Bugun, 19 may kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Jahon iqtisodiyoti kafedrasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida “Mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirish, faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlashda erkin iqtisodiy hududlardan samarali foydalanish” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Seminar ishini Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiev, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari Sherzod Shermatov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Ilmiy-amaliy seminarni o‘tkazishdan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 maydagi “Faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ 3697-sonli qarori, 2018 yil 7 maydagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlaridan kelib chiqqan holda oliy ta’lim muassasalari hamda sanoat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni innovatsion faoliyat doirasida tashkil etish, shuningdek erkin savdo hududlari faoliyatida xorijiy sarmoyalarni jalb etgan holda innovatsion faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan.

Ilmiy-amaliy seminarda kafedra yosh olimlari, doktorantlar va talabalar o‘z taqdimotlari, innovatsion ishlanmalari bilan ishtirok etishi, amaldagi muammolar atroflicha o‘rganilib, ularga aniq yechimlar topishga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu ilmiy-amaliy seminarda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Davlat investitsiya qo‘mitasi, Navoiy erkin iqtisodiy hududi korxonalari vakillari, shuningdek bir qator tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

2018-yil 18-may kuni “Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Birlashgan millatlar tashkiloti ichki modeli” amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Birlashgan millatlar tashkiloti ichki modeli” dasturi ishlab chiqildi.

Dasturga muvofiq, universitetning beshta fakulteti bakalavriat talabalari hamda magistratura bo‘limi magistrantlari to‘liq qamrab olingan holda Birlashgan millatlar tashkilotining modeli tashkil etildi.

Bu konferensiyaning e’tiborli tomoni shundaki konferensiya faqat ingliz tilida o‘tkaziladi va talabalarda xalqaro konferensiyalarda qatnashish shuningdek, o‘zini tutish ko‘nikmalarini oshiradi.

Konferensiya davomida ishtirokchilar o‘zlariga ajratilgan davlatlarning nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda, berilgan mavzu bo‘yicha o‘z qarashlarini himioya qildilar. Ishtirokchilar o‘z fikrlarini bildirdilar, tegishli masalalar hal qilindi va konferensiya so‘ngida mavzu bo‘yicha o‘zida barcha davlatlarning nuqtai nazarlarini mujassam etgan rezolyutsiya qabul qilindi.

O‘quvchilarning bilim malaka ko‘nikmalarini oshirish hamda pedagog kadrlarni bilim salohiyatini oshirish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 195-sonli ixtisoslashgan umumta’lim maktabi o‘rtasida hamkorlik memorandum tuzildi va tasdiqlandi.

2018 yil 2 mayda 195-IDU maktabning 10-sinf o‘quvchilarini qiziqishlari bo‘yicha Toshkent davlat iqtisodiyot universititetining moddiy-texnik bazasi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashriflar tashkil etildi.

ARM va Universitet tarixi muzey

2018 yil 17 may kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Toshkent shahar Chilonzor tuman 195-sonli maktab 10-sinf o‘quvchilarini qiziqishlari bo‘yicha Toshkent davlat iqtisodiyot universititetining ARM, moddiy-texnik bazasi va tarixi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashriflar tashkil etildi.

Shuningdek, Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi mudiri I. Xotamov va katta o‘qituvchilar B. Sultanov G‘. Yuldashevlar tomonidan o‘quvchilarga universitetning ARM va muzeyida universitet tarixi bilan tanishtirish ishlari amalga oshirildi.

“Mahorat darsi” o‘tkazildi

“Mahorat darsi” mashg‘uloti davomida o‘quvchi-yoshlarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imtihonlari oldidan maktab o‘quvchilariga kasbga yo‘naltiruvchi ma’lumotlar va maslahatlar berildi. Jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti faoliyati, uning tarkibidagi fakultetlar, kafedralar va ta’lim yo‘nalishlari haqida tanishtirib o‘tildi. Kirish imtihonlari – testlarning o‘tkazilish tartibi, test jarayoni qaysi fanlardan bo‘lishi, har bir fan bo‘yicha ajratilgan ballar, oxirgi yillrida test qabul qilish tartibi, fanlar bo‘yicha test savollari tarkibiga (xorijiy tillar va axborot texnologiyalariga oid) kiritilgan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Shuningdek, mashg‘ulot davomida, Mikroiqtisodiyot fanidan “Ishlab chiqarish xarajatlari” mavzusida dars o‘tkazildi. Dars boshlanishida katta o‘qituvchi B. Sultanov o‘tilayotgan mavzu, mavzu rejasidagi savollar, mavzuni o‘zlashtirishda keng foydalanish mumkin bo‘lgan va universitetning www.tsue.uz sayti joylashtirilgan “Mikroiqtisodiyot” faniga oid xorijiy adabiyotlar va me’yoriy-xuquqiy xujjatlar bilan tanishtirdi.

