YANGILIKLAR

Oy: Sentabr 2018

Bugun, 29 sentyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 1 oktyabr — Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Uzoq yillar ta’lim dargohimizda ilmiy va mehnat faoliyatini olib borgan faxriy professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar, san’atkorlar, madaniyat xodimlari bayram dasturxoniga taklif etildi.

 

 

Tadbirni kirish so‘zi bilan universitetimiz rektori Bahodir Xodiev ochib, barcha ustoz-murabbiylarni bayram bilan samimiy tabrikladi. Xalqimiz doimo ustoz va murabbiylarni e’zozlab kelishi, davlatimiz rahbariyati tomonidan berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik haqida to‘xtalib o‘tdi. Mamlakatimiz taraqqiyotining munosib egalarini voyaga yetkazishdek mas’uliyatli ishda ulkan zafarlar tiladi.

 

 

Bayram tadbiriga taklif etilgan O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov tomonidan ijro etilgan Vatanni madh qiluvchi, ustozlarni e’tirof etuvchi she’rlar, O‘zbekiston xalq hofizi Orolmirza Safarov, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali teatri aktyori Alisher Yo‘ldoshev ijrosidagi jonli kuy-qo‘shiqlar, estrada xonandalari Nargiz va Sardor Rasulov, universitet san’at saroyi ijodiy jamoasining chiqishlari yig‘ilganlarga yuqori kayfiyat ulashdi.

 

 

Bayram tadbiri davomida ta’lim sifati komissiyasi raisi, Marketing kafedrasi professori Qo‘chqor Dadaboev O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Faxriy yorlig‘i bilan tadirlandi. Eng faol 35 nafar professor-o‘qituvchi, ishchi-xodimga universitet ma’muriyati va Kasaba uyushmasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, universitet pedagog jamoasi hamda barcha xodimlariga bayram munosabati bilan mukofot pullari berildi.

 

 

Yoshlarimiz erishayotgan yutuqlarni ko‘rganda, yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilganda hursand bo‘lmagan yurtdoshimiz bo‘lmasa kerak. Yoshlar yutuqlarining bosh sababchisi, xizmatchisi va yuqori darajalarga ko‘taruvchi bu ustozlarning mehnatidir! Fursatdan foydalanib, barcha ustoz va murabbiylarni o‘z mehnati samarasidan bahra olib yurishni tilab qolamiz.

 

 

TDIU Axborot xizmati

Нevropa Ittifoqining Erasmus+ MIND (Management-Innovation-Development) dasturi doirasida tashkil qilingan Innovatsion biznes g‘oyalar tanlovida universitetimiz nomidan ishtirok etib, nufuzli 1-o‘rinni egallagan TDIU vakillari Bratislava texnika universitetida treningda ishtirok etdilar. Talabalar halqaro seminar doirasida 27-28 sentyabr kunlari Bratislava biznes agentligida (Bratislava Business Agency) tashrif bilan bo‘ldilar.

TDIU vakillari Slovakiya biznes agentligida yosh innovatorlar va tadbirkorlarning biznes loyihalarini hayotga tatbiq qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.

 

 

Agentlik yevropa Ittifoqi fondi va Slovakiya hukumati xalqaro dasturi asosida tashkil etilgan bo‘lib, markazda yosh tadbirkorlarga taqdim etilayotgan xizmatlarning mutloq bepul ekanligi, agentlik loyihalarni qo‘llab-qo‘vvatlash bo‘yicha maxsus ekspertlar guruhi va maxsus sharoitlar yaratilganligi tanishtirib o‘tildi. Biznes agentlik yetakchi mutaxassisi Martina Sparnikova agentlik xaqida ma’lumot berib o‘tar ekan, agentlik asosan innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatda kichik va katta bizness faoliyatini tadqiq qilish va innovatsion yangi g‘oyalarni hayotga tatbiq etishdan iborat ekanligingi aytib o‘tdi.

 

 

Tashrif jarayonida talabalarga innovatsion xizmatlar laborotoriyasi va 3D printer bilan jihozlangan maxsus startap dastur loyihasi ko‘rsatib o‘tildi.

