YANGILIKLAR

Oy: Oktabr 2018

Talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning amaliy natijalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Iqtisodiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari EK-95 guruh talabalari bilan birgalikda “INNOWEEK” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasidagi “O‘zekspomarkaz”da tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmaga tashrif buyurishdi.

Ko‘rgazmada 30 dan ortiq xorijiy kompaniya hamda 70 dan ortiq mahalliy korxona va xususiy tadbikorlar o‘zlarining innovatsion g‘oya va mahsulotlarini namoyish etishdi.

To‘liq elektrlashtirilgan “Cobalt” va “Spark” kabi milliy rusumdagi avtomobillar, suhbatlashuvchi robotlar, Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan chegara postlarida foydalanilayotgan so‘nggi rusumdagi nazorat uskunalari va shunga o‘xshash boshqa zamonaviy innovatsion texnologiyalar tashrif buyurganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Talabalar ko‘rgazmada namoyish etilayotgan innovatsion ishlanmalar va mahsulotlar bilan yaqindan tanishib, soha mutaxassislari bilan suhbat qurish orqali o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Mazkur tashrif talabalarga universitetimizda o‘qitilayotgan ayrim iqtisodiy fanlarning hayotdagi amaliy ahamiyati va natijalarini yanada aniqroq tushunish va anglab yetish imkoniyatini yaratib berdi.

 

Maqsud OLIMOV, Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi assistenti

 

Umumta’lim maktabida tahsil olayotgan o‘quvchilarning ilm-fan va kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish va bunda o‘qituvchilarning mas’uliyatini yanada oshirish yuzasidan oliy ta’lim muassasasi va umumta’lim maktabi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Uchtepa tumanidagi 116-sonli o‘rta umumta’lim maktabi o‘rtasida o‘zaro hamfikrlilik memorandumini imzolangan edi.

 

 

 Ushbu memorandumning 7-bandida “Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 116-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etib borish, bunda o‘quvchilarga qiziqishlari bo‘yicha ekskursiyalar tashkil etish orqali ARM, ATM, o‘quv laboratoriyalari, muzeylar, ma’ruza zallari va talabalar bilan o‘tkaziladigan dars jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish” nazarda tutilgan.

Shu maqsadda Uchtepa tumanidagi 116-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari ta’lim dargohimizga tashrif buyurdilar.

 Tashrif buyuruvchilar universitet rektori, professor Bahodir Xodiyev bilan uchrashuvda inson umri, undan unumli foydalanish, ilm olish mashaqqati, universitet hayoti, ota-onaga hurmat, ustozlarga ehtirom ko‘rsatish xususida suhbatlashdilar.

 

 

Inson hayotga kelar ekan, turli sinovlarni yengib, o‘zi uchun baxt deb biluvchi mavqyega intiladi. Kimdir ushbu mavqyega 10 yillarda erishadi, kimdir esa 1 yilda. Bu uning uchun berilgan sarmoya — vaqtdan qanchalik oqilona foydalanishiga bog‘liq hodisa. Berilgan umr soatlaridan ota-onaga, oilaga, do‘stlarga, ilm olishga, ezgu maqsad sari intilishga sarf etilsa, inson jismonan mavjud bo‘lmasada, buyuk ajdodlarimiz singari asrlar osha yashayveradilar. To‘g‘ri taqsimlangan vaqt, oqar suv kabi o‘tuvchi vaqtdan maqsadli foydalanish insonni ulug‘laydi. Siz ham o‘zingizga berilgan imkoniyatdan samarali foydalanasiz degan umiddaman, deya ta’kidlab o‘tdi universitet rektori.

O‘quvchilar universitet fakultetlari, ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar, xorijiy davlatlar bilan tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturlari xususidagi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

 Shundan so‘ng, Uchtepa tumanidagi 116-sonli o‘rta umumta’lim maktabining iqtidorli o‘quvchilariga universitet rektorining esdalik sovg‘alari hamda maktab kutubxonasiga badiiy adabiyotlar to‘plami topshirildi.

 

 

Tashrif davomida 116-sonli o‘rta umumta’lim maktabi vakillari ta’lim dargohida yaratilgan sharoitlar, o‘quv auditoriyalari, o‘quv laboratoriyalari, TDIUning Ural davlat iqtisodiyot universiteti va Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturi bilan tanishdilar.

 

Azizbek AMONOV, Iqtisodiyot fakulteti dekan muovini

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 1-sonli talabalar turar joyida Korporativ boshqaruv fakulteti hamda Jahon iqtisodiyoti kafedrasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Ibrohim Aliev bilan uchrashuv tashkil etildi.

Aytish joizki, bu kabi ijodiy uchrashuvlar ko‘ngillarni ko‘ngillarga yaqin qilib, ezgulik, do‘stlik, vatanparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etishga, kishilarning kayfiyati, ruhiyatini ko‘tarib, hayotni sevishga, insoniy sifatlarni oshirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda san’atning o‘rni xususida so‘z yuritildi.

