YANGILIKLAR

Kun: 15.12.2018

2018-yil 18-dekabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirishda xalqaro standartlarni joriy etish: muammo va yechimlar» mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tadi.

Mazkur anjuman Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi tomonidan «Xalqaro standartlarni joriy qilish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirish uslubiyotini takomillashtirish» mavzusidagi OT-F1-161 fundamental tadqiqot loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Fanlar akademiyasi akademiklari, Qishloq va suv xo‘jaligida standartlashtirish markazi, Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi, “O‘zbekoziqovqat” xolding kompaniyasi, Standartlashtirish metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha malaka oshirish markazi mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiotchilar va talaba-yoshlar ishtirok etadi.

Respublika ilmiy-amaliy anjumani yalpi majlisidan so‘ng quyidagi mavzularda 4 ta sho‘’ba faoliyat yuritishi belgilangan:

Iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida xalqaro standartlarni joriy etishning ilmiy-amaliy asoslari;

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash tizimida hamda oziq-ovqat sanoatida Global GAP va ISO 22 000 HACCP xalqaro sifat standartlarini joriy etish orqali mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish yo‘llari;

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati tarmoqlarida xalqaro standartlarni joriy etishning mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga ta’siri masalalari;

Iqtisodiyotning real sektori mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirish orqali eksport salohiyatini mustahkamlash va logistika tizimlarini rivojlantirish yo‘nalishlari.

Tadbir 2018-yil 18-dekabr kuni soat 10:00da Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 2-bino majlislar zalida boshlanadi.

 

 

Oldin xabar berganimizdek, poytaxtimizdagi Tashkent Hyatt Regency mehmonxonasida “Mehnat sohasi istiqboli: Xalqaro mehnat tashkilotining 100 yilligi arafasida munosib bandlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning dastlabki yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Konferensiya kun tartibidan aholi bandligini ta’minlash, munosib ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy himoya va xavfsiz mehnat migratsiyasi tizimini yanada takomillashtirish kabi dolzarb masalalar o‘rin olgan.

Xususan, “Munosib mehnat, bandlik va XMTning mehnat sohasi istiqboliga oid asosiy mezonlari” mavzusida o‘tkazilgan birinchi yalpi majlisda Xalqaro mehnat tashkilotining “Uchinchi tomon monitoringi” faoliyati doirasida amalga oshirilgan ishlar, jumladan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish, norasmiy bandlikni muvofiqlashtirish, aholining ishsiz qatlamini, ayniqsa, ayollar va yoshlarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash va bu borada XMT bilan faol hamkorlik aloqalarini davom ettirish singari dolzarb masalalar xususida fikrlar bildirildi.

 

 

Majlisning asosiy spikerlari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Tanzila Norboeva, Afg‘oniston Islom Respublikasi Mehnat, ijtimoiy ta’minot va nogironlar ta’minoti vaziri Fayzulloh Zaki, XMTning yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari Mintaqaviy byurosi direktori Xayns Kyoller va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov ishtirok etdi. Majlisda moderatorlik vazifasini O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev bajardi.

 

 

Konferetsiyaning «Munosib mehnat va aholini ish bilan bandligi» seksiyasida «O‘zbekiston yoshlarini munosib ish bilan band qilishi strategiyasi» mavzusida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasi mudiri i.f.d., prof. Gulnora Abdurahmonova ma’ruza qildi.

O‘zbekistonning mehnat sohasi bo‘yicha yangi bosqichga ko‘tarilishida mazkur xalqaro konferensiyaning muhim odim bo‘lishi kutilmoqda.