YANGILIKLAR

Bo'lim: Seminarlar

2019 yil 22 aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi tomonidan Innovatsion-korporativ hamkorlik doirasida “Investitsiya loyihalari samaradorligini baholash va ekspertizasini  tashkil etish”  mavzusida  ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Seminarga kafedra mudiri I. Xotamov va kafedra dotsenti S. Qosimovlar moderatorlik qildilar.

 

 

Seminarda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi  “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasi (DUK) bosh mutaxassisi Sardor Murodov, Boshqarma boshlig‘i Ravshan Saydaqulov, Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakili Husan Hasanov, kafedra professori Baxtiyor Salimovlar o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildilar.

 

 

Ma’ruzachi S. Murodov tomonidan ta’kidlanganidek, “Loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi”  DUK bugungi kunda o‘z faoliyatini samarali tashkil etib, loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilishni boshlab yuborgan.

 

 

Hozirgi kunda Markaz tomonidan quyidagi loyiha va import kontraktlari kompleks ekspertizadan o‘tkaziladi:

– davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilish va tegishli tovarlarning narxlari muvofiqligi uchun javobgarlikni boshqaruv organlariga yuklagan holda Ro‘yxat bo‘yicha (kapital qo‘yilmalar bundan mustasno) tovarlar (ishlar, xizmatlar) davlat xaridlari bo‘yicha texnik topshiriqlar, kontraktlar va import kontraktlari. Shuni e’tiborga olish lozimki, 2020 yil 1 yanvardan boshlab bu faoliyatni Markaz ekspertizadan o‘tkazmaydi;

– tovarlar (ishlar, xizmatlar) davlat xaridlari bo‘yicha texnik topshiriqlar narx ko‘rsatkichlarining o‘rtacha bozor darajasini o‘rganish natijalari bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblar asosida shakllantiriladigan ularning cheklangan qiymatini belgilagan holda ekspertizadan o‘tkazish;

– kontraktlar, import kontraktlari va ularga qo‘shimcha kelishuvlar Markazda majburiy ekspertiza va ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi;

– tuzilgan kontraktlar va import kontraktlarining texnik topshiriqlarga muvofiqligi, shuningdek ularning bajarilishi uchun davlat buyurtmachisi javobgar bo‘ladi;

– davlat buyurtmachisi kontraktlarni, import kontraktlarini ixtiyoriy ravishda shartnoma asosida ekspertizadan o‘tkazish uchun Markazga taqdim etishi mumkin;

– tovarlar (ish va xizmatlar) davlat xaridiga texnik topshiriqlarni kompleks ekspertizadan o‘tkazganlik uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olinmagan holda davlat buyurtmachisi tomonidan belgilangan cheklangan qiymatning 0,1 foizi, lekin eng kam ish haqining 100 barobaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda to‘lov undiriladi.

Ma’ruzachilar loyiha oldi hujjatlarini tayyorlash va ekspertizasini tashkil etish, texnik iqtisodiy asoslash (TEO), biznes reja bo‘yicha ekspertizalarni tashkil etish tartib-tamoyili va baholash mezonlarini keng yoritib berdilar.

Ma’ruzachi Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakili Husan Hasanov o‘z chiqishida islomiy moliyatlashtirishning bugungi kundagi ahamiyati va xususiyatlari, Islom taraqqiyot bankining faoliyati, dunyodagi mavqyei hamda O‘zbekistonning ijtiomiy-iqtisodiy rivojlanishidagi moliyaviy qo‘yilmalari to‘g‘risida atroflicha so‘z yuritdi.

 

 

Islom taraqqiyot banki (ITB) 1975 yilda Islom hamkorlik tashkiloti  mamlakatlari moliya vazirlari yig‘ilishining qaroriga ko‘ra tashkil etilgan. ITBning shtab-kvartirasi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan.

ITB ning hududiy ofislari 1994 yili Rabot (Marokash)da, shu yili Kuala-Lumpur (Malayziya)da, 1997 yili Olma-ota (Qozog‘iston)da va 2008 yili Dakar (Senegal)da ochildi. Bank shuningdek 12 ta a’zo mamlakatda mahalliy vakolatxonalarga ega: bular Afg‘oniston, Ozarbayjon, Bangladesh, Gvineya, Indoneziya, Eron, Nigeriya, Pokiston, Serra-Leona, Sudan, O‘zbekiston va Yaman.

