YANGILIKLAR

Oy: Dekabr 2018

2018-yil 21-dekabr kuni Menejment kafedrasi tomonidan 3-bosqich MNP-91, MNP-92 guruhlarining 1-2-juftlik dars soatlari ko‘chma mashg‘ulot shaklida tashkil etildi. Darslar Olmazor tumanidagi “Bek-mega tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Sifat menejmenti” va “Ishlab chiqarish menejmenti” fanidan o‘tkazildi.

 

 

“Korxonada mahsulot sifatini boshqarish tizimi” mavzusida o‘tgan dars soati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassalarida ta’lim sifatini oshirish va ularni mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirish maqsadida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki iqtidorli talabalar uchun stipendiya tanlovini e’lon qiladi. Unda oliy o‘quv yurtining 3- va 4-kurs talabalari, shuningdek magistratura bosqichi tinglovchilari ishtirok etishlari mumkin.

Ishtirokchilar quyidagi yo‘nalishlar va mutaxassisliklarda tahsil olayotgan bo‘lishlari kerak:

– Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha);

– Iqtisodiyot (makroiqtisodiyot);

– Bank ishi;

– Statistika.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining mazkur stipendiyasi sovrindorlari o‘z iqtidorlari va qobiliyatlari bilan mamlkatimiz iqtisodiyotiga hissa qo‘shish, mehnat faoliyatini boshlash hamda eng kam ish haqining 3 barobari miqdorida qo‘shimcha stipendiya olish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan talabalar Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining fakultet dekanatlari, Magistratura hamda Iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi chet el oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlarida malaka oshirish, stajirovka o‘tash, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim olish uchun stipendiyalarga tanlov e’lon qiladi.

Ushbu stipendiyalar dasturi O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimi salohiyatini yuksaltirish maqsadida tashkil qilinayotgan bo‘lib, stipendiatlar malaka oshirish, stajirovka o‘tash, magistratura va doktorantura dasturlarini yakunlaganlaridan so‘ng oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritishlari talab qilinadi.

Jamg‘arma stipendiyalari belgilangan tartibda quyidagi dasturlarga ajratiladi:

– xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda malaka oshirishga — 2 oygacha muddatga;

– xorijiy ilmiy, ta’lim, ijod muassasalari, davlat idoralari, korxona va boshqa tashkilotlarda stajirovka o‘tashga — 6 oygacha muddatga;

– yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalarda magistratura dasturi asosida ta’lim olishga — 1-2 yil mobaynida;

– doktorantura dasturi bo‘yicha — 1- 4 yil mobaynida.

 

Jamg‘arma stipendiyalari tanlovdan o‘tgan shaxslar (stipendiatlar)ga quyidagi xarajatlarni qoplash uchun ajratiladi:

– xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda stipendiatlarni o‘qitish qiymati to‘lovi;

– stipendiatlar tomonidan viza olish (shu jumladan, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonalari talabiga ko‘ra tibbiy ko‘rikdan o‘tish xarajatlari);

– stipendiatlarning barcha turdagi transport vositalari bilan ta’lim olish joyiga yetib borish uchun yo‘lkira xarajatlari (ikkala tomonga, yiliga bir martagacha);

– xorijiy mamlakatda ta’lim olish davrida stipendiatlarning yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari;

– zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlar xarid qilish, shu jumladan darsliklar xarid qilish, ilmiy maqolalar chiqarish, maqolalar va ilmiy adabiyotlarning elektron bazasiga obuna bo‘lish (ta’lim olish dasturi boshida bir martalik to‘lov);

– xorijda ta’lim olish davrida stipendiatlarni tibbiy sug‘urtalash;

– Jamg‘arma Vasiylik kengashi qaroriga ko‘ra xorijda ta’lim olish bilan bog‘liq stipendiatlarning boshqa xarajatlari.

