YANGILIKLAR

Kun: 25.10.2018

Talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning amaliy natijalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Iqtisodiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari EK-95 guruh talabalari bilan birgalikda “INNOWEEK” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasidagi “O‘zekspomarkaz”da tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmaga tashrif buyurishdi.

Ko‘rgazmada 30 dan ortiq xorijiy kompaniya hamda 70 dan ortiq mahalliy korxona va xususiy tadbikorlar o‘zlarining innovatsion g‘oya va mahsulotlarini namoyish etishdi.

To‘liq elektrlashtirilgan “Cobalt” va “Spark” kabi milliy rusumdagi avtomobillar, suhbatlashuvchi robotlar, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan chegara postlarida foydalanilayotgan so‘nggi rusumdagi nazorat uskunalari va shunga o‘xshash boshqa zamonaviy innovatsion texnologiyalar tashrif buyurganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Talabalar ko‘rgazmada namoyish etilayotgan innovatsion ishlanmalar va mahsulotlar bilan yaqindan tanishib, soha mutaxassislari bilan suhbat qurish orqali o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Mazkur tashrif talabalarga universitetimizda o‘qitilayotgan ayrim iqtisodiy fanlarning hayotdagi amaliy ahamiyati va natijalarini yanada aniqroq tushunish va anglab yetish imkoniyatini yaratib berdi.

 

Maqsud OLIMOV, Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi assistenti

 

Umumta’lim maktabida tahsil olayotgan o‘quvchilarning ilm-fan va kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish va bunda o‘qituvchilarning mas’uliyatini yanada oshirish yuzasidan oliy ta’lim muassasasi va umumta’lim maktabi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Uchtepa tumanidagi 116-sonli o‘rta umumta’lim maktabi o‘rtasida o‘zaro hamfikrlilik memorandumini imzolangan edi.

 

 

 Ushbu memorandumning 7-bandida “Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 116-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etib borish, bunda o‘quvchilarga qiziqishlari bo‘yicha ekskursiyalar tashkil etish orqali ARM, ATM, o‘quv laboratoriyalari, muzeylar, ma’ruza zallari va talabalar bilan o‘tkaziladigan dars jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish” nazarda tutilgan.

Shu maqsadda Uchtepa tumanidagi 116-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari ta’lim dargohimizga tashrif buyurdilar.

 Tashrif buyuruvchilar universitet rektori, professor Bahodir Xodiyev bilan uchrashuvda inson umri, undan unumli foydalanish, ilm olish mashaqqati, universitet hayoti, ota-onaga hurmat, ustozlarga ehtirom ko‘rsatish xususida suhbatlashdilar.

 

 

Inson hayotga kelar ekan, turli sinovlarni yengib, o‘zi uchun baxt deb biluvchi mavqyega intiladi. Kimdir ushbu mavqyega 10 yillarda erishadi, kimdir esa 1 yilda. Bu uning uchun berilgan sarmoya — vaqtdan qanchalik oqilona foydalanishiga bog‘liq hodisa. Berilgan umr soatlaridan ota-onaga, oilaga, do‘stlarga, ilm olishga, ezgu maqsad sari intilishga sarf etilsa, inson jismonan mavjud bo‘lmasada, buyuk ajdodlarimiz singari asrlar osha yashayveradilar. To‘g‘ri taqsimlangan vaqt, oqar suv kabi o‘tuvchi vaqtdan maqsadli foydalanish insonni ulug‘laydi. Siz ham o‘zingizga berilgan imkoniyatdan samarali foydalanasiz degan umiddaman, deya ta’kidlab o‘tdi universitet rektori.

O‘quvchilar universitet fakultetlari, ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar, xorijiy davlatlar bilan tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturlari xususidagi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

 Shundan so‘ng, Uchtepa tumanidagi 116-sonli o‘rta umumta’lim maktabining iqtidorli o‘quvchilariga universitet rektorining esdalik sovg‘alari hamda maktab kutubxonasiga badiiy adabiyotlar to‘plami topshirildi.

 

 

Tashrif davomida 116-sonli o‘rta umumta’lim maktabi vakillari ta’lim dargohida yaratilgan sharoitlar, o‘quv auditoriyalari, o‘quv laboratoriyalari, TDIUning Ural davlat iqtisodiyot universiteti va Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturi bilan tanishdilar.

 

Azizbek AMONOV, Iqtisodiyot fakulteti dekan muovini