YANGILIKLAR

Kun: 08.09.2018

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2018/2019 o‘quv yili uchun o‘qishga qabul qilingan talabalarning ota-onalari bilan universitet rektorining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda farzandlar tarbiyasi, ularning ta’lim olishi bo‘yicha hamkorlikdagi ishlar ko‘lami, oldinda turgan vazifalar muhokama qilindi.

Universitet rektori Bahodir Xodiev ta’lim-tarbiya masalasi har bir inson – xoh u ota-ona bo‘lsin, xoh u ta’lim muassasasi vakili bo‘lsin bir lahza befarq qoldirmasligi kerak. Globallashuv sharoitida insonni jismonan falaj yoki yo‘q qilishga qaratilgan urinishlardan ko‘ra, uni ma’nan falaj qilishga qaratilgan huruj katta xavf solmoqda. Bu jarayonda kuchlarni birlashtirish, yoshlarni barkamol qilib tarbiyalashda hamjihat bo‘lish yaxshi samara berishi, hyech kimga sir emas.

Biz – universitetimiz jamoasi bilan har-bir talabani o‘z farzandimiz, deb qabul qilamiz. Ularning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishdagi sa’y-harakatlarini doimiy qo‘llab-quvvatlashga bor imkoniyatimizni safarbar etamiz. Ular erishgan har-bir yutuq bizga cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi. Siz – ota-onalar ushbu jarayonda bizga hammaslak bo‘lasiz, degan umiddamiz.

Uchrashuv davomida ota-onalar ham so‘z olib, yaratilgan shart-sharoitlar uchun davlatimiz rahbariyati va universitet jamoasiga tashakkur bildirdilar. Universitet bilan hamkorlik qilish yuzasidan o‘z takliflarini aytib o‘tdilar.

Bugun, 8 sentyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga 2018/2019 o‘quv yili uchun o‘qishga qabul qilingan talabalar bilan universitet rektorining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv jonli muloqot shaklida o‘tkazilib, talabalar yaratilgan sharoitlardan mamnunligini bildirib, o‘z takliflarini ham o‘rtaga tashladilar. Jumladan, talabalar o‘qitishning ilg‘or xorijiy tajribasini dars berish jarayoniga samarali tatbiq etish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan almashinuv dasturi asosida o‘qitish bo‘yicha ishlar ko‘lamni kengaytirish, xorijiy tilda dars o‘tiluvchi guruhlar tashkil etish borasida takliflar berdilar.

Universitetimiz rektori Bahodir Xodiev talabalar tomonidan bildirilayotgan takliflarni mamnuniyat bilan qabul qilib, zarur amaliy choralar ko‘rilishini bildirdi. Shuningdek, talaba-yoshlarga quyidagi ma’lumotlarni bildirib o‘tdi:

Ayni kunda universitetimizda ta’limning kunduzgi, sirtqi shakllari va magistratura bosqichida 5000 dan ortiq talabalar tahsil olmoqda. Ular uchun zamonaviy texnologiyalar bilan to‘liq ta’minlangan ko‘rkam, shinam bino va auditoriyalar, Internet tarmog‘iga uzluksiz ulangan o‘quv zali, zamonaviy elektron kutubxona, barcha qulayliklarga ega 2 ta talabalar turar joyi, sport maydonlari xizmat ko‘rsatishga shay.

Universitetimiz tomonidan 95 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan faol hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, buning natijasida o‘tgan bir yil davomida 84 nafar pedagog xodimlar, 118 nafar talabalarimiz xorijiy grantlar asosida xorij mamlakatlarida malaka oshirib keldilar. Shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan 187 nafar professor-o‘qituvchilar universitetimizga tashrif buyurishdi.

Mazkur o‘quv yilidan boshlab, Rossiya Federatsiyasining Ural davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha bakalavriat bosqichiga qabul boshlandi.

Olib borilayotgan bu kabi faoliyat natijasida universitetimizning 36 nafar talabasi so‘nggi 5 yil davomida nomdor davlat stipendialarin sohibi bo‘ldilar, 227 nafar talaba xalqaro IELTS sertifikatiga ega bo‘ldi.

O‘rnatilgan mustahkam hamkorlik natijasida 250dan ortiq korxona va xorijiy kompaniyalar universitet bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, tahsil olayotgan talabalarning amaliyot o‘tashlarini tashkil etishda faol ishtirok etmoqda.