 

 

ITBning asosiy vazifasi a’zo mamlakatlarda shariatga muvofiq  ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Bank tashkil etilayotgan vaqtda uning nizom jamg‘armasi 6 mlrd. islomiy dinorni, a’zolari soni 22 tani tashkil etgan. Hozirgi vaqtda ITBga ishtirokchi a’zolar 56 ta davlat hisoblanadi.

O‘zbekiston 2003 yilda ITBga a’zo bo‘lgan. Bugungi kunda ITB O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim, irrigatsiya va melioratsiya, energetika, suv ta’minoti, kommunal xo‘jalik, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash sohalarida 20 dan ortiq loyihani amalga oshirib kelmoqda.

Xususan, oliy ta’lim tizimida Islom taraqqiyot banki investitsiya mablag‘lari hisobiga amalga oshirilayotgan “Oliy ta’lim muassasalarini moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi ish faoliyatini boshlagan.

Loyihaning umumiy qiymati 60,5 mln. AQSh dollari miqdorida bo‘lib, bunda Islom taraqqiyot banki mablag‘lari 47,72 mln. AQSh dollari va O‘zbekiston Respublikasi ulushi 12,81 mln. AQSh dollarini tashkil qiladi.
Loyihaning asosiy maqsadi respublika miqyosida 50 ta OTMni zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta’minlashdan iborat.

Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakili H. Hasanov tomonidan  2019 yilda «O‘zbekiston» nashriyoti tomonidan chop etilgan «Islomiy moliya asoslari» kitobi 10 dona miqdorda universitet Axborot-resurs markaziga taqdim etildi.

 

 

Ushbu ilmiy-amaliy seminar davomida professor-o‘qituvchilar va talabalar tomonidan berilgan savollarga ma’ruzachilar batafsil javob berdilar,  interfoal shaklda tashkil etilgan seminar ishtirokchilarga juda foydali bo‘ldi.

Xalqaro turizm fakulteti hamda Infratuzilmani rivojlantirish va logistika kafedrasi tomonidan “Passiv daromad qilishning zamonaviy usullari” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Tadbirga O‘zbekiston moliya bozorida yetakchi o‘ringa ega “Az capital” investitsion kompaniyasi asoschisi Aziz Holiqov ma’ruzachi sifatida taklif etildi.

 

 

Ma’ruzachi o‘z taqdimotini quyidagi masalalar bo‘yicha ishtirokchilar e’tiboriga havola qildi:

– pulni yo‘qotishga sabab bo‘layotgan HYIP loyihalar (binnar opsionlar va tatalizatorlar) va nima uchun ular orqali daromad qilishning iloji yo‘qligi;

– passiv daromad qilish uchun mo‘ljallangan zamonaviy investitsion loyihalar va ulardan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar;

– jahon valyuta bozorida savdo qilish uchun brokerlik kompaniyalari tarafidan yaratilgan sharoitlar hamda broker orqali amalga oshiriladigan valyuta savdosi;

– “Az capital” investitsion kompaniyasi tarafidan yoshlar uchun taklif etilayotgan imkoniyatlar.

 

 

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan mahorat darsida professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ma’ruzachiga murojaat qilishib, amaliy tajribadan o‘tgan misollarga asoslangan javoblarga ega bo‘ldilar.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziligida innovatsion-korporativ hamkorlik doirasida ilmiy-amaliy seminar tashkil etdi. Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh. Qudbiyev, vazir o‘rinbosari B. Umurzoqov, vazirlik boshqarma boshliqlari hamda Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasi professoro‘qituvchilari ishtirok etdi.

 

 

Ilmiy–amaliy seminarda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziligi hamda Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasi o‘rtasida innovatsion-korporativ hamkorlik doirasida o‘quv-uslubiy va ilmiy tadqiqot sohalarda olib borilayotgan harakatlar dasturi muhokama qilindi.