Tadbir mehmoni Ibrohim Aliev va universitet talabalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

2018-yil 23-oktabr kuni Iqtisodiyot fakulteti “Ma’naviyat kuni”, “Ma’naviyat soati” doirasida “Yoshlar ittifoqi imkoniyatlaridan keng foydalaning” aksiyasi o‘tkazildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston “Yoshlar ittifoqi” Markaziy kengashi va hududiy kengashlari tomonidan joylarda yoshlar uchun yaratilayotgan moddiy va ma’naviy ko‘mak, yordam va rag‘batlantirish tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Bu borada birgina “Yoshlar kelajagimiz” Respublika Davlat dasturi va Respublika komissiyasi tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamdagi ishlarni keltirib o‘tish o‘rinlidir.

Shu ma’noda universitet Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi va faollari tomonidan Iqtisodiyot fakulteti talabalariga Yoshlar ittifoqining a’lo baholarda o‘qiydigan, ijtimoiy faol, iqtidorli va intelektual salohiyatga ega yoshlarning kontrakt to‘lovining 35 foiz summasini to‘lashga yordam berayotgani, yurtimiz ravnaqi va taraqqiyotiga munosib bo‘lgan loyihalari uchun ajratilayotgan imtiyozli kreditlar va ko‘plab imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Talabalar o‘zlarini tadbir davomida qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi.

Rahmonjon ODILOV,
Yoshlar ittifoqining Iqtisodiyot fakulteti yetakchisi

Ayni kunlarda poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz»da chet el ilmiy-innovatsion markazlari, investitsion fondlari, texnologik agentliklari, texnoparklari va biznes inkubatorlarining faol ishtirokida «Innoweek» innovatsion g‘oyalar haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.

 

 

Ko‘rgazmada Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari va magistratura bosqichi talabalari ishtirok etib, sanoat korxonalarini jadal takomillashtirishga, ilmiy-tadqiqot muassasalari, xususiy tadbirkorlar va investorlar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga yo‘naltirilgan mintaqaviy va xalqaro aloqalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.

Ushbu yarmarkada mahalliy va xorijiy innovatsion va ilmiy markazlar, investitsiya jamg‘armalari, texnologiya agentliklari, texnoparklar va biznes inkubatorlari faol ishtirok etmoqda.

Bugun, 23-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha parlament komissiyasi bilan hamkorlikda “Mehnat muhofazasi: milliy va xalqaro tajriba” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda parlamentning quyi palatasi deputatlari, Parlament komissiyasi a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar xodimlari, soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan bir qatorda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasida Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat muhofazasi, xodimlarning ijtimoiy himoya qilish va jamoaviy shartnomalarga oid standartlarini implementatsiya qilish holati, jumladan, kelgusida 187-sonli “Mehnat xavfsizligi va gigienasiga ko‘maklashuvchi asoslar to‘g‘risida” konvensiyani ratifikatsiya qilish imkoniyatini va xalqaro tashkilotning 197-sonli tavsiyalarini o‘rganish hamda tegishli takliflarni ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.

Tadbir davomida talabalar bugungi kunda mehnat muhofazasiga doir xalqaro mehnat me’yorlari haqida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Mikrokreditbank yosh, iqtidorli, bilimli, bitiruvchilarni quyidagi mezonlar asosida tanlovga taklif etadi

TANLOV SHARTLARI:

-oʻziga yuklatilgan vazifalarni tez va sifatli bajaradigan;

-ingliz va rus tillarida mukammal soʻzlasha oladigan;

-egallayotgan mutaxassisligi boʻyicha mukammal bilimga ega boʻlgan;

-axborot texnologiyalari (WORD, EXCEL) sohasini yaxshi biladigan;

-innovatsion gʻoyalar va takliflarga ega boʻlgan (alohida inobatga olinadi).

Tanlov ishtirokchilari oʻzlari haqidagi maʼlumotni (obyektivka rangli rasm bilan, pasport nusxasi, oliy taʼlim muassasasidan maʼlumotnoma) 2018-yil 1-noyabrdan 30-noyabr kuniga qadar bankning Xodimlar bilan ishlash boshqarmasiga elektron shaklda (kadr@mikrokreditbank.uz pochta manziliga) taqdim etishlari mumkin.

Tanlov gʻoliblari bank Boshqaruvining “Kasbga muvofiqlikni aniqlash komissiyasi” xulosasiga koʻra aniqlanadi va shartnomaga muvofiq bank tizimiga stajyor sifatida eng kam oylik ish haqining toʻrt barobari miqdorida oylik maoshi bilan ishga qabul qilinadi.

Stajyor sifatida qabul qilingan bitiruvchilar oʻzining odob-ahloqi, masʼuliyatliligi, berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishini inobatga olgan holda “Mikrokreditbank” ATB tizimiga ishga qabul qilinadilar.