Tashrif jarayonida talabalarga yangi innovatsion texnologiyalar va innovatsion g‘oyalar mamlakat rivojiga juda katta hissa qo‘shishi hamda kichik biznes sohasida katta o‘rin tutushi tushuntirildi.

 

 

Tashrif yakunida talabar o‘zlarining taassurotlari va fikrlari bilan Bratislava texnika universiteti professori yeva Yankovichova va biznes markaz yetakchi mutaxassisi Martina Sparnikova o‘rtoqlashdilar.

2018 yil 28 sentyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Matbuot va axborot agentligi hamda Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi bilan hamkorlikda “1oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan “Ustozlarga ehtirom” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda “Birga kitob o‘qiylik” aksiyasi o‘tkazildi. Tadbirda universitetning 300 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va ijodkorlar ishtirok etdi.

Tadbirni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, professor Bahodir Xodiyev kirish so‘zi bilan ochib, tadbirga tashrif buyurgan mehmonlarga minnatdorchilik bildirib, bunday hamkorlikda amalga oshirilayotgan tadbirlarning talaba-yoshlar hayotida juda muhim iz qoldirishini ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga, kitob o‘qigan, bilim egallagan yoshlargina ezgu maqsadlar sari intilishga, ko‘p xayrli amallarni bajarishga qodir bo‘lishi, har qanday boylik kamayadi, har qanday tuhfa bir kuni tugaydi, faqat kitobdan olingan bilimgina insonni bir umr tark etmaydi, deya fikr bildirdi.

 

 

So‘zga chiqqanlar — Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Alisher Qodirov, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi direktori Laziz Tangriyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Azamat Muxtorov, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti dotsenti, Rahimboy Jumaniyozov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, professor Nurboy Jabborov, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va dramaturg Haydar Muhammad, O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri aktrisasi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Shohida Ismoilova, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarovlar g‘oyaviy tahdid va axborot xuruji kuchayib borayotgan, ma’naviy-mafkuraviy kurash, “ommaviy madaniyat” avj olayotgan bir sharoitda yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, sadoqat, kelajakka ishonch tuyg‘usini mustahkamlash ziyolilar oldidagi g‘oyat dolzarb vazifa ekanini ta’kidlashdi.

 

 

Tadbir davomida universitet talaba-yoshlari uchun “Birga kitob o‘qiylik” aksiyasi o‘tkazildi. Mazkur aksiyada turli nashriyotlar tomonidan taqdim etilgan kitoblar talabalarni befarq qoldirmadi.

Tadbirda faxriy ustozlar, o‘qituvchilar va faol talabalarga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

 

TDIU Axborot xizmati

Korporativ boshqaruv fakulteti tomonidan joriy yilning 26-sentyabr kuni “Sport – sog‘liq garovi” shiori ostida sport o‘yinlari o‘tkazildi. Unda sportning 5 ta: futbol, voleybol, stol tennisi, badminton, shaxmat va shashka o‘yinlari bo‘yicha fakultetning 400ga yaqin talabalari ishtirok etdi.

 

 

Qizg‘in davom etgan sport o‘yinlari barcha ishtirokchilarga hamjihatlik, kurashuvchanlik va jismoniy baquvvatlik kayfiyati ulashish imkonini berdi. Sport o‘yinlarida bahslashgan ishtirokchilar va jamoalar fakultet tomonidan esdalik sovg‘alari, sertifikatlar hamda 1-, 2-, 3-darajali diplom bilan taqdirlandilar.

 

 

Universitetning talabalar turar joyida yashayotgan talabalarda bir-biriga bo‘lgan mehr-oqibat va do‘stlik rishtalarini orttirish hamda ularning ma’daniy hordiq olishlari uchun fayzli dasturxon yozilib, osh tarqatildi.

 

 

Shuningdek, fakultetning o‘ziga belgilangan “Ma’naviyat kuni”da sportning bir necha turi bo‘yicha musobaqalar va tanlovlar tashkil etilmoqda. Jumladan, barcha kurs talabalar o‘rtasida sportni ommalashtirish maqsadida kundalik va haftalik bir marotaba o‘tkaziladigan turli loyihalar yo‘lga qo‘yildi. Professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talaba-yoshlarning hafta kunlari bo‘yicha belgilangan bir kunida fakultetda sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.

