archive.php

Bugun, 25-iyun kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasi filialining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Kafedra filiali davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlarini iqtisodiyot subyektlarining bugungi kundagi ustuvor taraqqiyot dasturlari asosida tubdan yangilash, bunda nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliyotdagi ilmiy texnologik o‘zgarishlar, yangilanishlar bilan chambarchas bog‘liq holda amalga oshirishga erishish maqsadida tashkil etildi.

 

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Chilonzor tuman Kengashi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti boshlang‘ich tashkiloti hamda Xalqaro turizm fakulteti ta’lim-tarbiya maslahatchilari bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari holidan doimiy xabar olib turish, bir qator o‘g‘il bolalarning xatna to‘ylarini munosib nishonlash maqsadida 2018 yil 9 iyun kuni Chilonzor tumanida joylashgan “Afruz” to‘yxonasida “Yoshlar — kelajagimiz” shiori ostida 22-mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan 10 nafarining sunnat to‘yi marosimi tashkil etildi.

 

 

Tashkil etilgan sunnat to‘yi marosimiga 22-mehribonlik uyining 105 nafar tarbiyalanuvchilari hamda 10 dan ortiq tarbiyachi onalari va mehribonlik uyi rahbariyati taklif etildi.

Sunnat to‘yida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Toshkent shahar Kengashi, Chilonzor tuman Kengashi, Chilonzor tuman hokimligi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti boshlang‘ich tashkiloti, Xalqaro turizm fakulteti ta’lim-tarbiya maslahatchilari hamda faol 1-kurs talabalari ishtirok etdilar.

 

 

Tadbir davomida o‘zbek estrada xonandalari, yosh ijrochilar tomonidan bayramona dastur namoyi etildi. Tadbir yakuni 10 nafar sunnat to‘yi nishonlanayotgan bolajonlarga esdalik savg‘alari taqdim etildi.

Gulchehra NARZULLAYEVA,
Xalqaro turizm fakulteti ta’lim-tarbiya maslahatchisi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Korporativ boshqaruv fakulteti, Jahon tillari kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan “O‘zbekiston va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalari o‘rnatilishida A.S. Pushkin ijodining ahamiyati” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda “O‘zbekiston va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalar o‘rnatilishida A.S. Pushkin ijodinig ahamiyati”, “A.S. Pushkin ijodining O‘zbekistonda o‘rganilishi” mavzusidagi ma’ruzalar tinglandi. So‘zga chiqqanlar yoshlarni yuksak ma’naviyatli, dunyoqarashi keng va mushohadali etib tarbiyalashda Pushkin ijodi muhim o‘ringa ega ekanligini ta’kidladilar.

Shundan so‘ng talabalar tomonidan A.S.Pushkin qalamiga mansub asarlar va she’rlardan parchalar taqdim qilindi.

Tadbir so‘ngida talabalar tomonidan A.S.Pushkinning hayoti va ijodiga oid sahna ko‘rinishlari namoyish qilindi.

Pushkinning rus madaniyati takdiridagi roli benihoya buyuk. U yangi rus adabiyotiga asos solish bilan birga rus adabiy tilining ham shakllanishiga ulkan hissa qo‘shdi. Rus adabiyotida realizm va xalqchillik tamoyillarining, qator she’riy janrlarning shakllanishi va taraqqiyoti Pushkin nomi bilan chambarchas bog‘liq. Pushkinning rang-barang ijodi nafaqat keyingi rus adabiyoti, balki musiqa, teatr, balet, rangtasvir singari san’at turlarining ham rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Boshqa qardosh adabiyotlar qatori XX asr o‘zbek adabiyotining taraqqiyotida ham Pushkin ijodining ta’siri sezilarlidir.Toshkentda Pushkin nomida ko‘cha, maydon bor. Pushkinning tug‘ilgan kuniga 170 yil to‘lishi munosabati bilan 1969 yil Toshkent shahrida shoirga haykal o‘rnatilgan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti hamda Jahon tillari kafedra tomonidan yolg‘iz va ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalarning xonadonlariga tashrif uyushtirildi.

