O‘zbekistonda marketing va reklama sohasidagi eng katta tadbir bu – ADWEEK marketing va reklama haftaligi hisoblanadi. Ilk marotaba 2016 yilda tashkil etilgan mazkur haftalik marketing va reklamaga befarq bo‘lmagan mutaxassislar uchun muhim voqyea bo‘lib qoldi. Ushbu haftalik bugungi kunda marketing va reklamaga oid ko‘rik-tanlovi, yarmarka hamda konferensiyalarni o‘z ichiga qamrab olmoqda. ADWEEK bu – professional muloqot, zamonaviy marketing va reklama texnologiyalaridagi yutuqlar ko‘rgazmasi va bilimlar hamda amaliy tajriba almashinuvidir.

Toshkentda 2018-yilning 26-fevral – 2-mart kunlari Marketing va reklama haftaligi deb e’lon qilingani barchamizga ma’lum. Mazkur haftalik bir nechta yirik tadbirlarni qamrab olib, ulardan biri 27-fevral, seshanba kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Milliy marketing markazi bilan hamkorlikda “Innovatsion g‘oyalar, texnologiya va loyihalar” ko‘rik-tanlovi hamda mahorat darslari ketma-ketligidan iborat keng miqyosli Innovatsion yarmarka bo‘lib o‘tdi.

Ilk marotaba Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Milliy marketing markazi bilan hamkorlikda ADWEEK marketing va reklama haftaligi doirasida “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”ga bag‘ishlangan “Innovatsion g‘oyalar, texnologiya va loyihalar” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Ko‘rik-tanlovi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi shafeliklari ostida tashkil etildi.

Mazkur tadbirda xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari va mahalliy OTM talabalarining iqtidorlarini namoyon etish, ular tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion ishlanmalarni munosib baholash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda ularni moddiy-ma’naviy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan edi. “Innovatsion g‘oyalar, texnologiya va loyihalar” ko‘rik-tanlovida TDIUdan tashqari Toshkent shahrining 12 ta OO‘Yudan iqtidorli talaba-yoshlar o‘z innovatsion g‘oya va ishlanmalari bilan ishtirok etishdi.

Ko‘rik-tanlov ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda talaba-yoshlar tomonidan yaratilgan innovatsion loyiha taqdimotlarini eshitish, ularni baholash va g‘oliblarni taqdirlashga bag‘ishlandi. Talabalar tomonidan taqdim etilgan innovatsion loyihalar, ishlanmalar, texnika-texnologiyalar va g‘oyalarni taqdim etish shakli: taqdimot va turli xildagi ishlanmalar, texnika-texnologiyalar va moddiy ko‘rinishda amalga oshirildi.

Taqdimotda innovatsion loyihaning mavzusi, loyiha muallifi-talabaning familiyasi, ismi va sharifi, loyihaning maqsadi, loyihaning bugungi kundagi ahamiyati, imkoniyatlari, xorijiy mamlakatlar va mahalliy iqtisodiyotda analogining mavjudligi va ulardan farqli jihatlari, hayotga tatbiq etish mexanizmi, uning samaradorligi, unumdorligi hamda natijadorligi, aniq hisob-kitoblari, yakuniy xulosa kabi boshqa zaruriy slaydlar bo‘lishi talab etildi. Texnika va texnologiyalar bo‘yicha tanlovda ishtirok etayotgan talabalardan buyumlashgan ko‘rinishda yaratgan texnika-texnologiya va ishlanmani taqdim etish talab etildi.

Loyiha taqdimotida uchta nominatsiya: “Eng yaxshi innovatsion biznes g‘oya va loyihalar”, “Eng yaxshi innovatsion AKT va ishlanmalar” hamda “Eng yaxshi innovatsion texnika va texnologiyalar” bo‘yicha tanlovda ishtirok etadigan yoshlarning ishlanmalarini baholash uchun yo‘nalishlar kesimida professor-o‘qituvchilar, amaliyotchi-mutaxassislardan tarkib topgan ekspertlar guruhi tuzildi. Uch guruhdan iborat ekspertlar uchta nominatsiya bo‘yicha taqdim etilgan ishlanmalarni baholab, g‘oliblarni aniqladilar va ularga 1-,2-, 3- darajali diplomlar va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Tadbirning ikkinchi qismida respublikaning nufuzli va muvaffaqiyatga erishgan, yirik investitsion loyihalarni amalga oshirib kelayotan biznes vakillari – Murod Nazarov «Murad Buildings» kompaniyasining asoschisi, kompaniya direktori, Zafar Xoshimov «Korzinka.uz» komaniyasining asoschisi, kompaniya direktori, Dilshod Azimov O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, bo‘lim boshlig‘i, Akmal Fayziev «My Taxi» kompaniyasi asoschisi, kompaniya direktori, Vecheslav Kan «torg.uz»ni tashkil qilgan tadbirkorlarning “mahorat dars”lari tashkil etildi.