 

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

Tanlovlarda quyidagi shaxslar ishtirok etishi mumkin emas:

– magistratura dasturlari bo‘yicha — 23 yoshdan kichik va 40 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, ilgari o‘xshash mutaxassislik bo‘yicha xorijda magistraturada tahsil olganlar;

– doktorantura dasturlari bo‘yicha — 25 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, avval PhD yoki fan doktori ilmiy darajasini olganlar;

– malaka oshirish va stajirovka o‘tash dasturlari bo‘yicha — 25 yoshdan kichik va 50 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, Jamg‘arma dasturlaridan biri asosida so‘nggi uch yil mobaynida xorijda ta’lim olganlar;

– xorijda ta’lim olish uchun tanlangan mutaxassislik bo‘yicha barcha dasturlar uchun 2 yildan kam mehnat tajribasiga, shu jumladan pedagogik stajga ega bo‘lganlar;

– davlat hokimiyatining saylab qo‘yiladigan organlarida faoliyat yuritayotganlar;

– og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganligi tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmaganlar.

Favqulodda holatlarda, vazirlik yoki idora rahbarining tavsiyasiga asoslangan holda komissiyalar qaroriga ko‘ra magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim olishga tanlab olishda tegishli vazirlik va idoralarning mos ravishda 45 va 50 yoshgacha bo‘lgan xodimlari ishtirok etishiga ruxsat beriladi.

 

Xorijda ta’lim olish uchun tanlov davlat va/yoki rus tilida o‘tkaziladi.

Xorijiy til bo‘yicha test sinovlari ta’lim olinadigan mamlakat tili yoki ingliz tilida o‘tkaziladi (agar qabul qilayotgan xorijiy oliy ta’lim yoki ilmiy muassasada o‘qitish ingliz tilida olib borilsa).

 

Tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati:

Xorijda barcha dasturlar bo‘yicha ta’lim olishga nomzodlar Jamg‘armaga quyidagi hujjatlarni taqdim qiladilar:

a) tegishli namunadagi ma’lumotnoma-ob’ektivka (anketa);

b) ta’lim olish shakli va yo‘nalishi ko‘rsatilgan holda belgilangan namunadagi komissiya raisi nomiga ariza (1-ilova);
v) 3,5 x 4,5 o‘lchamidagi 2 dona rangli fotosurat;

g) oliy ta’lim muassasasini tugatganligini, shuningdek, ilmiy darajasini (fan nomzodi, PhD va fan doktori.), ilmiy unvonini (katta ilmiy xodim, dotsent, professor) tasdiqlovchi diplomlarning nusxasi;

d) mehnat daftarchasi nusxasi;

ye) pasport nusxasi;

j) belgilangan namunadagi tibbiy ma’lumotnoma;

z) chet tilidan bilim darajasini belgilovchi amaldagi milliy yoki xalqaro sertifikat (Milliy kvalifikatsiya sertifikati, IELTS, TOEFL va shu kabilar), agar mavjud bo‘lsa.

i) sudlanmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;

y) nomzodning hujjatlar taqdim qilish bo‘yicha chek-list (2-ilova).

 

Xorijda malaka oshirish va stajirovka o‘tashga nomzodlar yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarga qo‘shimcha tarzda quyidagi hujjatlarni Jamg‘arma qabul Komissiyasiga taqdim etadilar:

a) buyurtmachi tashkilot rahbari yoki uning o‘rinbosari imzosi bilan nomzod tomonidan Xorijda malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi zarurligi asoslangan tavsiyanoma;

b) buyurtmachi tashkilot rahbari yoki uning o‘rinbosari imzosi bilan nomzod tomonidan Xorijda malaka oshirib yoki stajirovka o‘tab qaytgandan so‘ng ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi kafolat xati;

v) malaka oshirish yoki stajirovka dasturi;

g) malaka oshirish yoki stajirovka o‘tash dasturini amalga oshirish to‘g‘risida xorijiy muassasa bilan dastlabki kelishuv (agar mavjud bo‘lsa).