«Qarisi bor uyning parisi bor», deydilar. Zero, keksalari bor xonadonda quvonch, fayzu baraka, xotirjamlik bo‘ladi. Keksalarga ehtirom, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish asrlar osha yashab kelayotgan boqiy qadriyatlarimizdan sanaladi.

Shu ma’noda, yolg‘iz va ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalarning xonadonlari va uylarini hashar yo‘li bilan ta’mirlash, hovlilarini obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etish maqsadida Toshkent shahar Chilonzor tuman “Beshyog‘och” va “Olmazor” MFYga murojaat qilinib, yolg‘iz va ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan xonadonlarga talabalar tashrif buyurib, ularning holidan xabar olindi va uy ishlarini bajarishda, hovlilarini obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etildi. Mehr-muruvvat oyligi doirasida bunday tadbirlar yanada kengaymoqda.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti, Korporativ boshqaruv hamda Jahon tillari kafedrasi tomonidan “Is’hoqxon To‘ra Ibrat hayoti va ijodiy faoliyati” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyida talabalar ishtirokida dars-munozara shaklida o‘tkazildi.

Ishtirokchi talabalarga “Jadidchilik harakati” namoyandalari haqida batafsil ma’lumot berib o‘tildi. Jumladan, 1862 (xijriy 1279) yilda Namangan yaqinidagi To‘raqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan «Xodim» tahallusi bilan she’rlar yozgan Is’hoqxon Junaydulloxo‘ja o‘g‘li haqida gapirib o‘tildi.

Aytib o‘tilganidek, Ibrat dastlab qishloq maktabida, so‘ngra onasi qo‘lida tahsil oladi. 1878-1886 yillarda Qo‘qondagi Muhammad Siddiq madrasasida o‘qiydi. Shoir o‘ziga «Ibrat» tahallusini tanlagan. 1887-1892 yillarda Ibrat Istanbul, Sofiya, Afina, Rim, Qobul, Jidda shaharlarida, 1892-1895 yillarda esa Bombey va Kalkutta shaharlarida bo‘lib, arab, fors, ingliz, hind, urdu tillarini o‘rgangan.1907-1918 yillarda yangi usuldagi maktablar tashkil etgan, o‘z qishlog‘ida uning bosmaxonasi bo‘lgan. Sermahsul shoir, yozuvchi, musiqashunos, pedagog Is’hoqxon Ibrat qatag‘on qurboni bo‘ldi. Asarlari: «Tarixi chopxona», «Madaniyat» haqida masnaviy, «Gazeta xususida», «Qalam», «Lug‘at sitta alsina» («Olti tilli lug‘at», 1907), «Jome’ ul-hutut» («Xatlar majmui», 1912), «Tarixi Farg‘ona» (1916), «Mezon uz-zamon» (1926), «San’ati Ibrat», «Ilmi Ibrat» va boshqalar.

Muzey o‘zbek halqimizning boy moddiy va ma’naviy merosini asrab avaylab, kelajak avlodlarga yetkazuvchi, targ‘ib qiluvchi ma’naviy- ma’rifiy va ilmiy markazlardan biri ekanligi, talabalar o‘zlariga jadidchilik harakatiga oid ko‘plab ma’lumotlar olganliklari va bu tashrif ularda katta taassurot qoldirgani haqida fikr bildirishdi.

Bugun, 7 iyun kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Qalandar Abdurahmonovning Innovatsion g‘oyalar ilmiy maktab labarotoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda akademik Qalandar Abdurahmonov, universitetimiz rektori Bahodir Xodiyev, prorektorlar G‘ofurjon Zohidov, Sherzod Mustafaqulov, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi kafedrasi professor o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Ushbu ilmiy maktabda ta’lim dargohimiz talabalari, yosh olimlar, doktarantlar hamda professor-o‘qituvchilar akademik Qalandar Abdurahmonovning boy ilmiy faoliyati va tajribasi, iqtisodiyot faniga qo‘shgan hissasi haqida keng ma’lumotlarga ega bo‘lib, ulardan amaliyotda foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

 

Rossiya Federatsiyasi Yekaterinburg shahrida joylashgan Ural davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tgan “Osiyo – Rossiya – Afrika: kelajak iqtisodiyoti” nomli IX Yevroosiyo yoshlar iqtisodiyot forumida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti 3-bosqich talabasi Bo‘ranova Jazira Ergash qizi va uning ilmiy rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Xolbekov Rasul Olimovich ishtirok etdilar.