Olimjon Abdusalamov,
Korporativ boshqaruv fakulteti
yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini

Oldin xabar berganimizdek, Slovakiya Texnologiya Universitetida 24-30-sentabr kunlari Erasmus+ MIND (Management – Innovation – Development) loyihasida doirasida “Talabalarning startap loyihalar va biznes yuritish bo‘yicha tajribalarini orttirish” deb nomlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

Seminar doirasida 26-sentabr kuni TDIU jamoasi Bratislava shahridagi Slovakiya Texnologiya Universitetining bo‘limi sifatida tashkil etilgan Universitet Texnologiyalar İnkubatoriga tashrif buyurishdi. Inkubatorda ularni menejer Martina Vavrenko kutib oldi va inkubator faoliyati bilan batafsil tanishtirdi.

Slovakiya Texnologiya Universiteti İnkubatori mintaqada texnologiya transferi va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lib, u yangi texnologiya kompaniyalarini yaratishga yordam beradi.

 

 

Ushbu inkubator Yevropa Ittifoqining Rivojlanish Grantlari Dasturi mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan. Inkubator binosi Bratislavadagi Pionierskey ko‘chasida joylashgan va 2005-yilda Slovakia Texnologiyalar universiteti tashabusi bilan ochilgan. Inkubatorning umumiy maydoni 2000 m2 ega. Inkubator bugungi kunda 100 ga yaqin rezidentlarga ega. Inkubatorda startup loyihalaridan tashqari tijorat asosida yosh kompaniyalar uchun ijaraga 866 m2 maydon ajratilgan. Yosh kompaniyalar uchun 15, 30 va 47 m2 maydonlarni ijaraga beriladi.

Inkubatorda tashkil etilgan dastlabgi uchrashuvda Dr. Domonik Orfi Orfanus “Sayohat va ishni muvofiqlashtirish” mavzusida taqdimot o‘tkazib o‘zining startap loyihalari va ularni amalga oshirish jarayonlarini batafsil o‘rtoqlashdi. U o‘zining taqdimotida vaqtni to‘g`ri taqismlash, startap rejasini to‘g`ri tuzish, raqobatchilar bilan hamkorlik, to‘g‘ri fikrlash va intelektni oshirish bo‘yicha o‘zining katta tajribasini ulashdi.

Inkubator yangi tashkil etilgan korxonalarni oddiy bozor narxlaridan ko‘ra arzon narxlarda ijaraga berish va qo‘shimcha xizmatlar to‘plamini ko‘rsatish orqali qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu yordam hozircha o‘z kompaniyasini asos solgan firma va tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan. Unda ko‘proq universitet talabalari va hamkor tashkilotlari o‘rin olgan. Bo‘lajak tadbirkorlar bu yerda 3 oydan 3 yilgacha bo‘gan muddatda ijara asosida o‘z faoliyatlarini yuritishlari mumkin.

 

 

Binodagi barcha xonalar yangi texnologiyalar bilan jihozlangan. Masalan, oddiy Start-up xonalariga o‘rtacha 2500 dollar mablag‘ sarflangan bundan 1250 dollari turli qulay mebelarga sarflangan.

Start-up dasturi doirasida ko‘rsatiladigan yordam uchun davogarlar (talabalar, universitet bitiruvchilari, o‘qituvchi, tadqiqotchilar) biznes va texnologiya sohasida mahsulot va xizmatlarni taqdim etishga qaratilgan innovatsion goyalarini taqdim etadilar va ular orasidan munosiblari tanlab olinadi.

Inqubatorning asosiy maqsadi:

bilimga asoslangan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash;

fan, tadqiqot va innovatsiyalarni biznes amaliyot bilan bog‘lab, mintaqaning raqobatbardoshligini oshirish va Lissabon strategiyasining maqsadlariga ko‘maklashish;

Inkubatorning missyasi Slovakianing Bratislava va Trnava mintaqalarida kichik innovatsion kompaniyalar segmentini yaratish va startup texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi asosiy institutga aylanishdan iborat.

Inkubatoda nafaqat ish xonasi balki dam olish, turli kompaniya xodimlari o‘zaro fikr almashishlari uchun xam sharoitlar yaratilgan.