 

Xorijda magistratura dasturi bo‘yicha ta’lim olishga nomzodlar yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlarga qo‘shimcha tarzda quyidagilarni taqdim qiladilar:

a) diplomning ilovasi nusxasi;

b) xorijiy ta’lim yoki ilmiy muassasaga qabul qilish to‘g‘risidagi hujjat («Letter of acceptance»), agar mavjud bo‘lsa;

v) nomzodning O‘zbekistonda va xorijda e’lon qilingan maqolalari ro‘yxati va ularning elektron variantlari (mavjud bo‘lsa);

g) xorijda ta’lim olish maqsadi va ta’lim olish tugagandan so‘ng olingan bilimlarni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari haqida esse (yozma ish);

d) buyurtmachi tashkilot rahbari yoki uning o‘rinbosari imzosi bilan nomzod tomonidan Xorijda ta’lim olishi zarurligi asoslangan tavsiyanoma;

ye) buyurtmachi tashkilot rahbari yoki uning o‘rinbosari imzosi bilan nomzod tomonidan Xorijda ta’lim olib qaytgandan so‘ng ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi kafolat xati.

 

Xorijda doktorantura dasturi bo‘yicha ta’lim olishga nomzodlar  yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlarga qo‘shimcha tarzda quyidagilarni taqdim qiladilar:

a) diplomning ilovasi nusxasi;

b) xorijiy ta’lim yoki ilmiy muassasaga qabul qilish to‘g‘risidagi hujjat («Letter of acceptance»), agar mavjud bo‘lsa;

v) ushbu sohani rivojlantirish yoki O‘zbekistonda natijalarni qo‘llash uchun nomzod tadqiqotining dolzarbligi to‘g‘risida tegishli ilmiy yoki oliy ta’lim muassasasi rahbarining tavsiyaviy xati;

g) nomzodning O‘zbekistonda va xorijdagi ilmiy jurnallarda e’lon qilingan ilmiy maqolalari ro‘yxati va ularning elektron variantlari;

d) rejalashtirilayotgan ilmiy tadqiqot maqsadlari, usullari va natijalari, ularni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari to‘g‘risidagi esse (yozma ish);

ye) buyurtmachi tashkilot rahbari yoki uning o‘rinbosari imzosi bilan nomzod tomonidan Xorijda ta’lim olishi zarurligi asoslangan tavsiyanoma;

j) buyurtmachi tashkilot rahbari yoki uning o‘rinbosari imzosi bilan nomzod tomonidan Xorijda ta’lim olib qaytgandan so‘ng ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi kafolat xati.

 

Nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish, to‘plash va dastlabki ko‘rib chiqish Jamg‘armaning xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Yuqorida qayd etilgan hujjatlardan birini nomzod e’londa ko‘rsatilgan muddatda taqdim qilmasa uning tanlovda qatnashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tanlovga hujjatlar on-line shaklda http://eyuf.uz/uz/ orqali qabul qilinadi.

Eslatma: Tanlovning barcha bosqichlaridan muvoffaqiyatli o‘tgan nomzodlar yuqorida ko‘rsatilgan barcha hujjatlar alohida fayllarga joylashtirilgan holda, qalinligi 5 sm.li registr-papkaga joylashtirilgan va hujjatlar ro‘yxati A4 qog‘ozda papka-registrning ichki chap tomoniga yelimlangan holda Jamg‘arma Qabul Komissiyasigaga taqdim qilishlari zarur.
Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun telefonlar: (71) 203-00-48, (71) 203-00-47

Internet manzilimiz: www.eyuf.uz

«El-yurt umidi» jamg‘armasi ma’muriyati

 

XORIJDA MALAKA OShIRISh VA STAJIROVKA O‘TASh UChUN NOMZODLARNI SARALASh TANLOVINI O‘TKAZISh TARTIBI

Nomzodlarni saralash uch bosqichda o‘tkaziladi.

1-bosqich hujjatlarni ko‘rib chiqish va belgilangan talablarga eng mos keladigan nomzodlarni dastlabki saralashni ko‘zda tutadi (yoshi, mutaxassisligi bo‘yicha zarur ish tajribasi, ilmiy maqolalari mavjudligi va boshqa talablar).

Ushbu bosqich Jamg‘arma xodimlari tomonidan o‘tkaziladi.

2-bosqichda 1-bosqichda tanlangan nomzodlar ichida amaldagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmaganlari bilan xorijiy tillarni bilish darajasini aniqlash bo‘yicha suhbat (yoki imtihon) o‘tkaziladi (oliy ta’lim va boshqa muassasa xodimlarini jalb qilgan holda, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni).