Ochilish marosimida Rossiya Federatsiyasi prezidenti vakili, elchixona vakillari hamda Ural davlat iqtisodiyot unviersiteti rektori Silin Yakov Petrovich so‘zga chiqishdi. Ochilish marosimidan so‘ng ishtirokchi va ekspertlar ro‘yxatga olinib, ularga forum dasturi taqdim etildi. Dasturga ko‘ra, ishtirokchilar turli professorlarning mahorat dasrlarida qatnashish imkoniyati ega bo‘ldi.

Ural davlat iqtisodiyot universitetining madaniyat saroyida “Do‘stlik oqshomi” nomli bazm uyushtirildi.

Buranova Jazira Ural boshqaruv institutida “Matematika” fanidan o‘tkazilgan Xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etdi va 3-o‘rinni egalladi.

Forum beshta kongressdan iborat:

Iqtisodchilar kongressi;

Innovatorlar kongressi;

Moliyachilar kongressi;

Servis texnologiyalar kongressi;

O‘quvchilar kongressi.

Har bir kongress o‘ziga xos ilmiy konkurs va xalqaro olimpiadalardan bo‘lib, Buranova Jazira moliyachilar kongressining “MHXSni milliy buxgaletriya hisobini tartibga solishda qo‘llash” nomli Xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etdi.

Olimpiada 3 bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda ishtirokchilar 20ta savoldan iborat bo‘lgan testdan onlayn tarzda o‘tishdi.

Ikkinchi bosqichda ishtirokchilarga buxgalteriya hisobi va iqtisodiy tahlilga oid turli masalalar va hisobot tuzish kabi topshiriqlar berildi.
Uchinchi bosqichda har bir ishtirokchining buxgalteriyaga san’at tomonidan yondashuvi teshirildi. Ishtirokchilar buxgaletriya, iqtisodiyot bilan bog‘liq videoroliklar, sahna ko‘rinishlar va she’rlarni taqdim etishdi.

Shundan so‘ng g‘oliblar aniqlanib, taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Buranova Jazira Ergash qizi ushbu olimpiadada g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 1-darajali diplom va oltin medal bilan taqdirlandi. TDIU rektori Xodiev Baxodir Yunusovichga tashakkurnoma taqdim etildi.

Bu yutuqlar O‘zbekiston yoshlari bilimli, kreativ va iqtidorli ekanligining yana bir isbotidir.

2018-yil 2-iyun kuni Sanoat iqtisodiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi Baxtiyor Sultanov tomonidan “Mikroiqtisodiyot: g‘oya, biznes va yuqori daromad” mavzusida ochiq mahorat darsi o‘tkazildi.

Ochiq dars boshlanishida “Mikroiqtisodiyot” fanidan yangidan nashr qilingan masalalar to‘plamini taqdimoti o‘tkazildi.

Ochiq darsga respublikaning o‘ndan ortiq Oliy ta’lim muassasalaridan professor-o‘qituvchilar taqrizchi sifatida qatnashib o‘zlarining ijobiy taqrizlarini berishdi.
Dars savol-javoblarga boy bo‘ldi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 29-may kuni O’zbekistonda birinchi sug’urta laboratoriya ochildi. Sug’urta laboratoriyasi sug’urta sohasidagi yangi yuqori texnologik va innovatsion usullarni qo’llash va ishlab chiqishda ilm-fan va amaliyotning simbiozlari ustida ish olib boradi. Bu nafaqat kompaniyaning emas, balki butun sug’urta bozori rivojlanishining yangi bosqichi asosidagi birinchi g’ishtdir.