 

 

Muhokamada vazir Sh.Qudbiyev tomonidan hamkorlik asosida amalga oshirilgan ijobiy tendensiyalar qayd etildi. Jumladan hamkorlikda o‘quv-uslubiy ta’minot yangilanayotganligi, kafedrada chop etilayotgan darslik va o‘quv ko‘llanmalar vazirlik xodimlariga targ‘ib etilayotganligi, vazirlikning statistik va amaliy ma’lumotlari kafedra dars jarayoniga joriy etilayotganligi va ular asosida vazirlik xodimlari tomonidan ham tadqiqotlar olib borlayotganligi e’tirof etildi. Shuningdek, Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi hamda Kadrlar menedjmenti yo‘nalishidan 2018-yil davomida 10 nafar bitiruvchi vazirlik tizimida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganligini ta’kidlandi.

 

 

Seminar yakunida ishtirokchilari tavsiyalariga ko‘ra, kelgusida mehnat iqtisodiyoti yo‘nalishida kadrlar zaxirasini faol shakllantirish, shuningdek vazirlik xodimlari malaka oshirishida kafedra va vazirlik oldida turgan vazifalarga aniqliklar kiritildi.

Bugun Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “MDH va YEIIga a’zo mamlakatlar investitsion salohiyati: Rossiya va O‘zbekistonning imkoniyatlari va istiqbollari” mavzusida vebinar bo‘lib o‘tdi.

 

 

Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti hamda Sibir boshqaruv institutining Iqtisodiyot va moliya fakultetining 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan tadbirlar rejasiga muvofiq tashkil etilgan vebinarda professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar va talabalar ishtirok etdi.

 

 

On-layn rejimda tashkil etilgan o‘zaro muloqotlar davomida quyidagi ma’ruzalar muhokama qilindi:

“Sibirning innovatsion iqtisodiyotini rivojlantirish istiqbollari”

Ma’ruzachi: Valeriy Papelo, Sibir boshqaruv institutining Iqtisodiyot va moliya fakulteti dekani, i.f.d., professor;

“MDH va YEII mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida investitsiya salohiyatini rivojlantirish”

Ma’ruzachi: Tatyana Gomanova, Moliya va kredit kafedrasi mudiri, i.f.n., dotsent;

“YEII va MDHda bojxona nazorati investitsion salohiyatni mustahkamlash omili sifatida”

Ma’ruzachi: Tatyana Gurunyan, Iqtisodiyot va investitsiya kafedrasi mudiri, i.f.n., dotsent;

“Soliq siyosati Rossiya iqtisodiy siyosatida investitsion faollikni rag‘batlantirish omili sifatida”

Ma’ruzachi: Roman Shumyaskiy, Soliqqa tortish, buxgalteriya hisobi va iqtisodiy xavfsizlik kafedrasi mudiri, i.f.n., dotsent.

Ma’ruzalar so‘ngida kun tartibiga olib chiqilgan mavzular yuzasidan har ikki tomonlama muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Elsevier” (Niderlandiya) kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqaviy direktori Aliya Ospanova professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar va talabalar uchun mahorat darsi o‘tkazdi.

 

 

Mahorat darsida ishtirokchilarga Scopus va Science Direct xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasidan foydalanish va ilmiy maqolalarni yuqori impakt-faktorga ega jurnallarda chop etishga tayyorlash masalalari batafsil tushuntirib berildi. Ilmiy maqolalarni dunyodagi eng yirik ilmiy-tahliliy platforma — Scopus maʼlumotlar bazasida nashr etishning asosiy qoidalari, talablari haqida tushunchalar berildi.

 

 

 

Shuningdek, Aliya Ospanova o‘z ma’ruzasida Scopus bazasidan keng foydalanish, xususan, professor-oʻqituvchilar ilmiy maqolalari tahlili, iqtiboslar sonini hisoblash borasidagi ma’lumotlarni keltirib oʻtdi. Ilm bilan shugʻullanayotgan barcha tadqiqotchilar uchun Elsevier kompaniyasi tomonidan begʻaraz uslubiy yordam berilishini taʼkidladi.