3-bosqichda 2-bosqichda tanlangan nomzodlar bilan o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilimlari darajasi, intellektual qobiliyatlari, shuningdek, Jamg‘arma tomonidan tayyorlangan savolnoma asosida nomzodlarning dunyoqarashi kengligi hamda O‘zbekiston rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari va amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun mohiyatini bilishini aniqlash bo‘yicha suhbat (va/yoki imtihon) o‘tkaziladi (oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar, korxona va tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida).

Xorijda malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun o‘tkazilgan tanlov natijalari tanlovdan so‘ng bir oy muddat ichida e’lon qilinadi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Yevropa Ittifoqining Erasmus+ Credit Mobility dasturi doirasida Chexiyaning Liberets texnika universitetida dars o‘tish va malaka oshirish uchun universitet professor-o‘qituvchilari orasida tanlov e’lon qiladi.

Tanlovda Moliya, Bank ishi, Sug‘urta ishi yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar ishtirok etishlari mumkin.

Qatnashuvchilar quyidagi talablarga javob berishlari zarur:

– aniq maqsad va rejaga ega bo‘lishi;

– Ingliz tilini bilish va ingliz tilida dars o‘ta olish ko‘nikmasining mavjudligi (B2 darajadan past bo‘lmagan);

– talab qilingan sohalarda nashr qilingan ilmiy ishlarga ega bo‘lish.

Chexiyaning Liberets texnika universitetida 14 kun mobaynida dars o‘tish va malaka oshirish bo‘yicha jami 4 ta mobillik uchun kvota ajratilgan:

ma’ruzalar olib borish uchun 2 ta professor-o‘qituvchi;

malaka oshirish va treningda ishtirok etish uchun 2 ta professor-o‘qituvchi.

Yevropa Ittifoqining Erasmus+ Credit Mobility dasturi doirasida professor-o‘qituvchilar malaka oshirish jarayoni 14 kun davom etadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

Pasport nusxasi;

CV (Europass talabida, yuklab olish);

Motivational letter – bunda Erasmus+ Credit Mobility dasturida qatnashishdan maqsadi, rejalari va safardan qaytgach amalga oshiradigan ishlari, ilmiy ishlari batafsil yoritilishi kerak;

Ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi xalqaro malaka sertifikatlari (IELTS – o‘rtacha balli kamida 5,5, TOEFL – 80 balldan kam bo‘lmagan, CEFR – B2 darajadan past bo‘lmasligi talab etiladi).

Hujjatlarni a.bobojonov@tsue.uz elektron manziliga 2019-yilning 5-yanvarga qadar jo‘natishingiz so‘raladi.

Yoshlarda kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish, bu boradagi ko‘nikmalarni yanada kamol toptirish, savodxonlik darajasini oshirish, shuningdek, ularning intelektual bilim salohiyatlarini rivojlantirish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari o‘rtasida “Eng faol kitobxon bilimdonlar” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Tanlov davomida talabalar kichik akademik guruhlarga bo‘lingan holda ixtiyoriy ravishda o‘zlari sevib, qiziqib o‘qiydigan asarlarini tanlab, ularning mazmun-mohiyatini ochib berishga harakat qildilar.

Tanlov shartlariga ko‘ra, talabalar o‘z bilim va mahoratlarini taqdimotlar orqali to‘la-to‘kis ifoda etishlari, asarning g‘oyasini kichik sahna ko‘rinishlari, videoroliklar yordamida tushuntirib bera olishlari va eng muhimi “Siz bu asarni nima uchun tavsiya etasiz?” degan savolga javob bera olishlari kerak edi. Har bir kichik guruh uchun bittadan asar tanlangan va bu asar boshqa guruhlarda takrorlanmagan. Talabalar o‘zlariga yuklatilgan vazifani iqtidorlari, bilim va salohiyatlari doirasida bajarishga muvaffaq bo‘ldilar.

 

 

Talabalar tomonidan G‘afur G‘ulomning “Shum bola”, William Shekspirning “Romeo va Juletta”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, Chingiz Aytmatovning “Asirga tatigulik kun”, Sherlock Xolmes va doktor Watsonning sarguzashtlari, Oybekning “Qutlug‘qon” kabi o‘zbek va dunyo adabiyotining eng sara, durdona asarlari tanlab olindi.

