YANGILIKLAR

Kun: 07.12.2018

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26 yilligini munosib qarshi olish maqsadida “Konstitutsiya – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlarining muhim poydevori” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda O‘zbekiston “Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda partiya Siyosiy Kengashi a’zolari, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari, Toshkent shahar adliya boshqarmasi vakillari, professor-o‘qituvchilar, talaba yoshlar qatnashdi.

Tadbirda partiya Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Abdukamol Raxmonov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori Ismoil Saifnazarovlar so‘zga chiqib, Konstitutsiyamiz davlat va jamiyat rivojlanishining tamoyillari belgilab berilgan huquqiy hujjat ekanligi, yurtimiz tinch, xalqimiz farovonligini ta’minlashda, jamiyatimizning barcha jabhalarida olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotganiga hamda o‘tgan 26 yil davomida Bosh Qomusimizda belgilangan huquq va kafolatlar orqali mamlakatimizda erishilayotgan yutuqlarning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtaldilar.

Darhaqiqat, o‘zida ilg‘or milliy va umuminsoniy g‘oyalarni mujassam etgan, xalqimizning orzu-umidlarini ifodalagan asosiy qonu­ni­miz buyuk kelajak sari dadil odimlayotgan davlatimizning chinakam yo‘lchi yulduziga aylandi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ta’kidlash kerakki, Konstitutsiya biz uchun nafaqat burch va majburiyatlarni ifodalaydigan huquqiy hujjat, balki hayotimizni farovon etish, o‘z haq-huquqimizni ta’minlash, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini o‘rnatishning asosiy manbai ham hi­soblanadi. Ana shu hayotbaxsh qudratni yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikda, barcha jabhada kechayotgan jarayonlarda ko‘rish mumkin.

Jonli muloqot tarzida kechgan davra suhbatida Uchtepa tumani adliya bo‘limi mutaxassisi Abror Berdiev o‘z so‘zida talabalarga bugungi davr bergan imkoniyatlardan, konstitutsion huquqlaridan to‘liq foydalanishlari lozimligini ta’kidladi. Boisi, Konstitutsiya yoshlarning ta’lim olishlari, kasb-hunar egasi bo‘lishlarida, jamiyatda o‘z o‘rnilarini topishlarida huquqiy poydevor ekanligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, o‘tgan davr davomida bosib o‘tgan yo‘limiz va to‘plagan tajribamizni xolisona baholash, qo‘lga kiritgan yuksak marralarimizni tahlil etish shundan dalolat beradiki, xalqimizning turmushi kundan-kunga farovonlashib, yurtimizning tobora chiroy ochib borishida, jahon hamjamiyatidagi nufuzi yuksalishida Konstitutsiyamizning o‘rni beqiyosligi mutaxassislar tomonidan yoshlarga batafsil tushuntirildi.

Davra suhbatida talabalar ham konstitutsiyaga oid bilimlarini o‘zlarining fikr-mulohazalari orqali namoyon qilishdi.