2018-yilning 18-iyun kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Turkiyaning Beykent universiteti bilan hamkorlikda “Yevroosiyo iqtisodiyoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Mazkur konferensiyaning Yalpi majlisida Нevroosiyo davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati, iqtisodiyotni isloh etish borasida olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, globallashuv sharoitida xalqaro savdo va xalqaro iqtisodiy munosabatlarda yuz berayotgan tendensiyalarga bag‘ishlangan qiziqarli ma’ruza taqdimotlari amalga oshirildi.

Konferensiyani kirish so‘zi bilan universitetning Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Sherzod Mustafoqulov ochib berdi. Ushbu tadbir har yili Yevroosiyo davlatlarining birida tashkil etilishini e’tiborga oladigan bo‘lsak, bu yilgisi 10-marotaba tashkil etilmoqda.

Konferensiya dasturiga muvofiq tushdan keyin 5 ta auditoriyada konferensiya to‘plamida chop etilgan ilmiy maqolalar mualliflarining ma’ruza taqdimotlari amalga oshiriladi.

Konferensiyani o‘tkazishdan maqsad: Yevroosiyo mamlakatlari iqtisodiyotining buguni va kelajagi bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini muhokama qilish hamda globallashuv sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, yuzaga chiqayotgan o‘tkir muammolarni tanqidiy tahlil qilish va ularning yechimiga bag‘ishlangan muloqotlarni tashkil etishdan iborat.

Hozirda ushbu konferensiyaga Turkiya va boshqa davlatlardan 100 dan ortiq professor-o‘qituvchilar, iqtisodchi olimlar yetib kelishdi. Shularning 36 nafari xorijiy mamlakatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalarining doktorlari va professorlari hisoblanishadi.

Konferensiya ikki kun davom etadi. Ushbu kunlar mobaynida tashrif buyurgan xorijiy olimlar va mahalliy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari tomonidan ma’ruza taqdimotlari amalga oshiriladi.

Muqaddam konferensiya tashkil etilgan davlatlar ro‘yxati:
2010 yilning 4-5 noyabr kunlari Istambul, Turkiya;
2011 yilning 12-14 oktyabr kunlari Bishkek, Qirg‘iziston;
2012 yil 11-13 oktyabr kunlari Alma-Ata, Qozog‘iston;
2013 yilning 17-18 sentyabr kunlari Sankt Peterburg, Rossiya;
2014 yilning 1-3 iyul kunlari Skope, Makedoniya;
2015 yilning 9-11 sentyabr kunlari Qozon, Rossiya;
2016 yilning 29-31 avgust kunlari Kaoshvar, Vengriya;
2017 yilning 10-12 iyul kunlari Istambul, Turkiya;
2017 yilning 5-7 oktyabr kunlari Bishkek, Qirg‘iziston.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi hamkorligida o‘tkazildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, “Adolat” SDP faollari, tegishli vazirlik va tashkilotlar vakillari, poytaxtimiz va viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlari olimlari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Konferensiyada Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori B.Xodiev, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori D.Toshmuhammedova va boshqalar so‘zga chiqdi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga e’tibor qaratilgani bejiz emas. Zero, davlat tomonidan fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalasining strategik vazifa sifatida ilgari surilishi jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi. Keyingi vaqtlarda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining roli va ahamiyatini, bu jarayonda fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha sezilarli chora-tadbirlar ko‘rildi. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur institutsional baza yaratildi. Bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan 9200 dan ziyod nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy maqsadlarga erishishda muhim rol o‘ynamoqda.

Konferensiyada mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari rivoji va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishning dolzarb masalalari yuzasidan olib borilayotgan tadqiqot ishlari muhokama etildi. Anjuman ishtirokchilarining “Mustahkam oila – qudratli jamiyat asosi”, “Yoshlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishning huquqiy asoslari”, “Yoshlar ongiga milliy qadriyatlarni singdirishda mahallaning roli”, “Oliy ta’lim muassasalarida Ijtimoiy fanlarni o‘qitishga innovatsion yondashuv”, “Zamonaviy iqtisodchi kadrlarni tayyorlashning innovatsion usullari” kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.

Konferensiya nihoyasida ma’ruzalar yuzasidan muhokama o‘tkazilib, bunday ilmiy-amaliy konferensiyalarni an’anaviy tarzda tashkil qilish maqsadli ekanligi ta’kidlandi. Konferensiya ishi doirasida yosh olimlar “Eng mazmunli ma’ruza”, “Notiqlik mahorati”, “Eng yaxshi taqdimot” yo‘nalishlari bo‘yicha rag‘batlantirildi.