Maʼlumot uchun telefon: 71 202-99-99 (1021, 1022)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi to‘g‘risidagi qarori bugungi kunda oliy ta’lim tizimida keng qamrovli xalqaro aloqalarning rivojlanishida istiqbolli samaralarni bermoqda.

 

Mazkur qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ham xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ta’lim dasturlarini rivojlantirish, hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlash borasida amaliy sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Ayni vaqtda mazkur ta’lim dargohi 100 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan bo‘lib, ikki tomonlama diplom beruvchi qo‘shma ta’lim dasturlari ishga tushirilgan. Jumladan, 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab Rossiya Federatsiyasining Ural davlat iqtisodiyot universiteti bilan va Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturi asosida mutaxassislar tayyorlash faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ikki tomonlama diplom beruvchi mazkur dasturlar asosida 200 nafardan oshiq talabalar tahsil olishadi. Ular uchun barcha qulayliklarga ega, so‘nggi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan o‘quv auditoriyalari xizmat ko‘rsatmoqda.

Hamkorlikdagi aloqalarni mustahkamlash,tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturi asosida kadrlar tayyorlash jarayonining tashkiliy masalalarini muhokama qilish uchun Avstriyaning Krems amaliy fanlar universitetining bosh ijrochi direktori Karl Ensfelner, prezidenti Mag Boyer Xeyns hamda Transmilliy dasturlar bo‘yicha direktori Jens Piter Ennendan iborat delegatsiya Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturi asosida tahsil oladigan talabalar va dars beruvchi professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami yuzasidan vazifalar belgilandi. O‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng “Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Krems amaliy fanlar universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturi to‘g‘risida”gi shartnoma imzolandi.

Aytib o‘tish kerakki, 2019 yildan boshlab qo‘shma o‘quv dasturi asosida “Eksportga ixtisoslashtirilgan menejment”, “Turizm va ko‘ngil ochish maskanlari menejmenti” mutaxassisliklari bo‘yicha bakalavriat bosqichida 100 nafar bakalavr ta’lim oladi. Shuningdek, talabalar magistratura yo‘nalishida “Xalqaro biznes va eksportni boshqarish”, “Raqamli biznes innovatsiyasi va transformatsiya” mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olish mumkin bo‘ladi. Ta’lim ingliz tilida olib boriladi va bitiruvchilarga Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Avstriyaning Krems amaliy fanlar universitetining diplomi beriladi.

 

 

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Krems amaliy fanlar universiteti 1994-yilda xususiy xalqaro biznes maktabi sifatida tashkil etilgan. 2002-yil aprel oyida Avstriya hukumati tomonidan Krems amaliy fanlar universiteti deb o‘zgartirdi. Bitiruvchilarning ish bilan bandlik darajasi 98 foizni tashkil etadi. Universitetda uchta yo‘nalish (biznes boshqaruvi, sog‘liqni saqlash va biotexnologiya) mavjud, ular 27 yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlaydi.

Bugun, 22 oktyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Turizm va servis kafedrasi hamda “EMPAERE TRAVEL” turistik firmasi hamkorligida nazariy va amaliy ochiq dars mashg‘uloti tashkil etildi.

 

 

“Turizm faoliyatini tashkil etish” fanining nazariy asoslarini ochib berish uchun Turizm va servis kafedrasi dotsenti Dilfuza Abidova, amaliy jihatlarini ochib berish uchun esa “EMPAERE TRAVEL” turistik firmasi direktori Davron Rustamov va menejer Suhrob Madreimov taklif etildi.

 

 

Ochiq dars mashg‘uloti davomida turistik firma faoliyati va uning qanday tashkil etilishi to‘g‘risidagi savollarga talabalar mutaxassislardan atroflicha javob oldilar. Talabalar dars mashg‘ulotining bunday shaklda tashkil etilganidan mamnunligini bildirib, interaktiv tarzda o‘tkazilgan dars mashg‘uloti o‘zlari uchun foydali bo‘lganini izhor qildilar.

Korporativ boshqaruv fakulteti tomonidan O‘zbek milliy akademik drama teatrining taniqli aktyori, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diyev bilan uchrashuv tashkil etildi.

 

Tadbirni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Begmat Maxsudov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

 

 

Sahnaga talabalar olqishi ostida Yodgor Sa’diyev chiqib keldi.

 

 

Yoshlarimizga davlatimiz rahbariyati tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida gapirib, har bir yosh shu zaminda yashayotganligiga shukrona qilishi lozimligi, yurtimizdagi tinchlik va taraqqiyot, osoyishtalik va barqarorlik haqida to‘xtalib o‘tdi. Bugungi yoshlar tarbiyasida kino, musiqa va ommaviy axborot vositalarining o‘rni xususida alohida ta’kidlab o‘tdi.

 

 

Shundan so‘ng talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan og‘zaki va yozma tarzda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diyevga murojaat qildilar.

 

 

Uchrashuv yakunida tadbir mehmoniga universitet jamoasi va talabalari nomidan chuqur minnatdorchilik bildirildi.