YANGILIKLAR

Kun: 22.10.2018

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi to‘g‘risidagi qarori bugungi kunda oliy ta’lim tizimida keng qamrovli xalqaro aloqalarning rivojlanishida istiqbolli samaralarni bermoqda.

 

Mazkur qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ham xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ta’lim dasturlarini rivojlantirish, hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlash borasida amaliy sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Ayni vaqtda mazkur ta’lim dargohi 100 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan bo‘lib, ikki tomonlama diplom beruvchi qo‘shma ta’lim dasturlari ishga tushirilgan. Jumladan, 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab Rossiya Federatsiyasining Ural davlat iqtisodiyot universiteti bilan va Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturi asosida mutaxassislar tayyorlash faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ikki tomonlama diplom beruvchi mazkur dasturlar asosida 200 nafardan oshiq talabalar tahsil olishadi. Ular uchun barcha qulayliklarga ega, so‘nggi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan o‘quv auditoriyalari xizmat ko‘rsatmoqda.

Hamkorlikdagi aloqalarni mustahkamlash,tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturi asosida kadrlar tayyorlash jarayonining tashkiliy masalalarini muhokama qilish uchun Avstriyaning Krems amaliy fanlar universitetining bosh ijrochi direktori Karl Ensfelner, prezidenti Mag Boyer Xeyns hamda Transmilliy dasturlar bo‘yicha direktori Jens Piter Ennendan iborat delegatsiya Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturi asosida tahsil oladigan talabalar va dars beruvchi professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami yuzasidan vazifalar belgilandi. O‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng “Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Krems amaliy fanlar universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturi to‘g‘risida”gi shartnoma imzolandi.

Aytib o‘tish kerakki, 2019 yildan boshlab qo‘shma o‘quv dasturi asosida “Eksportga ixtisoslashtirilgan menejment”, “Turizm va ko‘ngil ochish maskanlari menejmenti” mutaxassisliklari bo‘yicha bakalavriat bosqichida 100 nafar bakalavr ta’lim oladi. Shuningdek, talabalar magistratura yo‘nalishida “Xalqaro biznes va eksportni boshqarish”, “Raqamli biznes innovatsiyasi va transformatsiya” mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olish mumkin bo‘ladi. Ta’lim ingliz tilida olib boriladi va bitiruvchilarga Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Avstriyaning Krems amaliy fanlar universitetining diplomi beriladi.

 

 

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Krems amaliy fanlar universiteti 1994-yilda xususiy xalqaro biznes maktabi sifatida tashkil etilgan. 2002-yil aprel oyida Avstriya hukumati tomonidan Krems amaliy fanlar universiteti deb o‘zgartirdi. Bitiruvchilarning ish bilan bandlik darajasi 98 foizni tashkil etadi. Universitetda uchta yo‘nalish (biznes boshqaruvi, sog‘liqni saqlash va biotexnologiya) mavjud, ular 27 yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlaydi.

Bugun, 22 oktyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Turizm va servis kafedrasi hamda “EMPAERE TRAVEL” turistik firmasi hamkorligida nazariy va amaliy ochiq dars mashg‘uloti tashkil etildi.

 

 

“Turizm faoliyatini tashkil etish” fanining nazariy asoslarini ochib berish uchun Turizm va servis kafedrasi dotsenti Dilfuza Abidova, amaliy jihatlarini ochib berish uchun esa “EMPAERE TRAVEL” turistik firmasi direktori Davron Rustamov va menejer Suhrob Madreimov taklif etildi.

 

 

Ochiq dars mashg‘uloti davomida turistik firma faoliyati va uning qanday tashkil etilishi to‘g‘risidagi savollarga talabalar mutaxassislardan atroflicha javob oldilar. Talabalar dars mashg‘ulotining bunday shaklda tashkil etilganidan mamnunligini bildirib, interaktiv tarzda o‘tkazilgan dars mashg‘uloti o‘zlari uchun foydali bo‘lganini izhor qildilar.