 

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, texnologiyalarga bo‘lgan insonlarning ehtiyoji shiddat bilan o‘sib bormoqda. Iqtisodiyotning globallashuvi sharoitida ilm-fan va innovatsiyalarda ortda qolib ketmaslik uchun zamon bilan qadam ba qadam borishlik talab etiladi. Buning uchun esa, ichki imkoniyatlarni ishga solgan holda, iqtidorli va kreativ mushohada qiladigan talaba-yoshlarni kashf etish mexanizmini takomillashtirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shularni e’tiborga olib TDIU da tashkil etilgan “Innovatsion g‘oyalar, texnologiya va loyihalar”ga bag‘ishlangan ko‘rgazma – bu barcha OO‘Yu ishtirokchilari uchun o‘zlarining innovatsion biznes g‘oyalari, loyihalari va ishlanmalari hamda uning samarasi uchun yangi g‘oyalar, original yechimlar manbasi va muloqat maydonchasi bo‘lib xizmat qildi desak, ayni xaqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tarkibidagi Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 515-son qarorining 14-bandiga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, bevosita Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tarkibiga kiradi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari, Davlat inspeksiyasi hamda universitet rektorining buyruqlari va qonuniy ko‘rsatmalariga, shuningdek Bo‘lim to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq olib boradi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limining asosiy maqsadi — universitet talabalari bilimlarining davlat ta’lim standartlariga muvofiqligini o‘rganib borish, tahlil qilish, kadrlar tayyorlash sifati monitoringini yuritish, universitetni ichki attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil etish va uning natijalari bo‘yicha ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish va oldini olish choralarini ko‘rishdan iborat.

Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limining asosiy vazifalari

ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarning davlat ta’lim standartlari (DTS), malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlari bilan ta’minlanganligini tahlil etish va ularni ekspertiza qilish;

universitetda ta’lim jarayoni sifatini, uning o‘quv adabiyotlari va o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlanganlik darajasini o‘rganish;

universitet talabalari bilimlarining DTSga muvofiqligini o‘rganib borish, tahlil qilish;

ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash;

kadrlar tayyorlash sifati monitoringini yuritish;

universitetni ichki attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil etish, natijalari bo‘yicha ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni aniqlash, ma’lumotlarni universitet rektoriga hamda Davlat inspeksiyasiga taqdim etish;

universitetda attestatsiya, ta’lim sifatini o‘rganish bilan bog‘liq jarayonlarda aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlarni o‘z vaqtida bartaraf etilishi ustidan nazorat o‘rnatish;

ta’lim sifatini belgilovchi ko‘rsatkichlarning holatini monitoring qilish va aniqlangan muammolar va kamchiliklar yuzasidan tegishli tarkibiy tuzilmalarga takliflar berish;

ta’lim sifatini oshirish maqsadida professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish jarayonida zamonaviy usullar va uslublardan foydalanish samaradorligini tahlil qilish;

universitetning tarkibiy tuzilmalarida (fakultet, kafedra, bo‘lim, markaz, akademik litsey) pedagog xodimlarning kasbiy malakasi holatini, shuningdek oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda malaka oshirish va qayta tayyorlash yo‘nalishlaridagi sifat darajasini aniqlash maqsadida ichki monitoringni o‘tkazish, tahliliy ma’lumotlarni tayyorlash, aniqlanagan kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha universitet rektoriga takliflar kiritish;

universitet professor-o‘qituvchilari tayanch ma’lumotlarining tegishli dars beradigan fan(lar)iga mosligini tahlil qilish yoki ularning tegishli qayta tayyorlashdan o‘tganligini yoki mos ixtisoslik bo‘yicha ilmiy unvon, darajaga ega ekanligini o‘rganish natijalari to‘g‘risida universitet rektoriga ma’lumot kiritish;

universitetning o‘quv jarayoni, ilmiy-tadqiqot, ilmiy-uslubiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar rejalarining bajarilishini monitoring qilish;

ta’lim jarayoni moddiy-texnik bazasi holatini tahlil qilish, uni rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha takliflar berish;

universitetda talabalar amaliyotining ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni inobatga olingan holda tashkil etilganligini va uning samarasini nazorat qilish;

Davlat inspeksiyasining topshirig‘iga binoan OTMlar reytingini aniqlashga va baholashga oid ma’lumotlarni to‘plashda, o‘tkaziladigan attestatsiya va ta’lim sifatini o‘rganish bilan bog‘liq jarayonlarda ishtirok etish;

talabalar bilimini baholash jarayonini tahlil qilish asosida reyting ballarining xolisligini, shaffofligini va sifat darajasini baholash;

universitetdagi ijtimoiy muhit, kadrlar tayyorlash va ta’lim sifatini o‘rganish maqsadida doimiy ravishda talaba, ota-ona, professor-o‘qituvchi va kadrlar iste’molchilari o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish;

bo‘lim xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasi yoki xalqaro loyihalar va universitet hisobidan rivojlangan xorijiy davlatlarning nufuzli o‘quv va ilmiy markazlari tajribasini o‘rganish va ularni ta’lim jarayoniga tadbiq etish;

universitet reytingini xalqaro darajaga ko‘tarishga qaratilgan chora-tadbirlarni oliy ta’lim muassasasi rahbariyati bilan birgalikda ishlab chiqish va uni ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etish;

universitetning tegishli tarkibiy tuzilmalari bilan hamkorlikda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan o‘quv seminarlari va treninglarni o‘tkazish;

universitetda jamoatchi ekspertlar bazasini shakllantirish va ular bilan qo‘yilgan vazifalar doirasida seminar mashg‘ulotlarini muntazam ravishda o‘tkazib borish;

o‘quv jarayoni bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsion hamkorlik, innovatsion g‘oyalar, ishlanma va texnologiyalarning amaliy tatbig‘i masalalari monitoringini yuritish;

universitet Kengashida, davra suhbatlari va anjumanlarda bo‘lim tomonidan ta’lim sifatini oshirishga oid amalga oshirilgan o‘rganish va monitoring natijalari to‘g‘risida ma’lumotlar berib borish;

ta’lim sifati holatini o‘rganish natijalariga asoslanib tegishli takliflarni universitet rektoriga taqdim etish.

Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi Bosh bino 11-qavat 4- va 5-xonalarda joylashgan.

Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i — i.f.d. prof., Norboy G‘aniyevich Karimov.

Murojaat uchun telefon raqami: 0 (371) 239-28-43

“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy marketing markazi tomonidan 2018-yilning 26-fevralidan 2-martiga qadar respublika miqyosida “ADWEEK” marketing va reklama haftaligi tashkil etilmoqda.

Mazkur tadbirda xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari va mahalliy OTMlari talabalarining iqtidorlarini namoyon etish, ular tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion ishlanmalarni munosib baholash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda ularni moddiy-ma’naviy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Haftalik doirasida 2018-yil 27-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 1-binosida “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar” ko‘rik-tanlov o‘tkaziladi.

Unda quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha eng kuchlilar saralab olinadi:

Eng yaxshi innovatsion biznes g‘oya va loyihalar;

Eng yaxshi innovatsion AKT va ishlanmalar;

Eng yaxshi innovatsion texnika va texnologiyalar.

Hamkorlar — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilligi munosabati bilan madaniy-innovatsion tadbir o‘tkazildi.

Har bir xalqning tarixiy, madaniy-milliy qiyofasini aniq belgilovchi ulug‘ shohlari, buyuk olimlari, yirik adib va shoirlari bo‘ladi.

Insoniyatning abadiyatga mansub ana shunday buyuk farzandlari safida Zahiriddin Muhammad Bobur ham o‘z o‘rniga ega. Kishilik tarixida Boburchalik shaxsiy imkon, iqtidor va fazilatlari beqiyos kishilar juda kam uchraydi.

Bobur — buyuk podshoh, mumtoz shoir, nazariyotchi adabiyotshunos, faqih, tilshunos, san’atshunos, etno­graf, hayvonot va nabotot olamining bilimdoni sifatida ko‘pqirrali faoliyat va ijod sohibi edi. Birgina “Boburnoma” uning yigirmadan ortiq sohalarga qiziqqanligiga yaqqol misoldir.

14 fevral — mamlakatimizda milliy she’riyatimiz tarixidan mustahkam o‘rin olgan, Vatan sog‘inchi, insoniylik, mehr-oqibat va muhabbatni tarannum etuvchi go‘zal g‘azallari qalblarga huzur bag‘ishlagan bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi kunidir.

Sana munosabati bilan yurtimizning barcha go‘shalarida ulug‘ shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilligi keng nishonlanmoqda.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini o‘rganish va keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan ma’ruzali va musiqiy-madaniy chiqishlar, “Badiiy kechalar”, intelektual ko‘rik-tanlovlar, milliy liboslar va qo‘g‘irchoqlar ko‘rgazmalari shuningdek, “BoburDay” aksiyasini keng targ‘ib qiluvchi maxsus bannerlar yonida rasmga tushish marosimlari va boshqa bir qator ko‘plab targ‘ibot loyihalari amalga oshirildi. Unda shoirlar, yozuvchilar, olimlar, sa’natkorlar, xonandalar, sport sohasi namayondalari, turli sohalar va yo‘nalishlarda xalqaro va Osiyo chempionalari, nomdor stipendiyalar sovrindorlari faol ishtirok etdi.

Aytish o‘rinliki, universitet professor-o‘qituvchi va talaba-yoshlari Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirlarda faol ishtirok etib, buyuk davlat arbobi, sarkarda, shoir va yozuvchi bobokalanimizning milliy tarixchiligimizda qilgan buyuk ishlari, ijodi va boy madaniy meroslarini keng o‘rganishdi.
Ishtirokchilar tadbir doirasidagi esdalik video va foto lavhalarini onlayn tarzda ijtimoiy tarmoqlar va veb-saytlarda keng yoritib bordilar.

     

Photo by: Humoyun Rakhmatov

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston-Rossiya Ikkinchi yoshlar forumi doirasida “Yoshlar siyosati, ta’lim va fan” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda “Rossiya yoshlar ittifoqi” umumrossiya jamoat tashkiloti, Rossiya Federatsiyasining fan va ta’lim nazorati federal xizmati davlat byudjeti muassasasi vakillari, Moskva viloyat Yosh olimlar kengashi a’zolari, Kuzbass davlat texnika universiteti professor-o‘qituvchilari, Moskva texnologiyalar universitetining yoshlar siyosati va xalqaro aloqalar bo‘limi vakili, TDIU professor-o‘qituvchilari, iqtidorli talabalari, ilmiy izlanuvchi xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston hamda Rossiya davlatlari o‘rtasida yoshlarga oid davlat siyosatini samarali amalga oshirish istiqbollari borasida ikki mamlakat tajribalarini yaqindan o‘rganish, shuningdek fan, ta’lim va texnologiya sohalarida O‘zbekiston va Rossiya yosh olimlarining amalga oshirib kelayotgan innovatsion yangiliklari, modellari hamda g‘oyalari bilan yaqindan tanishish, bu boradagi ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Davra suhbati davomida “Moskva viloyati yosh olimlar jamiyati faoliyatining tuzilishi va hamkorlik istiqbollari”, “Kuzbass davlat texnika universiteti yoshlar ilmiy dasturlari va loyihalari ilmiy-innovatsion faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish”, “MDHga a’zo davlatlarning yoshlar bilan ishlash faoliyatini tashkil qilish. MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida malaka oshirishning zamonaviy tarmog‘ini tashkil etish”, “Globallashuv jarayonida yosh olimlar oldida turgan asosiy vazifalar”, “O‘zbekistonda yoshlar ilm-fanini yanada rivojlantirishning zamonaviy omillari”, “O‘zbekiston Respublikasida global innovatsion indekslarning tamoyillarini amalda tatbiq qilishda yoshlarning ishtiroki” kabi mavzular tinglanib, ishtirokchilar tomonidan keng muhokama qilindi.

 

 

2018-yil 3-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida doktorantlar, tayanch doktarantlar va mustaqil izlanuvchilarning ilmiy-uslubiy seminari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni universitet rektori Bahodir Xodiev kirish so‘zi bilan ochib, ta’lim dargohimizda ilmiy tadqiqotlar sohasida olib borilayotgan tizimli ishlar va 2018 yilda izlanuvchilar oldida turgan muhim vazifalar, oliy ta’lim — ilm-fan — ishlab chiqarish integratsiyasini amalga oshirishning usul va vositalari xususida gapirib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmadbek Yusupov so‘zga chiqib, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimi, doktarantlarning ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar va qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Tadbir davomida ilmiy izlanuvchilar o‘zlarini qiziqtirayotgan, duch kelayotgan muammolar yechimi, faoliyat davomida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar yuzasidan ma’ruzachilardan atroflicha ma’lumot olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan nashrga tayyorlangan “Dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalari”, “Dissertatsiyalar ilmiy natijalarining amaliyotga joriy qilinishini baholash bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar” risolasi ishtirokchilarga tarqatildi.

***

Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tashkil etildi.