YANGILIKLAR

Bo'lim: Tadbirlar

Xalqaro turizm fakulteti qoshida “Munozara” to‘garagining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro turizm fakulteti dekani, dekan o‘rinbosarlari, ta’lim-tarbiya maslahatchilari, Turizm va servis kafedrasi a’zolari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

 

Munozara to‘gragini ochib berish uchun fakultet dekani Abror Kucharov so‘zga chiqib, “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi dastur ijrosini ta’minlash maqsadida ushbu to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘ilganini qayd etib o‘tdi. “Munozara” to‘garagi talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga, ularda mustaqil fikr yuritishga, bahs-munozaraga kirisha olish ko‘nikmalarini shakllantirishga, shuningdek yoshlarning bugungi kunda mamlakatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar va islohotlar to‘g‘risidagi bilimlarini boyitishga ko‘maklashadi, deya umid bildirdi.

 

 

Ochilish marosimida “Yosh iqtisodchilar” va “Intellekt” jamoalari “Elektron kitob oddiy kitobdan afzal” mavzusida ko‘rgazmali bellashdilar.

 

 

O‘tkazilgan munozara so‘ngida fakultetning bir qator talaba-yoshlari so‘zga chiqib, ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikrlarni tahlil qilib va munozaradan olgan taassurotlarini aytib, barcha ishtirokchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

 

 

Eslatib o‘tamiz, “Munozara” to‘garagiga barcha talaba-yoshlar a’zo bo‘lishi mumkin. Munozara to‘garagi Karl Poper formatida faoliyat yuritadi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Toshkent shahar bosh imom-xatibi Rahimberdi Rahmonov bilan ushrashuv bo‘lib o‘tdi. Universitetda belgilangan ma’naviyat va ma’rifat kunida o‘tkazligan tadbirda professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar va talabalar ishtirok etdi.

 

 

Tadbirni prorektor Jahongir Yo‘ldoshev kirish so‘zi bilan ochib, yurtimizda diniy ma’rifat sohasida keng aholi qatlami, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida olib borilayotgan ishlar samaradorligi va ta’sirchanligini kuchaytirishning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

 

 

Shundan so‘ng Rahimberdi Rahmonov so‘zga chiqib, ota-ona va ustozga hurmat xususida to‘xtalib o‘tdi.

 

 

“Islom odoblari ichida ota-ona va ustozga hurmat eng oliy saodatdir. Ularga qo‘ldan kelganicha xizmat qilib, duolarini olish lozim. Ota-onasiga yaxshiliklar qilib, yaxshi muomalada bo‘lib, ularni mamnun etgan kishining umri barakali, uzun bo‘ladi. Ustoz haqqi ota-ona haqqidan ham ko‘proq bo‘ladi. Chunki, ota-ona farzandning dunyoga kelishiga sababchi bo‘lsa, ustoz esa oxirat binosining tiklanishiga asosiy sababchidir. Ustozga nisbatan cheksiz hurmat bilan muomalada bo‘lib, amrini so‘rash kerak. Xizmati bo‘lsa bajarish lozim. Ustozga nisbatan behad tavozuli, kamtarin munosabatda bo‘lish zarur. Hech bir dunyo ishi ustozga xizmat qilishning, uning amrini bajarishning, ehtiyojini qondirishning oldiga tusholmaydi. Ota-ona kabi ustozning ham xayrli duosini olish, badduosiga munosib bo‘lib qolmaslik kerak. Ustozning xayrli duosini olgan odam yuksaladi”, deya takidladi Toshkent shahar bosh imom-xatibi Rahimberdi Rahmonov.

 

 

Tadbir davomida oliy maqsadlar – Vatan ravnaqi, ota-ona va ustoz duosi, ilm o‘rganish, insonlarga yaxshilik ulashish inson uchun berilgan qisqa umr mobaynida erishiladigan eng oliy soadatlardan bo‘lishi aytib o‘tildi.

 

Uchrashuv yakunida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi va tadbir mehmoniga bilim ziyosi bo‘lgan – kitoblar to‘plami topshirildi.

 

2019-yil 13-aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida #SportDay musobaqalari final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida tashkil etildi. Ushbu sport bayramida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiyi Ektor Kuper ishtirok etdi.