 

 

TDIU jamoasi tashrif jarayonida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va turli yo‘nalishlardagi start-up loyihalar hamda kompaniyalarining tajribasini o‘rganishdi. Tadbirdan so‘ng ilmiy-innovatsion ishlanmalarni va start-uplarni moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik muzokaralari o‘tkazildi. Istiqbolda Slovakia Texnologiyalar universiteti tajribasi asosida Toshkent davlat iqtisodiyot univeristetida biznes inkubator yaratish va ko‘maklashishga kelishib olindi.

Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi

Xabaringiz bor davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2018-yil 21-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport sohasi matasadi rahbarlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan ya’ni, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish va barchani ommaviy sportni kundalik turmush tarziga aylantirish borasidagi ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida talabalarni darsdan bo‘sh vaqtlari ommaviy ravishda sportga jalb qilish maqsadida turli sport o‘yinlari yo‘lga qo‘yildi.

 

 

Jumladan, fakultetlarning o‘ziga belgilangan “Ma’naviyat kuni”da sportning bir necha turi bo‘yicha sport musobaqalari va tanlovlar tashkil etilmoqda.

Shu ma’noda, Iqtisodiyot fakulteti talaba-yoshlari o‘rtasida sportni ommalashtirish maqsadida kundalik va haftalik bir marotaba o‘tkaziladigan turli loyihalar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, talabalar turar joyida yashovchi talabalarni ertalabki badan tarbiyaga maqsadli yo‘naltirish, darsdan bo‘sh vaqtlarida turli sport o‘yinlari uchun sharoitlar yaratib berish va eng asosiysi, haftada bir kun fakultet “Ma’naviyat kuni”da sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.

 

 

2018-yil 25-sentabr kuni “Sog‘ tanda – sog‘lom aql” shiori ostida o‘tkazilgan sport o‘yinlari shu maqsadga yo‘naltirildi. Sportning 7 ta: futbol, voleybol, stol tennisi, armreysling, kurash, badminton, shaxmat va shashka o‘yinlari bo‘yicha o‘tkazilgan ushbu tadbirda fakultetning 300ga yaqin talabalari ishtirok etdi. Qizg‘in davom etgan sport o‘yinlari barcha ishtirokchilarga hamjihatlik, kurashuvchanlik va jismoniy baquvvatlik kayfiyati ulashish imkonini berdi.

 

 

Sport o‘yinlarida bahslashgan jamoalar fakultet tomonidan esdalik sovg‘alari, 1-, 2-, 3-darajali diplomlar va faol ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

Azizbek AMONOV,
Iqtisodiyot fakulteti Yoshlar bilan
ishlash bo‘yicha dekan muovini

Slovakiya Respublikasining Bratislava shahridagi Slovakiya Texnologiya Universitetida 2018-yil 24-30-sentabr kunlari Erasmus+ MIND (Management – Innovation – Development) loyihasida asosida “Talabalarning startap loyihalar va biznes yuritish bo‘yicha tajribalarini orttirish” deb nomlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur seminarda “Eng yaxshi innovatsion biznes g‘oya” tanlovida g‘olib bo‘lgan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 3 nafar talabasi — S. Rahmatillayev, J. Omontoshev, O. Fuzailov va loyiha kordinatori, Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi boshlig‘i A. Bobojonov ishtirok etdi.

 

 

Ushbu seminarning asosisiy maqsadi O‘rta Osiyo universitetlarida tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish uchun chet el tajribasidan faol foydalanish, hamkorlarimiz bilan fikr almashib, ularning startap g‘oyalari bilan amaliy tanishish bo‘lib hisoblanadi.

 

Seminarning daslabki kunida TDIU jamoasi Bratislava shahridagi Slovakiya Texnologiya Universitetiga tashrif buyurishdi va Texnologiya fakultetining dekani bilan uchrashdi. Texnologiya fakultetining dekani o‘z fakulteti va fakultetda innovation amaliyotlar loyihalari haqida gapirib o‘tdi.