Dars davomida “Ishlab chiqarish xarajatlari” mavzusi rejasiga kiritilgan quyidagi savollar keng yoritildi: Korxonaning qisqa muddatli va uzoq muddatli oraliqdagi faoliyati; Umumiy, o‘zgarmas, o‘zgaruvchan va chekli xarajatlar; O‘rtacha xarajatlar va ularning grafiklarini o‘zaro joylashuvi; yetakchi tarmoq va sohalarda mahsulot ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishning asosiy yo‘llari. Dars jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalardan keng foydalanildi. O‘tkazilgan dars o‘quvchilar tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 2-bino majlislar zalida Germaniya hamda xorijda ko’p yillik tajribaga ega bank va moliya-kredit masalalari bo’yicha yetakchi mutaxassis Peter von Kapri bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Germaniyalik olim o‘z ma’ruzasi davomida Loyiha menejmenti sohasi va boshqaruv masalalarida to‘plagan uzoq muddatli tajribasi haqida ta’lim dargohimizning ilmiy izlanuvchilariga gapirib berdi.

Xalqaro turizm fakulteti O‘zbekiston tarixi kafedrasi tomonidan “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan 1-sonli talabalar turar joyida davra suhbati o‘tkazildi. Unda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti faxriysi, professor N. Ergashev, Xalqaro turizm fakulteti dekani I.Axmedov, O‘zbekiston tarixi kafedrasi mudiri M. G‘anievalar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Davra suhbatini Xalqaro turizm fakulteti dekani I. Axmedov kirish so‘zi bilan ochib berdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 9 may – “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan barcha Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari va ona vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilayotgan fuqarolarga yo‘llagan bayram tabrigining mazmun-moxiyatini talabalarga yetkazdi.

Shundan keyin so‘z asosiy ma’ruzachi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti faxriysi, professor N. Ergashevga berildi. U o‘z ma’ruzasida qariyb yarim million yurtdoshimiz shu urushda halok bo‘lgani, qancha-qanchasi nogiron, mayib-majruh bo‘lib qaytgani, qancha-qancha ayollar beva, bolalar yetim bo‘lib qolganini, xalqimiz ayni shunday og‘ir ­vaziyatda kunni – kun, tunni – tun demasdan, mashaqqatli mehnat qilib, front uchun, g‘alaba uchun munosib hissa qo‘shganligini, urush boshlanishi bilan front hududlaridan O‘zbe­kistonga ko‘chirilgan 1 millionga yaqin oila va bolalarni el-yurtimiz qabul qilganligini, oxirgi bir burda ­nonini ham ular bilan baham ko‘rgani, “Sen yetim emassan” deb, ularning ­barchasini o‘z bag‘riga olib, nafaqat boshpana bergani, o‘z qalbini ochib, mehr-muruvvat ko‘r­sat­ganligini, undan tashqari Surxondaryo viloyatining Sarosiyo tog‘larida jangarilar bilan kechgan mardonavor kurashda o‘zbek yigitlarining ko‘rsatgan jasoratlari haqida fikr bildirdi.

Shundan so‘ng kafedra mudiri M. Ganieva so‘z olib, Ikkinchi jahon urushining kelib chiqish tarixi, ota-bobolarimizning beshaf­qat jang maydonlarida mardlik va matonat ko‘rsatgani uchun ularning 338 nafari “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lganligini, ming-minglab yurtdoshlarimiz jangovar orden va medallar bilan taqdirlangani, bularning barchasini xalqimizning fashizmga qarshi kurashda ko‘rsatgan ­jasorati va botirligining ­amaliy namoyishi ekanligini, har qaysi xalqning odamiyligi va ma’naviy qadriyatlari, mehr-oqibat va olijanobligi ana shunday unutilmas damlarda yaqqol namoyon bo‘lishligini aytib o‘tdi.

Tadbir ma’ruzalaridan so‘ng ishtirokchilar tomonidan savol-javoblar asosida suhbat davom etdi. O‘tkazilgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, qiziqarli va mazmunli o‘tdi.

Bugun, 17-may kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida «Makroiqtisodiyot va mikroiqtisodiyot» fani bo‘yicha talabalar respublika fan olimpiadasining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning turli oliy o‘quv yurtlaridan 23 nafar talaba o‘zaro g‘oliblik uchun o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra TDIU Iqtisodiyot fakulteti Iqtisodiyot (Makroiqtisodiyot) yo‘nalishi, 3-bosqich talabasi Samandarov Zuhriddin Raup o‘g‘li 368 ball to‘plab birinchi o‘rinni, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti, Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Isroilov Muhiddin Isomiddin o‘g‘li 250 ball bilan ikkinchi, O‘zbekiston Milliy universiteti Kadrlar menejmenti yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Madrahimova Shohista Rasuljon qizi 239 ball to‘plab uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdilar.