Ko‘rik-tanlov doirasida talabalar nafaqat o‘z iqtidor va bilimlarini namoyish etishdi, balki guruhlar bilan ishlash qobiliyatini rivojlantirishga, sahnada o‘z hayajonlarini yengib aniq, tushunarli va ravon nutq so‘zlash mahoratlarini o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘ldilar. Bundan tashqari tanlov hay’ati a’zolari hisoblangan universitetning yetuk va malakali o‘qituvchilari tomonidan talabalar yo‘l qo‘ygan kichik xato va kamchiliklar aytib o‘tilib, ularni bartaraf etish uchun talabalarga bir qancha maslahatlar berildi.

 

 

Tanlov barcha talaba yoshlarni, kelajak avlodni kitobga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga, ularda kitobga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otish hamda kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirishga bir zamin bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bir so‘z bilan aytganda kitob – bu inson qalbining chinakkam hamrohi, aql va fikr qayrog‘idir.

Ozoda YUNUSOVA, MI-75 guruh talabasi.

Ilmiy va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi talabalar o‘rtasida innovatsion muhitni shakllantirish, yaratuvchanlikni oshirish, innovatsion g‘oyalarni tijoratlashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida «Eng yaxshi ilmiy-innovatsion g‘oyalar» tanlovini e’lon qiladi.

Tanlovda bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari ishtirok etishlari mumkin.

Tanlovdan kutilayotgan maqsad:

ilmiy-innovatsion fikrlash va kreativligini oshirish;

ilmiy-innovatsion ishlanmalarni yaratish hamda uni tijoratlashtirish bo‘yicha malaka va ko‘nikmalarni shakllantirish;

fan va ishlab chiqarish integratsiyasining istiqbolli yo‘nalishlariga muvofiq ilmiy ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantirishdan iborat.

Tanlov quyidagi yo‘nalishlar (nominatsiyalar)da tashkil etiladi:

1. Eng yaxshi innovatsion loyiha.

2. Eng yaxshi biznes g‘oya.

Tanlov shartlari va amalga oshirish bosqichlari:

Birinchi bosqichda, tanlov ishtirokchilari o‘z g‘oyalarini Word formatida (yuklab olish) shaklni to‘ldirgan holatda (o‘zbek, rus yoki ingliz tilida) 2018 yil 15 fevralgacha quyidagi elektron pochta manzili (tijoratlashtirish@tsue.uz)ga yuborishlari lozim.

Ikkinchi bosqichda, saralab olingan ishtirokchilar o‘z takliflarini hay’at a’zolariga taqdim etadilar. Taqdimot uchun 10 daqiqa va savollar uchun 5 daqiqa vaqt ajratiladi. Ushbu taqdimot hay’at a’zolari tomonidan quyidagi mezonlar asosida maksimal 100 ballik tizim asosida baholanadi.

1-mezon: g‘oyaning innovatsionlik darajasi – maksimal 25 ball

2-mezon: g‘oyaning hayotga tatbiq etilish darajasi – maksimal 25 ball

3-mezon: g‘oyaning ijodkorlik darajasi – maksimal 25 ball

4-mezon: g‘oyaning tijoratlashtirish darajasi – maksimal 25 ball

Ishtirokchilar o‘z innovatsion g‘oyalarida yurtimiz taraqqiyoti hamda iqtisodiyotimizning innovatsion rivojlanishiga qo‘shadigan hissasi haqida qisqacha ma’lumot berishlari lozim.

Hakamlar hay’ati tomonidan yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib, deb topilgan ishtirokchilar maxsus sertifikat hamda moddiy mablag‘ bilan taqdirlanadi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha quyidagi pul-mukofotlari taqdim etiladi:

1-o‘ringa – 1,0 mln. so‘m.

2-o‘ringa – 0,7 mln. so‘m.