Xalqaro ekspertlar so‘mning erkin ayirboshlanishini yuqori baholadi

Toshkent shahrida «O‘zbekiston Respublikasining Harakatlar strategiyasi: makroiqtisodiy barqarorlik, investitsiyaviy faollik va innovatsion rivojlanish istiqbollari» mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini davom ettirmoqda.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Fanlar akademiyalari akademiklari, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Indoneziya kabi davlatlardan oliy o‘quv yurtlari rektorlari, taniqli olimlar, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalar vakillari, amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etmoqda.

Konferensiyaning bugungi sho‘ba majlislarida ekspertlar tomonidan O‘zbekistonda valyuta bozorini liberallashtirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgani va 2017 yil 5 sentyabrdan milliy valyuta – so‘mning erkin ayirboshlanishi ta’minlangani yuqori baholandi.

Shuningdek, hukumat, barcha vazirlik va idoralar hamda Markaziy bank tomonidan xalqaro andozalarga mos ravishda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, davlat byudjeti ijrosi, pul muomalasi va oltin-valyuta zaxiralari holati to‘g‘risidagi statistik va tahliliy ma’lumotlar doimiy ravishda ochiq chop etib borilishi yo‘lga qo‘yilgani iqtisodiy barqarorlikning to‘la ta’minlanishiga zamin yaratayotgani haqida so‘z yuritildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda xalqaro ekspertlar, xorijlik va mahalliy olimlar tomonidan qilingan ma’ruzalarda shiddat bilan taraqiy etayotgan O‘zbekiston iqtisodiyotida agrar sektorni modernizatsiya qilish va rivojlantirish, qulay investitsiyaviy muhit, tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish hamda eksportni qo‘llab-quvatlash yuzasidan amaliy tavsiyalar berilib, ular bo‘yicha ishtirokchilarning fikr-mulohazalari tinglandi.

Investitsion faollik va innovatsion rivojlanish makroiqtisodiy barqarorlikka erishishning muhim shartidir

Poytaxtimizda “O‘zbekiston Respublikasining Harakatlar strategiyasi: makroiqtisodiy barqarorlik, investitsion faollik va innovatsion rivojlanish istiqbollari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Toshkent davlat iktisodiyot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, Toshkent shahridagi Xalkaro Vestminster universiteti hamkorligida uyushtirilgan mazkur anjumanda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Fanlar akademiyalarining akademiklari, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Indoneziya kabi davlatlar oliy ta’lim muassasalari rektorlari, mahalliy hamda xorijlik iktisodchi olimlar, ekspertlar, diplomatik korpus vakillari katnashmokda.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz tarakkiyotini yangi boskichga ko‘tarish maksadida 2017 —2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi kabul kilindi. Iktisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish ushbu hujjatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shundan kelib chikib, amalga oshirilayotgan tub islohotlar, yangilanishlar, kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar iktisodiyotimiz rakobatdoshligini ta’minlash, investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmokda.

Xususan, o‘tgan yili Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qorakalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida kirkdan ortik dasturlar kabul kilinib, uning doirasida har bir tuman uchun 2077 ta yirik loyiha tasdiqlandi.

10 dan ortiq iqtisodiy zonalar tashkil etilib, ularda umumiy qiymati 419,5 million AQSh dollarilik 108 ta loyiha ijrosiga kirishildi.

Tashqi savdo aloqalarini yanada mustahkamlash yo‘lida O‘zbekiston tomonidan tashlangan dadil qadamlar xalqaro ekspertlar, amaliyotchilar tomonidan yuksak baholanayapti. Chunki bu nainki O‘zbekiston, balki uning hamkorlari iqtisodiyoti ravnaqi uchun ham o‘ta muhim. Jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida 23 milliard AQSh dollari, Rossiya bilan 16 milliard, Janubiy Koreya bilan 10 milliard, Turkiya bilan 3,5 milliard, Qozog‘iston bilan 2,2 milliard dollarlik shartnomalar imzolangani fikrimiz tasdig‘idir.

Anjumanda e’tirof qilinganidek, joriy yilga mamlakatimizda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom berilgani iqtisodiy salohiyatni yanada kengroq namoyish etish imkonini berayotir. Sababi, shu munosabat bilan qabul qilingan Davlat dasturi ijrosi doirasida yurtimizda tashqi savdo faoliyati tubdan soddalashtirilib, tadbirkorlik sub’ektlari, xorijiy investorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratilayapti, soliq hamda bojxona imtiyozlari berilmoqda. Shunga asosan, natijalar ham ortib borayapti. Xususan, o‘tgan yili tashqi savdo aylanmasi 26 milliard 907 million AQSh dollari bo‘lgan bo‘lsa, joriy yil birinchi choragida bu ko‘rsatkich 7,9 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

Yakunda bildirilgan taklif hamda tavsiyalar asosida respublikamiz iqtisodiyotini yanada takomillashtirish, investitsion faollikni oshirish, innovatsion loyihalarni tatbiq etish bo‘yicha tegishli qarorlar ishlab chiqiladi.