Talabalar respublika fan olimpiadasi so‘ngida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan va ishtirokchi talabalarga, ularning ilmiy rahbarlariga Faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan talaba-yoshlar o‘rtasida “Milliy kurash” bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.

Ushbu musobaqada 3-vazn toifada bo‘lib o‘tdi.

66 kg bo‘yicha bo‘lgan bahslarda ishtirok etgan talabalar orasida 3 nafar talaba sovrindor bo‘lishdi.

1-o‘rin: Suvonov Humoyun TDIU Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti talabasi.

2-o‘rin: Mamatqulov Ibroxim TDIU “Buxgalteriya hisobi va audit fakultet talabasi.

3-o‘rin: Xalilov Shohrux Xalil o‘g‘li TDIU Buxgalteriya hisobi va audit fakultet talabasi.

81 kg bo‘yicha bo‘lgan bahslarda ishtirok etgan talabalar orasida 4 nafar talaba sovrindor bo‘lishdi.

1-o‘rin: Xurramov Nodir TDIU Buxgalteriya hisobi va audit fakultet talabasi.

2-o‘rin: Xurramov Ernazar Dinamo sport majmuasi tarbiyalanuvchisi.

3-o‘rin: Shoimov Rustam O‘zMU talabasi, Eshonqulov Xurshid TIDU talabasi.

81 kg.dan yuqori og‘irlik bo‘yicha bo‘lgan bahslarda ishtirok etgan talabalar orasida 4 nafar talaba sovrindor bo‘lishdi.

1-o‘rin: Bo‘tayev Muxriddin TDIU talabasi.

2-o‘rin: Jiyanmurodov Sardor O‘zMU talabasi.

3-o‘rin: Choriyev Doston TTESI talabasi, Jumayev Sohib TDIU talbasi.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zMTDP fraksiyasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida ochiq muloqot tashkil etildi. «Turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlashda ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish» mavzusida o‘tkazilgan tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya faollari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Ochiq muloqot davomida Turizm va servis kafedrasi faoliyati hamda Harakatlar strategiyasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, Turizm va servis kafedrasining  innovatsion hamkorligi doirasida olib borilayotgan ishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Tadbir yakunida partiya faollari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari universitetda olib borilayotgan ta’lim-tarbiya jarayoni bilan bevosita tanishdilar.

Xotira – о‘tganlarni eslatib turadi, о‘zlikni anglatadi. Qadr – insonni ulug‘laydi, jamiyatni bezaydi. Xotira va qadrlash kuni mazmun-mohiyatida ana shunday ezgu tamoyillar mujassam. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, hamjihatlik va bag‘rikenglik mustahkam qaror topdi. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mehr-oqibat tuyg‘ulari odamlar qalbi va shuuridan chuqur joy oldi. Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, bugun saflarimizda yurgan, elu yurt tinchligi va ravnaqi yо‘lida xizmat qilgan keksalarni e’zozlash ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.

«Xotira va qadrlash kuni» munosabati bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Ingliz tili kafedrasi professor-o‘qituvchilari uzoq yillar ushbu kafedrada talaba-yoshlarga ta’lim bergan Minavara Begidjanova xonadoniga tashrif buyurdilar.

Uchrashuv davomida mehnat faxriysi tashrif  buyurgan kafedra a’zolariga o‘zining samimiy tashakkurini izhor qildi. Mehnat faoliyati davomida bo‘lib o‘tgan qiziqarli voqealar esga olindi.

Tashrif buyuruvchilar Minavara opaga mustahkam sog‘liq, uzoq umr tilab o‘zalarining esdalik sovg‘alarini topshirdilar.

Iqtisodiyot fakulteti jamoasi 2018-yil 3-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi “Urush va mehnat faxriylari” Respublika pansionati tashrif uyushtirishdi.

Prezidentimizning joriy yil 16 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida uyushtirilgan tadbirdan maqsad Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari, yoshi ulug‘lar, turli sohalarda fidoyilik ko‘rsatgan ajdodlarimizni hurmatlash, ularni e’zozlashdan iborat.

Shu ma’noda Iqtisodiyot fakulteti va Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasi professor o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar Toshkent shahrida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi “Urush va mehnat faxriylari” Respublika pansionatida istiqomat qilayotgan o‘zgalar parvarishaga muhtoj yakka-yolg‘iz qariya va nogironlar holidan xabar olish uchun tashrif buyurishdi.

Pansionatda istiqomat qiluvchi keksalar ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olishdi tadbir davomida “Uch avlod uchrashuvi” muloqotlari bo‘lib o‘tdi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari qonli urush yillari va uning oqibalari haqida eslab, aytish shuningdek, tinchlikni osrash va uni qadriga yetishga barchani chorlashdi.

Tashrif davomida keksalar samimiy ilik so‘zlar aytildi, tilaklar, muloqotlar qilindi va esdalik sovg‘alar berildi.


Shaxnoza RAXMUTULLAYEVA,
Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasi dotsenti