YANGILIKLAR

Kun: 05.12.2018

2018-yil 4-dekabr kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida “Konstitutsiya – insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish kafolati” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ul xodimlari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari, huquqshunos olimlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

 

 

Ta’kidlanganidek, joriy yilda Konstitutsiyamiz qabul qilinganiga yigirma olti yil to‘ladi. O‘tgan davr mobaynida Asosiy qonunimizning mustaqil, demokratik davlatimiz yuksalishi yo‘lida ahamiyati beqiyos, islohotlarimiz tub zamirida esa o‘z o‘rniga ega.

Davra suhbatida mamlakatimiz o‘tgan davrda mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallagani, tom ma’noda ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tganligi, ana shu mashaqqatli va sharafli yo‘lda erishgan barcha yutuqlar, Konstitutsiyamiz tamoyillarida o‘z aksini topganligi e’tirof etildi. Boisi, asosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo‘limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.

So‘zga chiqqanlar, jamiyatning har bir jabhasi, odamlar kundalik hayoti Bosh Qomusimizda belgilangan me’yorlar bilan chambarchas bog‘liq ekanligini e’tirof etdi. Konstitutsiyani chuqur o‘rganish, hayotimizdagi ahamiyatini anglash, targ‘ibot-tashviqot ishlarini keng ko‘lamda olib borish muhim ahamiyatga ega.

 

 

Ma’ruzalarda asosiy e’tibor, Konstitutsiyamizda belgilangan ijtimoiy huquqlar bilan bir qatorda, fuqarolarning ijtimoiy himoyasi belgilab qo‘yilganligiga qaratildi. Ta’kidlandiki, bosh qomusimizda har bir insonning munosib va farovon hayot kechirishi, faol mehnat qilishi, erkin kasb tanlashi, adolatli mehnat sharoitlarida ishlashi va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanishi ustuvor etib belgilangan. Shuningdek, keksaygan hamda mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda ijtimoiy ta’minot olishi, malakali tibbiy xizmatdan foydalanishi, bilim olishi va boshqa bir qator huquqlari kafolatlangan.

Erkin fikr almashish jarayonlarida, Bosh qomusimiz davlat va jamiyat, jamiyat va shaxs, davlat hokimyatini tashkil etilishi kabi jihatlariga e’tibor qaratildi. Xususan, asosiy qonunimizda hokimiyat vakolatlari bo‘linishi prinsipi asosida davlat organlari tizimi shakllantirilganligi, huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu kons­titutsiyaviy tamoyilni hayotga izchil tatbiq qilish hokimiyatlar o‘rtasida o‘zaro munosabatlar mexanizmining samarali amal qilishi va manfaatlar muvozanatini ta’minladi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat tubdan isloh qilindi.

 

 

Deputatlar, Kons­titutsiyaga asoslangan qonunlarda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarning faqat ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazilishi qat’iy belgilab qo‘yilganligini e’tirof etib, siyosiy partiyalarning mamlakatimiz oliy qonunchilik organi, joylardagi hokimiyat vakillik organlari faoliyatidagi roli va ta’siri sezilarli darajada ortganligiga urg‘u berdi. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida turli siyo­siy fraksiyalar o‘rtasidagi raqobatning kuchayishi jamiyatning muayyan siyosiy kuchlari va ijtimoiy qatlamlari manfaatlarini ifoda etadigan g‘oyalar, dasturiy vazifalarning hayotga tatbiq etilishi kafolati bo‘lmoqda.

Davra suhbati yakunida baxtimiz qomusi bo‘lgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, uning g‘oyalari va insonlar hayotidagi ahamiyati, mamlakatimiz taraqqiyotidagi o‘rnini keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga kelishib oldilar.