 

 

 

Bir soatdan oshiq vaqt davom etgan mahorat dars ochiq muloqot tarzida oʻzaro savol-javoblar asosida oʻtib, ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga javob oldilar. Jumladan, Science Direct bazasidan kerakli maʼlumotlarni izlash, ushbu jarayonni optimallashtirish, Science Direct, Scopus bazasi qanday ekanligi, maqolalarni nashr qilish talablari xususida soʻz yuritildi.

 

 

 

Tadbirda “Elsevier” (Niderlandiya) kompaniyasining O‘zbekiston bo‘yicha kordinatori Dilnoza Allanazarova, Tahliliy yechimlar bo’yicha yetakchi ekspert Andrey Loktev, Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari, ilmiy tadqiqit institutlar xodimlari ham ishtirok etdilar.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Turizm va servis kafedrasi innovatsion-korporativ hamkorligi doirasida “Turistik xizmatlarni amalga oshirish va takomillashtirishda innovatsiyalarning ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbirda Xalqaro turizm fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi.

 

 

Mazkur ilmiy-amaliy seminar avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan Farmoni ijrosi samarasi sifatida turizm sohasida kuzatilayotgan zamonaviy tendensiyalar yetakchi ekspertlar tomonidan yig‘ilganlarga aniq misollar yordamida tushuntirib berildi.

 

 

Shuningdek, Qozog‘istonning Almata menejment universiteti Mehmondo‘stlik va turizm maktabi direktori Azamat Auezxanulы hamda Qozog‘istonning “Double Tree by Hilton Almaty” mehmonxonasi Sotuvlar va marketing bo‘limi direktori Alima Balgabekova tomonidan turizm industriyasini jadal rivojlantirishga oid dolzarb mavzulardagi ma’ruza taqdimotlari namoyish etildi.

 

 

Bundan tashqari, turistik xizmatlarni takomillashtirishda innovatsiyalarning ahamiyati alohida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ilmiy-amaliy seminar yakunida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Qozog‘istonning Almata menejment universiteti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga, talabalar almashuvini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

2019-yil 12-aprel kuni «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi hamda Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasi o‘rtasidagi innovatsion hamkorlik doirasida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. «Kadrlar zaxirasini shakllantirishda korxona va o‘quv yurtlari hamkorligi» mavzusida o‘tgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, soha mutaxassislari va talabalar ishtirok etdi.

 

 

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” qarori hamda “Sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidan kelib chiqqan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.

 

 

Seminarda quyidagi mavzular tinglandi va muhokama qilindi:

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida innovatsion korporativ hamkorlik ishlarini jadallashtirish”

Ma’ruzachi: Nigina Rahimova, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori o‘rinbosari;

 

“Korxonani strategik rivojlantirishda oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikning o‘rni”

Ma’ruzachi: Axadxon Babaxanov, “Toshkentdonmahsulotlari” AJ Kadrlar zaxirasi va o‘quv yurtlari bilan ishlash bo‘yicha markaz boshlig‘i;

 

“Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining korxonada ish bilan band qilish muammolari”

Ma’ruzachi: Isomutdinov Bahriddin, “Toshkentdonmahsulotlari” AJ Aksiyadorlar bilan korporativ munosabatlar bo‘limi boshlig‘i;

 

“Aholini beqaror ish bilan bandligini tartibga solishda ijtimoiy so‘rovnomalardan foydalanish zarurati”

Ma’ruzachi: Olimjon Nabiyev, TDIU doktoranti;

 

“Korxona va tashkilotlarda kadrlar karerasini rivojlantirish”

Ma’ruzachi: Dilnoza Nishonova, TDIU MKM-10 guruhi magistranti.

 

 

Tadbir davomida ilmiy-amaliy seminar maqsadidan kelib chiqib, kadrlar zaxirasini shakllantirishda korxona va oliy ta’lim muassasalari hamkorligini, shuningdek ushbu hamkorlik doirasida oldinga qo‘yilgan vazifalar ijrosini muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Bugun, 09-aprel kuni, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulkni huquqiy himoya qilish” mavzusida 3-kurs EK-41 va EK-42 guruh talabalari hamda professor-o‘qituvchilar uchun mahorat darsi o‘tkazildi. Dars mashg‘ulotini Intellektual mulk qo‘mitasi bosh mutahassisi Abdujalil O‘rinboyev olib bordi.