Laboratoriya aerokosmik va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda agrar xatarlarni indeks sug’urtasi kabi innovatsion sug’urta turi bo’yicha ishlaydi. Sug’urta laboratoriyasi xalqaro darajada ishlaydi! Bu qo’shma loyihasi hisoblanadi. Hamkorlar (Klim Alez) kompaniyasi «Gross SUG’URTA», Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Qishloq xo’jaligini rivojlantirish Leybnits instituti (IAMO) (Germaniya).

«O‘zbekistonni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi: makroiqtisodiy barqarorlik, investitsion faollik va innovatsion rivojlanish istiqbollari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya haqida

Jahon miqyosida raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi keskin bir davr barchamizdan yangicha ishlash va fikrlashni, yuqori darajada safarbarlikni talab etmoqda. Shunga ko‘ra mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.

Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi F-5155-sonli farmoyishi ijrosini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 martdagi 178-F-sonli farmoyishiga asosan, yosh iqtisodchi olimlarning ilmiy tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, olib borilayotgan ilmiy izlanishlarini amaliyotga keng joriy etish shuningdek, ularga ko‘maklashish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster Universiteti hamkorligida 2018 yilning 28 may kuni «O‘zbekiston Respublikasining Harakatlar strategiyasi: makroiqtisodiy barqarorlik, investitsion faollik va innovatsion rivojlanish istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad qilib, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining uchunchi yo‘nalishi ? “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish”ga muvofiq belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi yo‘lida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga jahon hamjamiyati, xususan nufuzli olimlar, amaliyotchi mutaxassislar va xalqaro ekspertlar tomonidan bildirilayotgan munosabat va e’tiroflarga ilmiy-nazariy, ilmiy-uslubiy hamda ilmiy-amaliy jihatdan baho berish belgilangan.

Mazkur konferensiyada Rossiya, Markaziy Osiyo va xorijiy mamlakatlarning taniqli iqtisodchi olimlari, xususan, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziton, Tojikiston Fanlar akademiyalarining akademiklari, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Indoneziyadan tashrif buyurgan oliy ta’lim muassalari rektorlari va iqtisodchi olimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus va xorijiy kompaniyalar vakillari hamda O‘zbekiston tomonidan Fanlar akademiyasining iqtisodiyot sohasidagi akademiklari, ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlari, amaliyotchi mutaxassislar hamda nufuzli oliy ta’lim muassasalarining rektorlari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdishdi.

Konferensiyada Harakatlar strategiyasining uchinchi ustuvor yo‘nalishi – “Iqtisodiyotni rivojalantirish va liberallashtirish” bo‘yicha bir qator islohotlar amalga oshirilgani bo‘yicha akademiklar, nufuzli iqtisodchi olimlar va amaliyotchi mutaxassislarning ma’ruza taqdimotlari amalga oshirildi. Eng avvalo mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash, qat’iy pul-kredit siyosatini yuritish, milliy valyuta va ichki bozordagi narxlar barqarorligini ta’minlash, soliq-byudjet islohotlarini olib borishga asosiy e’tibor qaratilganligiga alohida to‘xtalindi.

Anjumanda 2017 yilda milliy valyutamiz – so‘mning erkin ayirboshlanishi ta’minlanganligi qayd etilgani holda, tashqi savdoni liberallashtirish va samarador bozor iqtisodiyotini yaratish maqsadida bojxona to‘lovlari stavkalari ikki barobar pasaytirilishi natijasida iqtisodiy o‘sishning ta’minlanishi bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlari konferensiya ishtirokchilariga yetkazildi.