3-o‘ringa – 0,5 mln. so‘m.

t.me/tijoratlashtirish manzilidan loyihalarning taqdim etish shaklini yuklab olishlari mumkin. (telegram: @tijoratlashirish) Yoki bu yerdan yuklab oling ? Taklif shakli

Qo‘shimcha ma’lumot uchun Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limiga murojaat qilishingiz mumkin.

Tel: (71)239-29-57

Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari kafedrasi tomonidan “Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish jarayonida korxona va tashkilotlar faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning zamonaviy jihatlari” mavzusida ilmiy seminar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Banklar assosiatsiyasi, “O‘zbektelekom” AK, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirsh markazi vakillari, mutaxassislar, akademiklar, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

 

 

Seminarda ma’ruzachilar tomonidan “Raqamli iqtisodiyot shakllanishi sharoitida blokchayn texnologiyasini rivojlantirishning asosiy yo’nalishlari”, “Milliy iqtisodiyotda AKTdan foydalanishning asosiy jihatlari”, “»Uzmobile» mijozlariga xizmat ko’rsatish tarmog’ini takomillashtirishning asosiy yo’nalishlari”, “O‘zbekiston Respublikasi “Elektron hukumat” tizimi va uning vazifalari”, “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali”, “O‘zbekiston Respublikasida statistika axborotlarini qayta ishlash jarayonida zamonaviy axborot tizimlarini qo‘llash”, “Kichik biznes subyektlari faoliyatida axborot kommunikatsiya texnologiyalarni qo‘llash” kabi mavzular taqdim etildi.

 

 

Ishtirokchilar tinglangan ma’ruzalarni keng muhokamaga kirishdilar, o‘z fikr-mulohazalarini bayon qilib, qiziqtirgan savollar yuzasidan ma’ruzachilarga murojaat qildilar.

2018-yil 18-dekabr kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining oliy ta’lim tizimidagi ijrosi muhokama qilindi.

 

 

Mazkur anjuman davomida vazirlikning Kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalarini tashkiliy-metodik ta’minlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Abduvali Xoliqov O‘zbekistonda bu yil talabalar qaysi sanadan qishki ta’tilga chiqishi haqida ma’lum qildi.

 

 

Unga ko‘ra, talabalar odatdagidek 28 dekabrdan qishki ta’tilga ketadi va u 10 yanvarga qadar davom etadi. 27 dekabr oxirgi o‘qish kuni, 11 yanvar kuni esa ta’lim muassasalarida darslar boshlanadi.

Milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirish hamda eksport salohiyatini mustahkamlashda mahsulotlar sifatini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish masalalari muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4059-sonli qarorida bu borada jiddiy chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan va tizimni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Mazkur qarorda standartlashtirish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish darajasini hozirgi 10,7 foizdan 2023 yilga borib 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

 

 

Iqtisodiyotning agrar va oziq-ovqat sektorlarida mahsulotlar sifati va xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar alohida e’tibor talab qiladi. “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da yuqori sifatli va ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish orqali mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlash va agrar sektorning eksport salohiyatini yuksaltirish masalalari ustuvor vazifalar sifatida belgilab berilgan.

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi tomonidan tashkil etilayotgan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirishda xalqaro standartlarni joriy etish: muammo va yechimlar” mavzusidagi ryespublika ilmiy-amaliy anjumani “Harakatlar strategiyasi”da belgilab berilgan mazkur dolzarb vazifalarning ilmiy-amaliy jihatlarini muhokama qilish asosida bu borada tegishli xulosalar va tavsiyalarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan.

 

 

Ushbu anjuman ishida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va eksportga chiqarish tizimida xalqaro sifat standartlarni joriy etish masalalari bilan shug‘ullanuvchi davlat boshqaruvi organlari, mutasaddi tashkilotlarning rahbar va mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilari, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlarining xodimlari ishtirok etmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi – “O‘zstandart”, “O‘zbekoziqovqat” xolding kompaniyasi va Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi anjuman ishida hamkor tashkilotlar sifatida ishtirok etib, uni yuqori saviyada tashkil etishga munosib hissa qo‘shmoqda.

