YANGILIKLAR

Kun: 14.12.2018

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida qiziqchi, kinoaktyor, karate bo‘yicha sport ustasi, «Mirzo» teatri aktyori, so‘z ustasi Valijon Shamshiev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

 

Xalqaro turizm fakulteti tomonidan tashkil etilgan “Samarali bilim olishda kulguning roli” mavzusidagi madaniy-ma’rifiy tadbirda universitet faollari, fakultet professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Ajoyib repertuarlari bilan ko‘pchilikning qalbidan joy olgan so‘z ustasi Valijon Shamshiev turli kulguli hamda xarakterli sahna ko‘rinishlari, ota-onani ulug‘lovchi, Vatanni madh etuvchi hamda tarbiyaviy ahamiyatga ega she’rlari bilan yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

 

 

Yoshlarga bilim olish va xorijiy tillarni o‘zlashtirishda muvaffaqiyat tilab, san’at va sport sohasida el suygan san’atkorlar, ustozlari bilan bo‘lib o‘tgan ibratli, hayotiy voqyealarni eslab, yoshlarni malakali mutaxassis bo‘lish uchun yoshlikning kuch-g‘ayratini sarflashi eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini aytib o‘tdi. Yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanish, ota-onalarning ezgu orzularini ro‘yobga chiqarish orqali Vatan ravnaqiga hissa qo‘shgan yigit-qiz elimiz tomonidan doimo olqishlanishini gapirib o‘tdi.

 

 

Fakultetning “Ma’naviyat kuni”da tashrif buyurib, ishtirokchilarga yuqori kayfiyat ulashgani uchun Valijon Shamsievga tashakkurnoma va o‘zida 4 ming yillik tarix yuksak mahorat bilan qalamga olingan Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asari topshirildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2019 yilda 50 nafar o‘zbekistonlik talaba va yosh mutaxassisni Germaniyada stajirovka o‘tashlarini tashkil etish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda Sharqiy Yevropa bilan ekologik muvozanat va qishloq xo‘jaligi ittifoqi LOGO e.V. tashkiloti vakillari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tadbirda mutaxassislar tomonidan universitet talabalari, bitiruvchilari, ilmiy tadqiqotchilariga mazkur stajirovka dasturi haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tildi. Jumladan, stajirovka dasturi asosan qishloq xo‘jaligi hamda turizmni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, Germaniyaning ekologik qishloq xo‘jaligi kompaniyalarida amaliyot tashkil etilishi nazarda tutilgan.

 

 

LOGO e.V. rahbari X.Mennen Sharqiy yevropa bilan ekologik muvozanat va qishloq xo‘jaligi ittifoqi va uning faoliyati haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berib, stajirovka dasturi to‘g‘risida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berdi.

 

 

Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi hamda turizmni rivojlantirishga qaratilgan mazkur dastur mamlakatimizda muhim va istiqbolli ekanligi, undan samarali foydalanish iqtisodiy jihatdan ahamiyatli ekanligi qayd etib o‘tildi.

 

 

Shuningdek, ishtirokchilar “El-yurt umidi” jamg‘armasining faoliyati, iqtidorli talabalarni jahonning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qishlarini tashkil etish, malaka oshirish va stajirovka dasturlarini amalga oshirishga qaratilgan amaliy loyihalar haqida ma’lumotlar berib o‘tildi. Xorijiy olimlar, yetakchi amaliyotchi mutaxassislarni O‘zbekistonga olib kelish va ular ishtirokida mahorat darslarini tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.

Toshkent Hyatt Regency mehmonxonasida “Mehnat sohasi istiqboli: Xalqaro mehnat tashkilotining 100 yilligi arafasida munosib bandlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tyapti.

 

 

Konferensiyaning asosiy maqsadi – munosib bandlikni ta’minlash masalalarini muhokama qilish uchun mehnat sohasi ekspertlari va professionallarini bir joyda to‘plashdan iborat.

 

 

Konferensiya jarayonida Xalqaro mehnat tashkilotining bosh direktori Gay Rayder ishtirok etmoqda. Bu XMT bosh direktorining Markaziy Osiyo mintaqasiga ilk tashrifidir. Shuningdek, O‘zbekistonga XMTning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari Mintaqaviy byurosi direktori Xayns Kyoller, XMTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari Byurosi direktori Olga Kulayeva, XMT byurosining bandlik masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Mixail Pushkin ham ishtirokchilar safida.

 

 

Tadbirda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Mehnat iqtisodiyoti va sotsialogiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari ham ishtirok etmoqda. Kafedra mudiri Gulnora Abdurahmonova bizga xabar berishicha, mazkur xalqaro konferensiyasi Xalqaro mehnat tashkilotining 100 yilligini nishonlash bo‘yicha 2019-yil dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan tadbirlarni boshlab beradi. Bu so‘nggi yillarda O‘zbekistonda mehnat huquqlari sohasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlar va amaliy harakatlarning dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotgani inikosidir.