 

 

Umid mehmonlar dastavval Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining sport hayoti bilan tanishib, bu yerda talabalarga sport bilan shug‘’ullanish uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar.

 

 

Sport musobaqalarining final uchrashuvlarida ishtirok etayotgan talabalarni O‘zbekiston Milliy va Olimpiya terma jamoalari a’zolari, boks bo‘yicha olimpiada va jahon chempionlari qo‘llab-quvvatlab, talabalar sport bayramiga o‘zgacha shukuh bag‘ishlashdi.

 

 

Sportning mini futbol, dzyudo, stol tennis va shaxmat turlari bo‘yicha final bahslari bo‘lib o’tdi.

Birinchi bo‘lib maydonga O‘zbekiston Milliy ayollar terma jamoasi tushib keldilar, ular o‘rtasidagi bahsni Ektor Kuper to‘pni ramziy o‘yinga kiritib berish orqali boshlab berdi.

 

 

Shundan so‘ng ringga bokschilar taklif etilib, ular ishtirokida tomoshabinlar qiziqarli va shiddatli jangler guvohi bo‘ldilar. Qizlar o‘rtasidagi bahslarda 54 kg. vazn toifasida bellashuvlar bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, o‘g‘il bolalar 56 kg. va 81 kg. vaznda ringga ko‘tarildi.

 

 

Sportning mini futbol turi bo‘yicha universitetning “Buxgalteriya hisobi va audit” va “G.V. Plехаnоv nоmidаgi RIUning Tоshkеnt filiаli” jamoalari o‘zaro bellashdilar. Qiziqarli va murosasiz o‘tgan final uchrashuvida “Buxgalteriya hisobi va audit” jamoasi 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Final bahsini FIFA referisi Ravshan Ermatov boshqarib bordi. Uchrashuvni taniqli futbol sharhlovchisi Davron Fayziyev sharhlab bordi.

 

 

Tadbir so‘ngida #SportDay musobaqalarining sovrindorlariga medallar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

2019-yil 2-aprel kuni universitetning 7-sonli o‘quv binosi faollar zalida Iqtisodiyot fakulteti va Makroiqtisodiyot kafedrasi hamkorligida mahorat darsi o‘tkazildi. Unda professor-o‘qituvchilar, fakultetning birinchi, ikkinchi va uchinchi bosqich talabalari ishtirok etdi.

 

 

Tadbirnnig birinchi qismida O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan mamlakatimizni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni bajarish borasida – Iqtisodiyot va sanoat vazirligining Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar monitoringi va prognozlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Fazliddin Nasriddinov qiziqarli ma’ruza qildi. U o‘z ma’ruzasida Vazirlik va TDIU o‘rtasidagi innovatsion-korporativ hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha gapirib o‘tdi.

 

 

Tadbirning ikkinchi qismida Prezidentimiz tomonidan kitobxonlikni rivojlantirish borasida qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha G‘ofur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijod uyi xodimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Nashriyot bosh muharriri o‘rinbosari, texnik muharrir, bosh rassom, nashriyot matbuot kotibi ishtirok etdi. Uchrashuv davomida nashriyot faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan juda ko‘p ishlar to‘g‘risida so‘z bordi. Shuningdek, Nashriyot xodimlari talabalarga o‘zlari bilan olib kelgan kitoblarni sovg‘a qilishdi.

 

 

Uchrashuv so‘ngida talabalar qiziqtirgan ko‘pdan ko‘p savollarga nashriyot uyi xodimlari tomonidan mazmunli javoblar berildi. Mehmonlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Iskandar Yakubov,

Makroiqtisodiyot kafedrasi dotsenti, iqtisod fanlari nomzodi

2019-yil 16-mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat maslahatchilari, Hukumat vakillari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari, xorijiy OTMning filiallari rahbar xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

 

 

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojatnomasini o‘rganish va keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib etishga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop qo‘llanmaning taqdimoti bilan boshlandi.

Mamlakatimizning 2019-yildagi taraqqiyotining asosiy yo‘nalish va mazmunini belgilab bergan ushbu Murojaatnoma o‘zining ma’no-mazmuni, tarkibiy tuzilishiga ko‘ra g‘oyat serqirra va keng ko‘lamlidir.

