YANGILIKLAR

Kun: 12.12.2018

Shoirga dedilar, siz baxtli inson,
Xalqingiz ardoqlar, hamma taniydi.
Shoir javob berdi: menda bir armon,
Muallim desalar meni qaniydi.
O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston qahramoni Abdulla Oripov

2018-yil 12-dekabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti doktorantlari, tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilarining ilmiy-uslubiy seminari bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tadbirni kirish so‘zi bilan universitet rektori, O‘zbekiston Respublikasi OTM rektorlari kengashi raisi Bahodir Xodiev kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Ilmiy-uslubiy seminarda “Akademikning hayot yo‘li, boy tajribalari va bugungi yosh izlanuvchilar oldida turgan muhim vazifalar olim talqinida” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Unda G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali rektori, i.f.d, professor, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi Qalandar Abdurahmonov bilan ilmiy suhbat bo‘lib o‘tdi.

 

 

Ta’kidlanganidek, bugungi zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilmoqda. Zotan, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz hal etish qiyin. Mazkur sohani va olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimizning ustuvor vazifalaridandir.

 

 

2016-yilning 29-dekabrida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari faoliyatini takomillashtirish va rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Prezident farmonida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ilm-fanning o‘rnini yanada mustahkamlash, akademiklar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash sifatini oshirishni rag‘batlantirish maqsadida bir qator muhim chora-tadbirlar belgilangan.

 

 

Ilm-fan bilan shug‘ullanish, yangi kashfiyot va ixtirolar qilish igna bilan quduq qazishdek gap. Shunday ekan, bu mashaqqatli sohada fidokorona mehnat qilayotgan olimlarimiz mehnati tahsin va rag‘batga munosib. Prezidentimiz iqtisodiyotimizning barcha sohalari taraqqiyotida ilm-fanning o‘rni, ahamiyati g‘oyat katta ekani, bu borada davlatimiz birinchi galda Fanlar akademiyasi va olimlarga suyanishini, fan va ishlab chiqarish hamkorligi bugun nihoyatda dolzarb ekanini alohida ta’kidlagan edilar.

 

 

Ma’lumki, ushbu uchrashuvda universitetimizning Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasi professori, iqtisod fanlari doktori, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi Qalandar Xodjaevich Abdurahmonov ishtirok etgan edi.

Bugungi tashkil etilayotgan uchrashuv ham, aynan, akademik Qalandar Xodjaev bilan bo‘layotganligi biz uchun alohida faxr va g‘urur tuyg‘usini baxshida etadi.

 

 

Ustoz olim Kalandar Xodjaevning hayot yo‘liga razm soladigan bo‘lsak, u kishi bugungi kunda O‘zbekiston Fanlar, Gumanitar fanlar, Xalqaro oliy ta’lim, Rossiya Federatsiyasi Mehnat va aholini ish bilan ta’minlash, Nyu-York Fanlar, Rossiya Tadbirkorlik, Rossiya Xavfsizlik, mudofaa va huquqni muhofaza qilish muammolari akademiyalarining akademigi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, Rossiya Federatsiyasi Oliy kasbiy ta’limining faxriy xodimi, Mehnat iqtisodiyoti muammolari bo‘yicha ilmiy maktab asoschisi, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining qator va medal va ordenlarilari sovrindori hisoblanadi.

Olim tomonidan 500 dan ortiq ilmiy maqolalar, shu jumladan, 50 dan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanma jahonning turli tillarida nashr etilgan.

Uchrashuv davomida ustoz olim Qalandar Abdurahmonov haqidagi “Mening ilm-fandagi hayot yo‘lim” nomli hujjatli film namoyish etildi.

Serqirra ijodkor, mohir pedagog, el suygan inson, ajoyib oila boshlig‘i Qalandar Abdurahmanov bu kabi uchrashuvlarni yana tashkil etish, ijodiy muloqotlar qilish borasida o‘z takliflarini bildirib o‘tdi. Universitet Axborot-resurs markaziga o‘z ijod mahsuli bo‘lgan “Uzbekistan: past, present and future” hamda “Buyuklar kahkashonida” kitoblarini topshirdi.