YANGILIKLAR

Kun: 17.12.2018

Ma’lumki, giyohvand moddalarning g‘ayriqonuniy ravishda muomalaga kiritilishi bugungi kunda eng jiddiy transmilliy xavf-xatarlardan biriga aylanib bormoqda. Hozirda dunyoning barcha mintaqalarida xalqaro narkobiznes va u bilan bog‘liq jinoyatchilikning kengayib borishi kuzatilmoqda. Bu esa jahon hamjamiyatidan qat’iy va muvofiqlashtirilgan xatti-harakatlarni amalga oshirish, giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish, qolaversa, giyohvandlik moddalari va ularga qarshi kurashish chora-tadbirlarini yanada kuchaytirishni talab etmoqda.

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tgan tadbir aynan giyohvandlikka qarshi kurashish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan bo‘lib, ushbu tadbir “Giyohvandlik – asr vabosi, undan yoshlarimizni asraylik” deb nom olgan.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutassadiligida, Vazrlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

 

 

Ushbu tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad – yoshlar orasida giyohvand vositalarni olib kirish, tarqatish va saqlash bilan bog‘liq turli jinoyatlarning oldini olish, qolaversa, talaba-yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini tatbiq etishdan iboratdir.

Ta’kidlash lozimki, bu kabi tadbirlar giyohvandlikka qarshi kurashish, narkotik moddalarning, noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq muammolarga jamiyat e’tiborini qaratish, aholi orasida giyohvandlikning salbiy oqibatlari haqida bilimlarni oshirish, sog‘lom turmush tarzini tadbiq etish orqali yosh avlodni tarbiyalashga munosib hissa qo‘shadi.

Tadbir davomida yoshlarga giyohvandlik tushunchasi, giyohvandlik va psixotrop moddalar, ularning noqonuniy faoliyati bilan bog‘liq javobgarlik choralari, hamda giyohvand vositalarning inson organizmiga salbiy ta’siri to‘g‘risida talaba-yoshlarga ko‘rgazmali slaydlar asosida batafsil ma’lumotlar berildi.

 

 

Shuningdek, tadbirda xalqaro me’yorlarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish va shu orqali me’yoriy-huquqiy negizni yanada takomillashtirish, narkotik moddalar va ular prekursorlarining noqonuniy aylanishi ustidan nazoratni ta’minlash hamda bu boradagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, shu bilan bir qatorda mahallalar, ayniqsa yoshlar orasida tarbiyaviy-ma’rifiy va profilaktik chora-tadbirlarni tizimli olib borishga doir qator taklif-mulohazalar bildirildi.

Uchrashuv so‘ngida muhokama qilingan masalalar yuzasidan talaba-yoshlarga bu borada tegishli tavsiyalar berildi.