 

 

Biz 2019-yilda xalqimiz, mamlakatimiz oldida qanday muhim vazifalar turganini har tomonlama chuqur anglab, ularni amalga oshirishda faol ishtirok etish, bu ulug‘ ishga o‘z hissamizni qo‘shish uchun avvalo ushbu Murojaatnomaning ma’no-mazmunini o‘rganib, tushunib olishimiz kerak. Bu bizga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonidagi o‘z o‘rnimizni aniq belgilab olishga yordam beradi.

 

 

Ana shularning barchasini inobatga olib, mamlakatimizdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat olib borayotgan tajribali olimlar, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan Murojaatnomani o‘rganish bo‘yicha qo‘llanma tayyorlandi. Ushbu qo‘llanma mazkur yo‘nalishdagi dastlabki urinish, yangi tajriba bo‘ldi.

 

 

Tadbir davomida iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirishda akademik ilm-fanning rolini kuchaytirish, ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilg‘or ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etish, joylarda ilmiy maktablarni mustahkamlash hamda tegishli hududiy va tarmoq muammolarini hal qilishda ularning faol ishtirokini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, xalqaro miqyosda mamlakat ilm-fani nufuzini oshirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Qayd etib o‘tilganidek, Murojaatnomada talabalar qabulining soddalashgan tizimini joriy etish orqali qabul jarayonining kvota tizimidan davlat buyurtmasi va tabaqalashgan to‘lov-kontrakt tizimiga o‘tish zarur. Oliy ta’lim muassasalarining xalqaro nufuzini oshirish, pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik faoliyatini munosib rag‘batlantirish maqsadida markazlashgan moliyalashtirishdan o‘zini o‘zi moliyalashtirish hamda iqtisodiy mustaqil tizimga o‘tish vazifasi qo‘yildi.

 

 

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqarish sohasi bilan hamkorlikda tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari, konstruktorlik byurolari, tajriba-ishlab chiqarish va innovatsiya markazlar tashkil etish maqsadga muvofiqdir.

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2019 yilda ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish maqsadida ilm-fan, zamonaviy va uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish borasidagi soha oldida turgan vazifalar muhokama etilib, tegishli vazifalar belgilab olindi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari, kafedra mudirlari va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

 

 

 

So‘zga chiqqanlar jamiyatimizda xotin-qizlarning o‘rni va nufuzini oshirish, ularning oilalarni mustahkamlash, yosh avlodni vatanparvarlik, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, xalqimizning ko‘p asrlik boy ma’naviy merosini asrab-avaylash, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va aholi farovonligini yuksaltirish borasidagi ulkan xizmatlari munosib qadr topayotgani e’tirof etdilar.

 

 

Tadbirda xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning keng ommaga targ‘ib qilishdagi samarali mehnatlari uchun Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida faoliyat olib borayotgan bir guruh professor-o‘qituvchilar O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Toshkent shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.

 

Bugun, 1-mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘zbek professional boksining yorqin yulduzi yengilmas va nokautchi, Butunjahon boks assotsiatsiyasi WBA professional bokschilarning reytingida 4-o‘rinda borayotgan Shohjahon Ergashev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda universitet rahbariyati, talabalar, Olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari va OAV xodimlari ishtirok etdi.

 

 

Uchrashuvni taniqli sport sharhlovchisi Davron Fayziyev olib bordi.

 

 

Shu kunlarda yurtimizda bo‘lib turgan Shohjahon Ergashev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Mahoratli charm qo‘lqop ustasi tadbirda faoliyati davomida o‘tkazgan janglari, bolalikdan boksga qanday mehr qo‘ygani va yaqin kelajakdagi maqsadlari haqida gapirib berdi.

 

 

Uchrashuv davomida TDIU talabasi Shohjahon Ergashev bilan jangdan oldin tashkil qilinadigan nigoh urushtirish holatida o‘zini sinab ko‘rdi.

 

 

Tadbir so‘ngida universitet rahbariyati tomonidan Shohjahon Ergashevga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, sportchining o‘zi ham muxlislariga dastxati tushirilgan boks qo‘lqoplarini taqdim qildi.

