YANGILIKLAR

Kun: 05.10.2018

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Chilonzor tumani Kengashi hamkorligida «Sport haftaligi» tadbirlari doirasida turkum sport musobaqalari o‘tkazildi.

 

 

Sportning futbol, voleybol, armrestling, shaxmat-shashka, stol tennisi, badminton kabi yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalarda 500 dan ortiq talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

2018-yil 5-oktabr kuni Turizm va servis kafedrasining o‘quv amaliyot markazida ABN-MB O‘zbekiston-Amerika qo‘shma korxonasi qoshidagi zanjir restoranlar ta’sischisi Mashkura Ashurova hamda Turizm va servis kafedrasi dotsenti Sayyora Safaevalar tomonidan Xalqaro turizm fakultetining TU-01 guruhi talabalari uchun binar ma’ruza darsi o‘tkazildi.

 

 

“Mijozlarga xizmat ko‘rsatishni xalqaro standartlari” mavzusidagi binar ma’ruzaning tashkil qilinishdan maqsad nazariya bilan amaliyotni bir vaqtda qo‘llagan holda mavzuni yoritib berishdir. Ya’ni, bu dars mashg‘ulotida amaliyotchi mutaxassisni jalb qilinishi keyslar va amaliy misollar keltirilgan holda o‘tishga yordam beradi.

 

 

Bunday mashg‘ulotning olib borilishi ikki vakil: taklif etilgan mutaxassis va o‘qituvchi o‘rtasidagi interfaol suhbat, bahs-munozara va axborotlar almashinuvini namoyon qiladi. Yangi o‘quv ma’lumotlari va axborotlarini ikki mutaxassis yoki ishtirokchi nuqtai-nazarlarini taqqoslash orqali yoritib berishdan iborat.

“Iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalar” ilmiy elektron jurnaliga taqdim etiladigan ilmiy maqolalarga qo‘yiladigan asosiy talablar jahon andozalari hamda O‘zbekistonda yaqindan beri amal qilayotgan PhD tadqiqotlari tizimidagi andozalardan kelib chiqadi. Jurnal bunday yuqori talablar o‘rnatish orqali o‘z mualliflarini asta-sekin xalqaro andozalarga moslashib borishida yaqindan ko‘mak berish vazifasini bajaradi. Qo‘shimcha savollar, talab va takliflar bo‘yicha tahririyatning elektron manzili (E-mail: e-jurnal_tdiu@tsue.uz) yoki telefoni (tel: +998) 71 239 28 15) orqali murojaat etish mumkin.

Muallif (yoki mualliflar) tomonidan taqdim etilayotgan ilmiy maqola mavzusi “Iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalar” ilmiy elektron jurnalining “Bo‘limlar” nomli ruknida keltirilgan yo‘nalishlarning birortasiga mos kelishi shart.

Maqolalar asosan empirik tadqiqot, keys-stadi, adabiyotlar tahlili va sharh, nazariya, amaliyot, uslubiyot, professional ilmiy taqriz va boshqa tavsifga ega bo‘lishi lozim.

Maqola xalqaro andozalar talabi doirasidagi quyidagi aniq bandlarga ega bo‘lishi lozim:

– Maqola mavzusi (Title)

Maqola mavzusi imkon qadar qisqa va lo‘nda ko‘rinishda shakllantirilgan bo‘lib, maqolaning tadqiqot yo‘nalishini aniq ifoda etishi lozim.

– Maqola muallifi to‘g‘risida ma’lumot (Author information)

Ushbu qismda muallifning ismi-sharifi (otasining ismi bilan), ish joyi va lavozimi, ilmiy darajasi va unvoni, elektron pochta manzili va muloqot telefonlari kiritiladi.

– Maqola annotatsiyaci (Abstract)

Maqolalarning qisqacha annotatsiyasi 8-10 qatordan oshmagan holda o‘zbek, rus va ingliz tillarida beriladi. Unda tadqiqot muammosi, uning dolzarbligi, tadqiqot muammosini ochib berish uchun qo‘llanilgan metodologiya, tadqiqot natijalari, maqolaning to‘la mazmunidan kelib chiqqan holda muallifning ilmiy va amaliy hissasining qisqacha bayoni yoritiladi.

