini yengib aniq, tushunarli va ravon nutq so‘zlash mahoratlarini o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘ldilar. Bundan tashqari tanlov hay’ati a’zolari hisoblangan universitetning yetuk va malakali o‘qituvchilari tomonidan talabalar yo‘l qo‘ygan kichik xato va kamchiliklar aytib o‘tilib, ularni bartaraf etish uchun talabalarga bir qancha maslahatlar berildi.

 

 

Tanlov barcha talaba yoshlarni, kelajak avlodni kitobga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga, ularda kitobga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otish hamda kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirishga bir zamin bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bir so‘z bilan aytganda kitob – bu inson qalbining chinakkam hamrohi, aql va fikr qayrog‘idir.

Ozoda YUNUSOVA, MI-75 guruh talabasi.

Ilmiy va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi talabalar o‘rtasida innovatsion muhitni shakllantirish, yaratuvchanlikni oshirish, innovatsion g‘oyalarni tijoratlashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida «Eng yaxshi ilmiy-innovatsion g‘oyalar» tanlovini e’lon qiladi.

Tanlovda bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari ishtirok etishlari mumkin.

Tanlovdan kutilayotgan maqsad:

ilmiy-innovatsion fikrlash va kreativligini oshirish;

ilmiy-innovatsion ishlanmalarni yaratish hamda uni tijoratlashtirish bo‘yicha malaka va ko‘nikmalarni shakllantirish;

fan va ishlab chiqarish integratsiyasining istiqbolli yo‘nalishlariga muvofiq ilmiy ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantirishdan iborat.

Tanlov quyidagi yo‘nalishlar (nominatsiyalar)da tashkil etiladi:

1. Eng yaxshi innovatsion loyiha.

2. Eng yaxshi biznes g‘oya.

Tanlov shartlari va amalga oshirish bosqichlari:

Birinchi bosqichda, tanlov ishtirokchilari o‘z g‘oyalarini Word formatida (yuklab olish) shaklni to‘ldirgan holatda (o‘zbek, rus yoki ingliz tilida) 2018 yil 15 fevralgacha quyidagi elektron pochta manzili (tijoratlashtirish@tsue.uz)ga yuborishlari lozim.

Ikkinchi bosqichda, saralab olingan ishtirokchilar o‘z takliflarini hay’at a’zolariga taqdim etadilar. Taqdimot uchun 10 daqiqa va savollar uchun 5 daqiqa vaqt ajratiladi. Ushbu taqdimot hay’at a’zolari tomonidan quyidagi mezonlar asosida maksimal 100 ballik tizim asosida baholanadi.

1-mezon: g‘oyaning innovatsionlik darajasi – maksimal 25 ball

2-mezon: g‘oyaning hayotga tatbiq etilish darajasi – maksimal 25 ball

3-mezon: g‘oyaning ijodkorlik darajasi – maksimal 25 ball

4-mezon: g‘oyaning tijoratlashtirish darajasi – maksimal 25 ball

Ishtirokchilar o‘z innovatsion g‘oyalarida yurtimiz taraqqiyoti hamda iqtisodiyotimizning innovatsion rivojlanishiga qo‘shadigan hissasi haqida qisqacha ma’lumot berishlari lozim.

Hakamlar hay’ati tomonidan yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib, deb topilgan ishtirokchilar maxsus sertifikat hamda moddiy mablag‘ bilan taqdirlanadi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha quyidagi pul-mukofotlari taqdim etiladi:

1-o‘ringa – 1,0 mln. so‘m.

2-o‘ringa – 0,7 mln. so‘m.

3-o‘ringa – 0,5 mln. so‘m.

t.me/tijoratlashtirish manzilidan loyihalarning taqdim etish shaklini yuklab olishlari mumkin. (telegram: @tijoratlashirish) Yoki bu yerdan yuklab oling ? Taklif shakli

Qo‘shimcha ma’lumot uchun Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limiga murojaat qilishingiz mumkin.

Tel: (71)239-29-57

Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari kafedrasi tomonidan “Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish jarayonida korxona va tashkilotlar faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning zamonaviy jihatlari” mavzusida ilmiy seminar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Banklar assosiatsiyasi, “O‘zbektelekom” AK, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirsh markazi vakillari, mutaxassislar, akademiklar, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

 

 

Seminarda ma’ruzachilar tomonidan “Raqamli iqtisodiyot shakllanishi sharoitida blokchayn texnologiyasini rivojlantirishning asosiy yo’nalishlari”, “Milliy iqtisodiyotda AKTdan foydalanishning asosiy jihatlari”, “»Uzmobile» mijozlariga xizmat ko’rsatish tarmog’ini takomillashtirishning asosiy yo’nalishlari”, “O‘zbekiston Respublikasi “Elektron hukumat” tizimi va uning vazifalari”, “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali”, “O‘zbekiston Respublikasida statistika axborotlarini qayta ishlash jarayonida zamonaviy axborot tizimlarini qo‘llash”, “Kichik biznes subyektlari faoliyatida axborot kommunikatsiya texnologiyalarni qo‘llash” kabi mavzular taqdim etildi.

 

 

Ishtirokchilar tinglangan ma’ruzalarni keng muhokamaga kirishdilar, o‘z fikr-mulohazalarini bayon qilib, qiziqtirgan savollar yuzasidan ma’ruzachilarga murojaat qildilar.