 

 

Mahorat darsida Intellektual mulk agentligi faoliyati, ixtirolarga, foydali modellarga va tovar belgilari muhofazasiga oid ma’lumotlar taqdim etildi. Tadbir ishtirokchilari mualliflik huquqi, sanoat mulki himoyasi, intellektual mulk obyekti bo‘lgan ma’lumotlar bilan bog‘liq barcha savollariga batafsil javob oldilar.

 

 

Dars mashg‘uloti yakunida talabalarga ixtironing intellektual mulkka patenti, nashr etilgan adabiyotlar uchun mualliflik huquqi, shuningdek foydali model va boshqalarni patentlash uchun savollar berildi.

Mahorat darsida juda yuqori darajada o‘tkazildi va barcha ishtirokchilar bunday qiziqarli taqdimot va dolzarb mavzusi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Yevropa mamlakatlari bilan savdo faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda moliyaviy vositalar” mavzusidagi Jean Monnet loyihasi doirasida Workshop bo‘lib o‘tdi.

 

 

 

Mazkur modulning maqsadi magistratura va bakalavriat bosqichida tahsil olayotgan talabalarning biznes, iqtisod va moliya sohasidagi Yevropa ittifoqi tajribasini o‘zlashtirishga yordam beradi. Bu ularga zamonaviy biznes imkoniyatlariga moslashishga, xorijiy hamkorlar bilan ishlashga, innovatsion vositalardan foydalanishga imkon beradi.

 

 

 

O‘tkazilgan seminarning vazifasi, Yevropa kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlanishiga to‘sqinlik qiladigan masalalarni muhoka qilishdir. Shu sababli seminarga biznes sohasi, tijorat banklari, lizing kompaniyalarining vakillari va professor-o‘qituvchilar biznesda qanday moliyaviy vositalardan foydalanish mumkinligini o‘rganish uchun taklif qilindi.

2019-yil 4-aprel kuni Infratuzilmani rivojlantirish va logistika kafedrasi hamda “O‘zbek lizing interneshnl” AJ tomonidan o‘zaro innovatsion hamkorlik doirasida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. «Logistikada lizing mexanizmidan foydalanish: xorijiy tajriba va zamonaviy amaliyot» mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirda soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, talabalar ishtirok etdi.

 

 

Seminarda oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasini kengaytirish borasida innovatsion hamkorlik aloqalarining ahamiyati xususida so‘z yuritildi. Ilmiy tadqiqotlarni ishlab chiqish bilan integratsiya qilish, ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish, iqtidorli talabalarni ilmiy izlanishlar olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratish muhim vazifa ekanligi qayd etildi. Bu yo‘nalishdagi amaliy ishlarning natijasi mehnat bozoridagi tarkibiy o‘zgarishlarga javob beradigan, tadbirkorlik ko‘nikmalariga ega yoshlarni tarbiya qilishda yaqqol namoyon bo‘lishi ta’kidlandi.

 

 

Seminar ishida “O‘zbek lizing interneshnl” AJ Kredit bo‘limi yetakchi mutaxassisi Temur Yusupov “O‘zbekiston Respublikasida lizing jarayonlarini amalga oshirishda logistik tizimni tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida, “O‘zbeklizing interneshnl” AJ Moliya bo‘limi bosh mutaxassisi Davlat Muxrimov “Lizing operatsiyalarini amalga oshirishda logistik hizmatlarni moliyalashtirish yo‘nalishlari” mavzusida, Xalqaro turizm fakulteti talabalari Ibrohim Musatullaev “Lizing hizmatlaridan foydalanishda milliy valyutani mavqyeini ko‘tarish yo‘nalishlari” mavzusida, Mohinisa Qo‘yboqova “Lizing hizmatlarini amalga oshirishda qaytariladigan lizing operatsiyalari” mavzusida ma’ruza qildilar.

 

 

Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan muhokama qilingan ma’ruzalar, ko‘tarilgan masalalarning ishlab chiqarishga integratsiyasi, ilmiy-nazariy jihatlari yuzasidan takliflar bildirildi.