– Tayanch so‘zlar (Key words)

Tayanch so‘zlar maqola mazmuni va maqsadini eng qisqa mazmunda ochib beruvchi kalit so‘zlar hisoblanadi. scholar.google.com yoki google.com qidiruv tizimida maqola oson va eng birinchi sahifalarda topilishi uchun tayanch so‘zlarning har biri asosiy matn tarkibida o‘rtacha 5-10 marta takrorlanishi tavsiya etiladi.

– Kirish (Introduction)

Kirish qismida asosan tadqiqot muammosi, uning maqsad va vazifalari yoritiladi. Mazkur qism tadqiqot mavzusining tanlanish asosi, uning dolzarbligi va ilmiy ahamiyatini tushuntirib beradi (ushbu qismda Prezident asarlari va ma’ruzalariga albatta murojat qilinishi lozim).

– Mavzuga oid adabiyotlarning tahlili (Literature review)

Mavzuga oid adabiyotlar tahlili tadqiq etilayotgan muammo yuzasidan muallifning bilim va tasavvurlarga ega ekanini namoyon etuvchi qism hisoblanadi. Adabiyotlar tahlili mavjud intellektual hudud doirasini baholash va shu asosda ma’lum xarita yaratishni anglatadi. Adabiyotlarning tanqidiy tahlilidagi urinishlar mazkur mavzu doirasidagi bilimlarni kuchaytiradi va tadqiqot savollarini yanada oydinlashtirishga yordam beradi. O‘z mazmuniga ko‘ra har qanday tadqiqot ayni shu sohada yaratilgan avvalgi bilimlar negiziga quriladi. Adabiyotlar bo‘yicha tahlil asosan sohadagi eng yangi jurnal maqolalari va boshqa turdagi ma’lumot manbalari asosida amalga oshadi (mavzuga oid maqolalarni kalit so‘zlar yordamida www.scholar.google.com qidiruv tizimidan topish mumkin).

– Tadqiqot metodologiyasi (Research Methodology)

Tadqiqot metodologiyasi tadqiqotning eng muhim qismlaridan biri bo‘lib, u o‘tkazilayotgan tadqiqotning umumiy xaritasi, tadqiqot yo‘li va manzilga (natijaga) olib boruvchi xaritaviy chizgilari hisoblanadi. Tadqiqot metodologiyasi tadqiqot falsafasi va yo‘nalishini (deduksion yoki induksion) belgilash, tadqiqot dizayni, ya’ni tadqiqot muammosining yechimiga olib boruvchi bosh rejasini tuzish, tadqiqot uchun zarur axborotni olish yo‘llari va tadqiqot etikasini belgilash, tadqiqot ob’ektining tanlovi (sampling), birlamchi yoki ikkilamchi ma’lumot manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar, tadqiqot strategiyasini (kuzatish, eksperiment, keys-ctadi, savolnoma, etnografik, arxiv tadqiqot va h.k.) aniqlash bo‘yicha ratsional qaror qabul qilish asosida qo‘yilgan muammoning aniq yechimiga olib chiquvchi yo‘lni belgilashni anglatadi. Metodologiya qismining mukammalligi tadqiqot uchun belgilangan yo‘lning ishonchliligi (reliability) va aniqliligini (validity) asoslash orqali namoyon bo‘ladi.

– Tahlil va natijalar (Analysis and results)

Tadqiqotning tahlil qismi tadqiqot metodologiyasida avvaldan belgilab olingan tahlil usullari (matematik modellar va boshqalar) orqali yig‘ilgan ma’lumotlarning tahlilini amalga oshiradi. Bunda faqatgina tahlil usulining natijalari ifoda etiladi; topilgan natijalar bo‘yicha muhokama maqolaning keyingi qismining vazifasi hisoblanadi.