 

 

TDIU jamoasi Slovakiya Texnologiya Universitetini professori Eva Jankovichova bilan universitet kampusiga tashrif buyurishdi. TDIU jamoasi tashrifdan so‘ng TDIU jamoasi professor Andrej Solteszning “Startap g‘oyalar va spin-offdan foydalanish” mavzusidagi seminarida qatnashishdi. Seminar bahs va munozalarga boy bo‘ldi. A. Soltesz o‘z taqdimotida startap loyihalarida asosiy mazmuni, startapda qanday xatolar bo‘lishi mumkin va ularni qaysi yo‘l bilan yechishi haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

Seminarda quyidagilar ko‘rib chiqildi:

– Yevropada boshlang‘ich startap ekotizimini tadqiqotlari;

– Yevropaning boshlang‘ich startap tashkilotchilarining harakatlanishi;

– Tadbirkorlik ko‘nikmalari uchun kurash;

– Mintaqaviy chempionlar;

– Tashkilotchilarning harakatlanishini boshqaradigan asosiy omillar.

Seminardan so‘ng talabalar Richard Matusekning “Biznesning moliyaviy tomonlari va Slovakiyada biznesni rivojlantirish” mavzusidagi seminarini tinglashdi. Seminar davomida TDIU talabalari biznesning asosiy moliyaviy tomonlarini o‘rganishdi va qaysi biznes sohasini Slovakiya Respublikasida rivojlantirish lozimligi haqida leksiya eshitishdi.

 

 

R. Matusek seminari davomida biznesning nozik nuqtalari bo‘yicha batafsil malumotlar berdi va biznesni boshlashdan oldin g‘oyalar bo‘lishini etib berdi. Seminar quyidagi mazmunlardan iborat bo‘ldi:

– Slovakiya Respublikasi – umuman tadbirkorlik muhiti + Moliyaviy rejalashtirish;

– Moliyaviy xarajatlarning oddiy misoli (moliyaviy rejalashtirish).

Kun davomida munozalarga va savollarga javob topishdi, seminardan so‘ng Slovakiya Respublikasining eski obidalariga TDIU talabalari tashrif buyurishdi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2018-yil 22-sentabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi hamkorligida STARTUP tashabbuslari tanlovi bo‘yicha “mahorat darsi” tashkil etildi.

Tadbirni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sherzod Mustafakulov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

BMT Taraqqiyot dasturi STARTUP loyihalari bo‘yicha mutaxassisi Usmon Rahimjonov yig‘ilish ishtirokchilariga taqdimot orqali tanlovda ishtirok etish va g‘olib bo‘lish bo‘yicha “mahorat darsi” olib bordi.

“Innovatsion g‘oya va startap loyihalarni intensiv qo‘llab-quvvatlash dasturi” yoshlar uchun o‘z innovatsion g‘oyalarini amalda sinab ko‘rish, o‘zlarining startaplarini yaratish va tadbirkorlik sohasida mukammal bilimga ega bo‘lishlari uchun imkoniyatlar yaratadi.

Ushbu dasturda 16 yoshdan yuqori yigit-qizlar, talabalar, oliy ta’lim muassasalari xodimlari, jumladan o‘qituvchilar va tadqiqotchilar ishtirok etishlari mumkin. Bundan tashqari qizlar boshchilik qiladigan jamoalar yoki loyiha jamoasi tarkibida qizlar bo‘lgan jamoalar ishtiroki rag‘batlantiriladi.

Loyiha 5 bosqichda amalga oshiriladi:

1-bosqich. Arizalarni qabul qilish. startup.chamber.uz havolasiga o‘tib «Ariza yuborish» tugmasini bosing va berilgan ariza shaklini to‘ldiring;

2-bosqich. Arizalar asosida birlamchi tanlov. Ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan loyihalar mualliflari suhbatga taklif etiladi;

3-bosqich. Jamoalar bilan suhbat. Ekspertlar guruhi Dasturda ishtirok etishlari uchun eng yaxshi loyihalarni aniqlaydi;

4-bosqich. Startaplarni yaratish bo‘yicha bir haftalik o‘quv kursi. Unda mentorlar bilan ishlash, har haftalik “trekshn” – uchrashuvlarni o‘z ichiga olgan dastur amalga oshiriladi;

5-bosqich. Namangan, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Demo day” (Taqdimot kuni).