 

 

Anjumanda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy ma’ruzalar muhokama qilindi:

“2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” doirasida iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida xalqaro standartlarni joriy etishning ilmiy-amaliy asoslari;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash tizimi hamda oziq-ovqat sanoatida Global GAP va ISO 22 000 HACCP xalqaro sifat standartlarini joriy etish orqali mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish yo‘llari;

qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati tarmoqlarida xalqaro standartlarni joriy etishning mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga ta’siri masalalari;

iqtisodiyotning real sektori mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirish orqali eksport salohiyatini mustahkamlash va logistika tizimlarini rivojlantirish yo‘nalishlari.

 

 

Anjumanning yalpi majlisida sohaga oid yetakchi mutaxassis va olimlarning ilmiy ma’ruzalari tinglanadi va muhokama qilinadi. Kunning ikkinchi yarmida anjuman ishtirokchilari 4 ta sho‘baga bo‘lingan holda muhokamalarni davom ettirishdi.

Anjuman tahrir hay’atiga respublika oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlari professor o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar va soha mutaxasislarining 150 dan ortiq ilmiy maqolalari hamda ma’ruza tezislari taqdim etilgan bo‘lib, ularning eng saralari to‘plam sifatida chop etilmoqda.

Anjuman ishi sermahsul, yuqori saviyada va qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tmoqda. Anjuman yakuni bo‘yicha qaror qabul qilinib, muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarga taqdim etish uchun xulosa va tavsiyalar tayyorlanadi. Ular milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirish hamda “Harakatlar strategiyasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga muayyan darajada o‘z hissasini qo‘shadi.

 

Ma’lumki, giyohvand moddalarning g‘ayriqonuniy ravishda muomalaga kiritilishi bugungi kunda eng jiddiy transmilliy xavf-xatarlardan biriga aylanib bormoqda. Hozirda dunyoning barcha mintaqalarida xalqaro narkobiznes va u bilan bog‘liq jinoyatchilikning kengayib borishi kuzatilmoqda. Bu esa jahon hamjamiyatidan qat’iy va muvofiqlashtirilgan xatti-harakatlarni amalga oshirish, giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish, qolaversa, giyohvandlik moddalari va ularga qarshi kurashish chora-tadbirlarini yanada kuchaytirishni talab etmoqda.

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tgan tadbir aynan giyohvandlikka qarshi kurashish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan bo‘lib, ushbu tadbir “Giyohvandlik – asr vabosi, undan yoshlarimizni asraylik” deb nom olgan.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutassadiligida, Vazrlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

 

 

Ushbu tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad – yoshlar orasida giyohvand vositalarni olib kirish, tarqatish va saqlash bilan bog‘liq turli jinoyatlarning oldini olish, qolaversa, talaba-yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini tatbiq etishdan iboratdir.

Ta’kidlash lozimki, bu kabi tadbirlar giyohvandlikka qarshi kurashish, narkotik moddalarning, noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq muammolarga jamiyat e’tiborini qaratish, aholi orasida giyohvandlikning salbiy oqibatlari haqida bilimlarni oshirish, sog‘lom turmush tarzini tadbiq etish orqali yosh avlodni tarbiyalashga munosib hissa qo‘shadi.

Tadbir davomida yoshlarga giyohvandlik tushunchasi, giyohvandlik va psixotrop moddalar, ularning noqonuniy faoliyati bilan bog‘liq javobgarlik choralari, hamda giyohvand vositalarning inson organizmiga salbiy ta’siri to‘g‘risida talaba-yoshlarga ko‘rgazmali slaydlar asosida batafsil ma’lumotlar berildi.

 

 

Shuningdek, tadbirda xalqaro me’yorlarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish va shu orqali me’yoriy-huquqiy negizni yanada takomillashtirish, narkotik moddalar va ular prekursorlarining noqonuniy aylanishi ustidan nazoratni ta’minlash hamda bu boradagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, shu bilan bir qatorda mahallalar, ayniqsa yoshlar orasida tarbiyaviy-ma’rifiy va profilaktik chora-tadbirlarni tizimli olib borishga doir qator taklif-mulohazalar bildirildi.

Uchrashuv so‘ngida muhokama qilingan masalalar yuzasidan talaba-yoshlarga bu borada tegishli tavsiyalar berildi.