Ma’lumki, o‘tgan yilning o‘zida Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, alohida tuman va shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha qirqdan ortiq dasturlar qabul qilindi hamda dasturlar ijrosini ta’minlash maqsadida har bir tuman uchun 2077 ta yirik loyihalar tasdiqlandi. Shuningdek, 11 ta iqtisodiy zonalar tashkil etildi va umumiy qiymati 419,5 mln. dollarlik 108 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

O‘tgan yilda, qulay investitsion muhit va tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish hamda eksportni qo‘llab-quvvatlash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Bunda:

Birinchidan, hamkor mamlakatlar va xalqaro moliya institutlari bilan munosabatlardagi yondashuv o‘zgartirildi. Oliy darajadagi tashriflar chog‘idagi Xitoy Xalq Respublikasi bilan 23 milliard dollar, Rossiya bilan 16 milliard dollar, Janubiy Koreya Respublikasi bilan 10 milliard dollar, Turkiya bilan 3,5 milliard, Qozog‘iston bilan 2,2 milliard, va Qirg‘iziston bilan 455 million dollar miqdorida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama davlatlararo shartnomalar imzolandi. yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan to‘laqonli munosabatlar tiklandi, bank tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka 190 million AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ajratildi. Turli yo‘nalishlarda 20 dan ortiq loyihalar ishlab chiqildi. yevropa investitsiya banki, Fransiya rivojlanish agentligi bilan hamkorlik o‘rnatildi. O‘zbekiston yangi tuzilgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining teng huquqli a’zosiga aylandi.

Ikkinchidan, tashqi savdo faoliyatidagi barcha sun’iy to‘siqlar olib tashlandi. Xususan, oldindan to‘lovlarsiz va kafolat majburiyatlarisiz eksport qilish tartibi joriy etildi. Ortiqcha va eskirgan ruxsat beruvchi talablar bekor qilindi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish mexanizmlari soddalashtirildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida respublikaning tashqi savdo aylanmasi 2017 yilning yanvar–dekabrida 26 907,0 mln. AQSh dollarini, jumladan eksport – 13 893,6 mln. AQSh dollarini, import – 13 013,4 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Tashqi savdo saldosi – 880,2 mln. AQSh dollarini, shu jumladan MDH davlatlari bilan 729,3 mln. AQSh dollarini va boshqa davlatlar bilan 150,9 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Xususan, 2018 yilning yanvar-mart oylarida tashqi savdo aylanmasi 7,9 mlrd. AQSh dollarini, jumladan eksport – 4,1 mlrd. AQSh dollarini, import – 3,8 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Tashqi savdo aylanmasi saldosi – 249,4 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.

Yalpi majlisda bir qator masalalar, mavzular va muammolar muhokama qilindi, jumladan, global iqtisodiyotda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy tendensiyalar va hodisalar, ularning milliy iqtisodiyotga ta’siri; inson kapitali: uni oshirish yo‘llari va hisoblashning xalqaro usullari; mintaqalarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali va optimal foydalanish; qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish; valyuta bozorini liberallashtirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar; tashqi savdoni erkinlashtirish va samarali bozor iqtisodiyotini yaratish maqsadida xalqaro andozalarga mos ravishda olib borilayotgan iqtisodiy siyosat; Davlatning iqtisodiyotdagi aralashuvini qisqartirish, iqtisodiyotda xususiy sektorning o‘rni va ahamiyatini oshirish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, konferensiya natijalari bo‘yicha so‘zga chiqqan barcha olimlar, xususan xorijiy olimlarning bildirgan xulosalari va konferensiya to‘plamiga kelib tushgan ilmiy maqolalarda bildirilgan taqqoslama tanqidiy tahlillar asosida Xukumat uchun konferensiyaning taklif va tavsiyalari tayyorlandi.

Konferensiyaning tashkiliy va ijodiy-tahrir qo‘mitasi tomonidan ilmiy tadqiqotchilarning “eng yaxshi”, deb topilgan maqolalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan hamda retsenziyalangan «Iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalar» elektron jurnalida chop etishga tavsiya qilindi.

Shuning bilan konferensiyaning birinchi bosqichi, Yalpi majlisi yakunlandi. 29 may kuni konferensiya seksiyalari davom etadi. Seksiyalar Toshkent davlat iûtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, Xalqaro Vestminster universitetida davom etadi.