Finalchilar istiqboldagi sarmoyachilar oldida o‘z loyihalarini taqdim etishlari va loyihani rivojlantirish uchun sarmoya olishlari mumkin bo‘ladi. Har bir hududdan uchta eng yaxshi loyiha jamoalari Toshkentda o‘tkaziladigan “Demo day”da ishtirok etish uchun taklif qilinadi va 5 nafar g‘oliblar 40 mln. so‘mdan yutuqni ko‘lga kiritadilar.

Dastur 5 kunlik Lean Startup (tejamkor startap) seminaridan boshlanadi. Nazariy qismdan so‘ng ishtirokchilar loyihaning “yo‘l xaritasi”ni tuzib, prototip yaratadi va test jarayonlarini boshlaydi.

Dastur davomida loyihalarni trekerlar yo‘naltirib boradi (ya’ni, jamoa maqsad-harakatlarini kuzatuvchi tajribali murabbiylar). Har bir bosqichda ishtirokchilar uchun marketing, soliqqa tortish, biznesni yuritishning yuridik tomonlari bo‘yicha mahorat darslari tashkil etiladi. Murabbiy va trenerlar sifatida startaplarni amalga oshirishda katta tajribaga ega bozor yetakchilari taklif etilgan. Ekspertlar o‘rnida esa Paynet, MyTaxi, Robokidz, Startup Factory kabi tashkilotlar asoschilari va mutaxassislar ishtirok etadi.

Uch oylik dastur natijasiga ko‘ra bitiruvchilar o‘z loyihalarini Respublika innovatsion g‘oyalar yarmarkasi Demo Day (namoyish kuni)da taqdim etib, kelgusi rivojlanish uchun investorlarni jalb qilish imkonini qo‘lga kiritadi.

Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi barchani ishtirok etishga chorlaydi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturi asosida umumta’lim (Foundation) kursiga o‘qishga qabul e’lon qilinadi.

 

UMUMTA’LIM (FOUNDATION) KURSI DASTURI

Qo‘shma o‘quv dasturini muvaffaqiyatli bajargan talabalar Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti diplomi va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavr diplomiga ega bo‘ladilar.

 

Ushbu qo‘shma o‘quv dastur asosida quyidagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul amalga oshiriladi:

Bakalavr – Eksportga ixtisoslashtirilgan menejment

Bakalavr – Turizm va ko‘ngil ochish maskanlari menejmenti

 

HUJJATLARNI QABUL KOMISSIYASIGA TOPSHIRISH TARTIBI

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikdagi o‘quv dasturi bo‘yicha tashkil etilgan o‘qishga kirish uchun abiturientlar universitetning qabul komissiyasiga murojaat qilishlari so‘raladi.

Umumta’lim kursi uchun qabul komissiyasiga abiturientlar tomonidan hujjatlarni topshirish 2018 yilning 25 sentyabrdan 10 oktyabrgacha davom etadi. Qabul komissiyasining ish vaqti soat 9:00 dan 18:00 gacha. Hujjatlar universitetning 2-binosida qabul qilinadi.

 

QABUL KOMISSIYASIGA TOPSHIRILADIGAN HUJJATLAR

Rektor nomiga ariza;

Pasport va 2 dona pasport nusxasi (doimiy yashash manzili ko‘rsatilgan holda);

Shahodatnoma, diplom va uning ilovasi (ingliz tiliga tarjima qilingan va notarius tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim)

Ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat (IELTS 5.5 yoki TOEFL 75, CEFR B1);

6 dona rasm (3.5X4.5 hajmda);

 

KIRISH IMTIHONI TARTIBI

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikdagi o‘quv dasturiga kirish uchun abiturientlar matematika fanidan test imtihoni topshiradilar.

O‘qish muddati jami 4 yilni tashkil etadi, shu jumladan umumta’lim (Foundation) kursi – 1 yil, asosiy kurs – 3 yil

Hurmatli abituriyentlar

Rossiya Federatsiyasining Ural davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xalqaro qo‘shma ta’lim dasturi bakalavriat bosqichi uchun 2018-yil 17-sentyabrda o‘tkazilgan kirish test sinovi natijalari e’lon qilindi.

Hujjat topshirgan abituriyentlar 20 sentyabr kunidan boshlab Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining rasmiy veb-saytidan test natijalarini bilib olishlari mumkin.

http://mr.tsue.uz/