 

 

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Shohjahon Ergashev shu kungacha professional ringda 16 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar, o‘z joniga qasd qilish holatlarini oldini olish” mavzusida profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Begmatjon Maxsudov ochib, mamlakatimizda barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini kuchaytirish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida turli huquqbuzarlik, jinoyatchilikni oldini olish, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish va huquqiy ongini yuksaltirish siyosatning ustuvor vazifalaridan biri ekanligi, keyingi yillarda huquqbuzarlikni oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning haq-huquqlarni himoya qilish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilganligini ta’kidlab o‘tdi.

 

 

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Toshkent shahar IIBB JQB bo‘lim boshlig‘i, polkovnik Yusupjon Djengaziyev tadbir mavzusi doirasida keng ma’lumot, axborotlarni yetkazdi. Jumladan, yoshlar o‘rtasida nazoratsizlik, huquqbuzarlik, jinoyatchilik, o‘z joniga qasd qilish holatlari jamiyatimizga yot illat ekanligi, ularning oldini olishda nafaqat prokuratura, ichki ishlar organlarigina emas, balki shu jamiyatda yashaydigan har bir fuqaro ma’sul ekanligini alohida gapirib o‘tdi.

Talaba-yoshlarni ogohlikka chaqirish, ular tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarni oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va YUNISEF xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda “Adashganlar” nomli filmni tayyorlaganligi, bu film oilada sog‘lom muhitni tarkib toptirish, farzand tarbiyasiga befarq bo‘lmaslik, jinoyat va huqubuzarlikning asl ildizi qaerda ekanligi, har birimiz bunga hyech qachon yo‘l qo‘ymasligimiz, yoshlar o‘rtasida sodir etiladigan huquqbuzarliklar va jinoyatlarga jazo muqarrar ekanligini eslatib o‘tdi.

 

 

Shundan so‘ng talaba-yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va YUNISEF xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda tayyorlangan “Adashganlar” filmi namoyish etildi.

Film namoyishidan so‘ng, talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot tarzidagi suhbat tashkil qilindi. Chilonzor tuman 3-sonli IIB boshlig‘i, podpolkovnik Djamshid Nigmanov va Chilonzor tuman voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni oldini olish profilaktika inspektori Mohidil Tog‘aeva film yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.

 

 

Bugungi kunda qonunni yaxshi bilmaslik oqibatida huquqbuzarliklar bilan bog‘liq jinoyatlar yuzaga kelayotganligi, bu jinoyatlarning aksariyati, voyaga yetmagan yoshlar o‘rtasida ro‘y berayotganligi, shuningdek ota-onalarning farzandlariga e’tiborsiz bo‘layotganligi, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini to‘g‘ri taqsimlanmayotganligi, bu esa o‘z navbatida ushbu jinoyatlarning sodir etilishiga olib kelayotgan sabablardan ekanligini aytib o‘tildi.

Tadbir yakunida mustaqil O‘zbekistonning buyuk kelajagini ma’naviy barkamol, mustaqilligimizni mustahkamlashga sadoqat bilan xizmat qila oladigan yoshlargina barpo eta olishi, bunday yoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazish uchun ularda ajdodlarimizdan qolgan milliy meros va qadriyatlarimizga suyanish va ularga sodiq bo‘lish kerakligini alohida ta’kidlab o‘tildi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida taniqli olim, diplomat va siyosatchi Baxtiyor Islomov ishtirokida mahorat darsi tashkil etildi. Korporativ boshqaruv fakulteti tomonidan o‘tkazilgan “O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalari” mavzusidagi mahorat darsida professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

 

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda oxirgi yillarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlarimiz xalqaro iqtisodiy tashkilotlarning reytinglarida o‘zining ijobiy ifodasini topmoqda. Jahon bankining ma’ruzasida O‘zbekiston keyingi yillarda tadbirkorlik faoliyati uchun ishbilarmonlik muhitini yaxshilash sohasida eng yaxshi natijalarga erishgan dunyodagi 5 ta davlat qatoridan joy olgani qayd etilgan. Bunday yutuqlarga erishish natijasida mamlakatimiz eng avvalo Xalqaro iqtisodiy munosabatlarga integratsiyalashi, chet el investitsiyalarini jalb etishni yanada yaxshilashga erishishimiz mumkin.

 

 

Asosiy ma’ruza yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan ma’ruzachiga murojaat qilib, atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.