YANGILIKLAR

Kun: 18.10.2018

O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimiga respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim bo‘g‘ini sifatida e’tibor qaratilib, sohada jamiyat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlariga mos ravishda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy 2018/2019 o‘quv yilida 13 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilgan bo‘lib, shundan uchtasi nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari filialidir. Iqtisodiyotning real sektorlarida mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib 66 ta zamonaviy ta’lim yo‘nalishi va 48 ta magistratura mutaxassisligida kadrlar tayyorlanmoqda.

Jamiyatimizda oliy ta’limga bo‘lgan talabdan kelib chiqqan holda, ta’lim olish shakllari kengaytirilmoqda. Bugungi kunda kunduzgi, kechki, sirtqi, maxsus sirtqi, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim kabi ta’lim shakllarida oliy ta’lim olish imkoniyati mavjud. Qabul kvotalari jamiyatdagi mavjud ehtiyoj va rivojlanish sur’atiga qarab oshirib borilmoqda, oxirgi uch yilda bu ko‘rsatkich ikki barobar ko‘paydi.

Yangi o‘quv yilidan 15 ta oliy ta’lim muassasasida yetakchi xorijiy OTMlari bilan hamkorlikda qo‘shma diplom dasturi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilib, ularda faoliyat ko‘rsatadigan 500 dan ortiq professor-o‘qituvchi xorijiy ta’lim markazlarida stajirovka o‘tab kelishdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 8 ta filial, 22 ta qo‘shma fakultet, 46 ta ikki tomonlama qo‘shma dasturlarni joriy qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. 1000 nafardan ortiq xorijiy mutaxassisni respublika oliy ta’lim muassasalarida pedagogik va ilmiy faoliyatga jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanish va o‘zaro tajriba almashish borasida Rossiya Federatsiyasi bilan strategik ahamiyatga ega hamkorlik aloqalarini olib bormoqda.

Oliy ta’lim tizimidagi o‘zaro strategik hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Rossiya va O‘zbekistoning qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari tashabbusi bilan ilk marotaba “O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi” o‘tkazilmoqda.

Xalqaro forum shu yilning 18 oktyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tib, unda ikki davlat Prezidentlari administratsiyalari, Hukumat rahbarlari, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri va Rossiya Federatsiyasini Ta’lim va fan vaziri hamda Rossiyaning 80 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etadi.

Xalqaro forumning maqsadi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida zamonaviy yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot sohasida o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.

“O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi”da ikki davlat rektorlari o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish barobarida dolzarb vazifa va masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotda birgalikda muhokama qilishadi.

Xalqaro forum doirasida Rossiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari va respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida malakali mutaxassislarni hamkorlikda tayyorlash maqsadida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

“O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi” yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda Rossiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish, birgalikda ilmiy va innovatsion forum hamda qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Qisqa satrlarda:

O‘zbekistonda Rossiyaning to‘rtta oliy ta’lim muassasasining filiallarida ikki ming nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda;

joriy o‘quv yilidan boshlab yurtimizdagi to‘rtta OTMda Rossiyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar asosida kadr tayyorlanmoqda;

2018 yilda Toshkent shahrida “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining filiali tashkil etildi va keyingi o‘quv yilidan filialda o‘quv jarayonlari boshlanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2018 yil 1 avgustda Milliy yadro tadqiqotlar institutida Moskva muhandislik-fizika instituti bilan magistratura bo‘yicha hamkorlik qilish yuzasidan shartnoma imzolandi;

joriy yilda S.Gerasimov nomidagi Butunrossiya Davlat kinematografiya instituti bilan Toshkent shahrida filial tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.