– Xulosa va takliflar (Conclusion/Recommendations)

Tadqiqotning maqsad, vazifalarining anglashilganligi hamda tadqiqot savollarining o‘z javobini topganligi, tadqiqotning asosiy natijalariga va tadqiqotning umumiy jarayoniga umumiy xulosalar, shu bilan birga, takliflar va ayni tadqiqotdan kelib chiqqan holda kelajak tadqiqot ishi yo‘nalishlari maqola xulosa va takliflari qismining asosini tashkil etishi lozim.

– Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati (References)

Ushbu qismda tadqiqotda foydalanilgan barcha adabiyotlarning ro‘yxati [1], [2] yoki [3] ketma-ketligida qo‘yiladi:

mualliflar ismi-sharifi, kitob nomi, nashr manzili nashriyot nomi, yili, betlari;

mualliflar ismi-sharifi, maqola nomi, jurnal nomi, nashri, yili, soni, betlari.

Maqola matni shrifti “Times New Roman”da, 14 kegelda bo‘lib, qatorlar oraliqlari masofasi 1 intervalda bo‘lishi lozim. Maqola matni sahifasining barcha (o‘ng, chap, yuqori va quyi) tomonidan 2 santimetrdan iborat masofa qoldiriladi. Maqolaning maksimal hajmi 16 betdan oshmasligi, minimal hajmi esa 6 betdan kam bo‘lmasligi hamda foydalanilgan adabiyotlar soni kamida 10-15 manbadan iborat bo‘lishi lozim.

Maqolada albatta jadval, chizma yoki rasmlar bo‘lishi shart. Jadval nomlari uning yuqori qismida, chizma yoki rasm nomlari ularning quyi qismida yozilishi hamda ularning manbasi aniq ko‘rsatilishi lozim. Maqolada jadval, chizma va rasmlarning berilishi maqola sifatini oshiruvchi manba bo‘lib xizmat qiladi.

Maqolalar o‘zbek, rus, yoki ingliz tillarida taqdim etilishi mumkin.

O‘zbek tilidagi o‘, g‘, q, h kabi harflar ilmiy maqola matnida gaplar tarkibida to‘liq yozilishi shart. Aks holda ilmiy maqola tahririyat tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.

Maqola tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha fan doktorining rasmiy taqrizi bilan birga qabul qilinadi. Shu bilan birga, tahririyat maqolani qo‘shimcha ravishda taqrizga taqdim etishi va ushbu taqriz natijalari asosida maqolani chop etish masalasi bo‘yicha tegishli qarorga kelishi mumkin.

Yuqoridagi talablarga javob bermaydigan maqolalar tahririyat tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.

Keltirilgan talablar yakuniy emas, ba’zi maqolalar borasida Nashriyot qo‘shimcha ma’lumot so‘rash huquqini saqlaydi.

Talabalarni darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning egallagan nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitish maqsadida talabalar, professor-o‘qituvchi va ta’lim-tarbiya maslahatchilari O‘zekspomarkaz ko‘rgazma zallarida tashkil etilgan XI “Kimyo sanoati – Chemie Uzbekistan 2018”, XX “Qadoqlash va bosma texnologiyalar va uskunalar – O‘ZuPACK-O‘ZBEKinPRINT 2018”, IX “Plastmassalar industriyasi – Plastex Uzbekistan 2018” xalqaro ko‘rgazmasiga tashrif buyurishdi.

 

 

Tashrif davomida talabalar, professor-o‘qituvchi va ta’lim-tarbiya maslahatchilari real sektor korxonalarida innovatsion ishlab chiqarish usullari bilan tanishdilar. Chet el korxonalarining ilg‘or texnika va texnologiyalarni qo‘llash jarayonini ochiq tarzda ko‘rishdi. Talabalar ko‘rgazmaga chiqarilgan ishlanmalar, loyihalar bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan mutaxassislarning atroflicha javobini olishdi. Ayni vaqtda tashrif nazariya va amaliyot birligini ta’minlash imkonini berdi.

 

 

Gulnora KARABAeVA,
Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi