YANGILIKLAR

Bo'lim: Tadbirlar

Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakuleti hamda Ekonometrika kafedrasi tomonidan Talabalar turar joyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbusning 2-yo‘nalishi ijrosi yuzasidan “Sport — sog‘lom turmush tarzi garovi, sog‘lom fikr, sog‘lom tana, to‘g‘ri maqsad, faol harakat – ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishning asosi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi Bosh kotibi Shukurillo Karimov, Xokey bo‘yicha chempioant musobaqalarini o‘tkazish departamenti direktori Vladimir Storonkin, Xokkey federatsiya matbuot kotibi Iskandar Axmedov ishtirok etib, sportning inson hayotidagi ahamiyati haqida ma’lumoti berdilar. Shuningdek, taklif etilgan O‘zbekiston xokkey federatsiyasining asosiy maqsadi haqida ham to‘xtalib o‘tdilar. Federatsiyani tashkil etishdan maqsad mamlakatimizda xokkeyni rivojlantirish, targ‘ib qilish va ommaviylashtirish, shuningdek, shaxsni har tomonlama va uyg‘un kamol toptirishda uning rolini kuchaytirish hamda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga ko‘maklashish ekanligi qayd etildi.

 

Turizm va servis kafedrasi tomonidan 14-yanvar “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Vatan himoyasi yurtimiz tinchligi va osoyishtalik garovi” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining talabalar turar joyida bo‘lib o‘tib, unda Xalqaro turizm fakulteti dekanati, Turizm va servis kafedrasi professor-o‘qituvchilari va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi zobiti, katta leytenant Sardor Xudoyberdiev, serjant Jahongir Qo‘chqorov, kichik serjant Muxammadali Alijonov hamda 50 nafardan ortiq talabalar ishtirok etdi.

Tadbir davomida kafedra professor-o‘qituvchilar tamonidan savollar berildi hamda talabalar bilan savol-javoblar o‘tkazildi. Tadbir yakunida tashrif buyurgan mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘tkazilgan amaliy tadbir talabalarda katta taassurot qoldirib, qiziqarli va mazmunli o‘tkazildi.

 

Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti hamda Kasb ta’limi (iqtisodiyot) kafedrasi tomonidan 14-yanvar “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni” deya nomlangan tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda fakultet dekanati, kafedra professor-o‘qituvchilari hamda O‘zbekiston Milliy universiteti Harbiy kafedrasi katta o‘qituvchisi, mayor Jasurbek Sapayev mehmon sifatida ishtirok etdi. Tadbirga taklif etilgan mehmon o‘z kasbiy faoliyatidan kelib chiqib, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, jamiyatda asosiy fidoiy shaxs sifatida kamol topish borasidagi o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi.

Fakultet talaba-yoshlari tomonidan berilgan savollarga mazmunli javob berildi. Tadbir barchaga ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.

 

Ayni kunlarda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topganining 28 yilligi munosabati yurtimizning barcha hududlarida qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama teatri hamkorligida “Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati” shiori ostida “Milliy armiyamiz – sadoqat, jasorat, matonat maktabidir” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda universitetda ko‘p yillar mehnat qilgan va hozirda nafaqada bo‘lgan mehnat faxriylari hamda amalda ishlayotgan professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etishdi.

Madaniy-ma’rifiy tadbirda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, professor Muxtor Rasulov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi qoshidagi “Ma’rifat targ‘ibotchilari” jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botir Ergashev, shoir Mirzo Karim va boshqalar tomonidan vatan himoyachilari kuni tarixi, buguni va kelajagi haqida, bugungi kunda milliy asoslarga ega zamonaviy armiyaning yaratilganligi, vatanparvarlikning ko‘rinishlari va ahamiyati, tinchlik uchun kurashish barchaning muqaddas burchi ekanligi hayotiy misollarda yoritib o‘tildi.

Tadbir davomida taniqli xonanda Shuhrat Daryo, Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama teatri artistlarining ijodiy chiqishlari ishtirokchilar qalbiga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Tadbir so‘ngida taklif etilgan mehmonlar va ishtirokchilar bayram dasturxoniga taklif etildi.

 

 

Azizbek AMONOV,
Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi uslubchisi.

«Winter school» loyihasida faol ishtirok etib, o‘z ishlanmalari va iqtidorlarini namoyon qilgan ishtirokchilar diplom hamda sertifikat bilan taqdirlandi. Bo‘lib o‘tgan taqdirlash tadbirida o‘quvchi-yoshlarning ota-onalari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi. Birinchi marta tashkil etilgan mazkur tadbirda Toshkent, Xorazm, Andijon viloyati hamda Toshkent shahrida joylashgan o‘rta umumta’lim maktablarining 9 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilari ishtirok etdi.

Loyiha davomida ishtirokchilar “Start UP loyihalarini boshqarish”, “Robototexnika”, “1S Buxgalteriya” kabi dasturlarida bilim va ko‘nikmalar oldi. Shuningdek, «Men o‘qituvchi bo‘lsam», «Mahsulotni brend qilish», «Stol serverovkasi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish» hamda «Taym menejment» kabi mavzulardagi qiziqarli mahorat darslarida ishtirok etdilar.

Mashg‘ulotlar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari tomonidan o‘tkazildi.

Mazkur loyihaning asosiy maqsadi yoshlarni maktab davridanoq mutaxassisliklarga yo‘naltirish va ularda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish orqali ta’til davridagi bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan.

Loyiha keng qamrovga ega bo‘lib, o‘quvchilarning talab va istaklari inobatga olinib yozgi, qishki hamda oraliq ta’til vaqtlari davomida o‘tkazilish rejalashtirilgan.

 

Bugun, 6-yanvar kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida maktab o‘quvchilari uchun bepul «Winter school» loyihasi o‘z faoliyatini boshladi. Unda mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 9 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari ishtirok etmoqda.

Loyiha quyidagi dasturlarni o‘z ichiga oladi:

  • Start UP loyihalarini boshqarish
  • Robototexnika
  • 1S Buxgalteriya

Shuningdek, loyiha doirasida sohaning yetakchi amaliyotchi mutaxassislari tomonidan «Men o‘qituvchi bo‘lsam», «Mahsulotni brend qilish», «Stol serverovkasi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish» hamda «Taym menejment» kabi mavzularda qiziqarli mahorat darslari ham tashkil qilinmoqda. 

Loyiha mashg‘ulotlari Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari tomonidan o‘tkazilmoqda.

Mazkur loyihaning asosiy maqsadi yoshlarni maktab davridanoq mutaxassisliklarga yo‘naltirish va ularda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish orqali ta’til davridagi bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan.

Loyiha keng qamrovga ega bo‘lib, o‘quvchilarning talab va istaklari inobatga olinib yozgi, qishki hamda oraliq ta’til vaqtlari davomida o‘tkazilish rejalashtirilgan.

Loyihaning faol ishtirok etib, o‘z ishlanmalari va iqtidorlarini namoyon qilgan o‘quvchilari diplom hamda sertifikat bilan taqdirlanadi.

«Winter school» loyihasi birinchi mashg‘ulotlari 2020 yil 6-10 yanvar kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan.

 

Bugun, 19-dekabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan Toshkent shahridagi Mehribonlik va Muruvvat uylarida tarbiyalanayotgan bolajonlar uchun Yangi yil munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.

“Mehriboning o‘zimman” mavzusida tashkil etilgan tadbirda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Iqtisodchi” talabalar teatr studiyasi tomonidan milliy va jahon estradasi namunalaridan iborat kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Tadbirning aziz mehmoni bo‘lgan bolajonlar ham ushbu jarayonda bevosita ishtirok etib, yod etgan she’rlari va raqslarini ijro etdilar, turli o‘yinlarda ishtirok etib, sovrinlar bilan taqdirlandilar.

Xalqaro turizm fakulteti talabalari tomonidan ijro etilgan Yangi yil sarguzashtlari haqidagi sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Bolajonlar talabalar bilan birga Qorbobo va Qorqizni topish uchun dunyo bo‘ylab sayohatga chiqdilar.

Tadbir so‘ngida 120 nafar bolajonga sovg‘alar ulashilib, bayram dasturxoniga taklif etildilar.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda “Turonbank” ATB o‘rtasidagi innovatsion korporativ hamkorlik doirasida talabalar uchun test sinovlari o‘tkazildi.

Talabalar Matematika, Ingliz tili fanidan test sinovlarini topshirdilar hamda aqliy mashqlarni bajardilar. “Turonbank” ATB Xodimlar bilan ishlash departamenti direktori o‘rinbosari Nuriddin Tangriberdievning ma’lum qilishicha ushbu sinov jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar kelgusida bank tizimida faoliyat yuritishga taklif etiladi.

— Bank o‘z oldiga qo‘yilgan strategik vazifalarni bajarishning asosiy sharti kadrlar salohiyatini oshirish va takomillashtirish deb hisoblaydi, – deydi Nuriddin Tangriberdiyev. Bu yo‘nalishda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda bo‘lg‘usi kadrlar salohiyatini erta aniqlash, ularning bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitish maqsadida turli tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Ishonamizki, mazkur tadbir ham talabalarning jamiyat hayotida o‘z o‘rinlarini topishlarida ijobiy samara beradi.

Sinov jarayonlarida universitetning Iqtisodiyot, Buxgalteriya hisobi va audit, Korporativ boshqaruv, Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakultetlarining 2-bosqichida tahsil olayotgan 40 nafar talaba ishtirok etdi.

 

Bugun, 10-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida xodimlar uchun ish kuni hamda professor-o‘qituvchilar, talabalar uchun dars mashg‘ulotlari Davlat madhiyasi bilan boshlandi.

Universitet rektori Kongratbay Sharipov, prorektorlar, bo‘lim boshliqlari va xodimlar, markaz rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, ta’lim tarbiya maslahatchilari va talablar ishtirokida #MADHIYA, #Faxrimmadhiyam_TDIU, #Gururimmadhiyam_TDIU, #Бугун_10_декабрь heshtegi ostida bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun. 1992-yil 10-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Qonunda madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi ekani, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchi ekani qayd etilgan. O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shartligi alohida ta’kidlangan.

Davlat madhiyasining muallifi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bo‘lib, musiqasini O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov yaratgan. Madhiyada xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Unda mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida xalqimizning ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi munosabati bilan “Zakovat” intelektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.

Universitetning barcha fakultet, bo‘limlaridan shakllantirilgan 8 ta jamoa ishtirok etgan bahslarni “Zakovat” intelektual o‘yini muallifi va boshlovchisi Abdurasul Abdullaev olib bordi.

O‘yin ikki raundda o‘tkazilib, jamoalar boshlovchi tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berishdi. Savol va javoblar qizg‘in, mulohazalarga boy, eng asosiysi, yoshlarning qiziqish va intilishlariga hamohang ekanligini namoyon etdi.

O‘yin yakunida jamoalarning natijalari sarhisob qilinib, e’tirozlar muhokama qilindi. Natijalarga ko‘ra, Iqtisodiyot fakulteti jamoasi 8 ta to‘g‘ri javob bilan 1-o‘rinni, Iqtisodiyotda axborot tizimlari fakulteti jamoasi 7 ta to‘g‘ri javob bilan 2-o‘rinni va Korporativ boshqaruv fakulteti jamoasi 6 ta to‘g‘ri javob bilan 3-o‘rinni egalladi.

G‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoaning har biriga kitoblar, esdalik sovg‘alari va yuz ming so‘mdan pul mukofotlari topshirildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalarning har biriga kitoblar va esdalik sovg‘alari berildi.

O‘yin davomida yuzaga kelgan tanaffus vaqtida ishtirokchilar bayram dasturxoniga taklif etildi. Dasturxon atrofida jamoalar bayram bilan bir birlarini tabriklab, birinchi raund taassurotlari haqida suhbat qurdilar. Tadbirni tashkillashtirgani va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga katta hissa qo‘shgani uchun universitet rahbariyati va homiylarga alohida tashakkur izhor qilindi.

Tadbir so‘ngida keyingi o‘yin talabalarning qishki ta’tildan qaytganidan so‘ng 2020 yilning 7 yanvar kuni etib belgilandi.