So‘z — konferensiya ishtirokchilariga

Raxmon ALSHANOV, Qozog‘iston Fanlar akademiyasi akademigi, “Turon” universiteti rektori, Qozog‘iston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari uyushmasi prezidenti:

— O‘zbekiston rahbariyati bugun mamlakatni yangi rivojlanish sari yetaklamoqda. Bu jihatlar har bir sohada olib borilayotgan islohotlarda yaqqol namoyon bo‘lyapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi bunda dasturilamaldir.

Yurtingiz tashqi siyosatidagi ijobiy o‘zgarishlar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tishni istardim. Bugun Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar O‘zbekiston yuritayotgan islohotlar tufayli yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, mamlakatlarimiz hamkorligi va do‘stligida yanada rivojlanish kuzatilmoqda. Misol uchun, 2018 yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili, kelasi yil esa mamlakatingizda Qozog‘iston yili deb e’lon qilinishi munosabatlarimiz naqadar mustahkamligini yaqqol ifodalaydi.

Isaak BXATTI, Avstraliyaning La Troba universiteti professori:

— O‘zbekistonda oxirgi yarim yil ichida ikkinchi marotaba bo‘lishim. O‘zim olis Avstraliyada istiqomat qilsamda, mamlakatingizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan doimo yaqindan tanishib borishga intilaman.

Davlatingiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi mamlakatingiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayapti. Bu dasturning barcha, jumladan, iqtisodiy yo‘nalishini chuqur o‘rganib chiqdim. U juda puxta va uzoqni ko‘ra bilib ishlab chiqilgan. Uning dastlabki samaralarini o‘zbekistonliklar allaqqachon o‘z turmush tarzida his qilmoqda. Buni birgina valyuta bozorini erkinlashtirish misolida aytishimiz mumkin.

O‘tgan yili Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda qatnashdim. O‘zbekiston yetakchisi to‘rt soat davomida, hech qanday tanaffuslarsiz xalq bilan dillashgani, ularga maqsad-muddaolarini aytgani meni lol qoldirgandi.

Ruslan GRINBERG, Rossiya Fanlar akademiyasi Iktisodiyot instituti ilmiy rahbari, Xalkaro iktisodchilar ittifoki va Rossiya erkin iktisodiy jamiyati vitse-prezidenti:

— O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev siyosat olamiga haqiqiy islohotchi sifatida kirib keldi. Bugun o‘zbekistonliklar yangi ruh, yangi shijoat bilan yashamoqda. Har bir sohada tub islohotlar amalga oshirilayapti.

Kamina ilmfan sohasi vakili bo‘lganim uchun yurtingizda bu sohadagi sa’y-harakatlarga katta qiziqish bilan qarayman. Davlat rahbari bir necha bor akademiklar bilan uchrashib, sohadagi muammolar haqida suhbatlashganidan yaxshi xabardorman. Qolaversa, olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlarini davom ettirishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berishda Prezident bosh-qosh bo‘layapti. Bularning barchasi biz, xorijlik akademiklarni ham quvontiradi. Bunday e’tibor tufayli yaqin yillar ichida O‘zbekiston ilm-fani dunyoda o‘z o‘rnini yanada mustahkamlashi, shubhasiz.

Xeyzel MESSENJER, Buyuk Britaniyaning MBA markazi direktori, London metropoliten universiteti doktori:

— Amaliyotchi ekspert sifatida shuni aytishim mumkinki, yurtingizda fan va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro uyg‘unlik mujassam. Bu esa ko‘plab muvaffaqiyatlarga yo‘l ochmoqda. Ayni paytda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan London metropoliten universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Xususan, Buyuk Britaniyada o‘quv kursi tashkil etishni rejalashtirganmiz. Ushbu master-klassda talaba-yoshlar marketing, xalqaro moliya hamda savdo yo‘nalishlarida o‘qitiladi. Maqsadimiz hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali O‘zbekistonda ham o‘qitishning yangicha innovatsion usullarini tatbiq etish, sohaga malakali kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashishdan iboratdir.

Toshkentda innovatsion rivojlanish istiqbollari mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi

28-may kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti hamkorligida “O‘zbekiston Respublikasining Harakatlar strategiyasi: makroiqtisodiy barqarorlik, investitsion faollik va innovatsion rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Xalqaro press klub ushbu tadbirda axborot hamkori sifatida ishtirok etdi.

Konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad qilib, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining uchunchi yo‘nalishi − “Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish”ga muvofiq belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi yo‘lida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga jahon hamjamiyati, xususan nufuzli olimlar, amaliyotchi mutaxassislar va xalqaro ekspertlar tomonidan bildirilayotgan munosabat va e’tiroflarga ilmiy-nazariy, ilmiy-uslubiy hamda ilmiy-amaliy jihatdan baho berish belgilangan.

Mazkur konferensiyada Rossiya, Markaziy Osiyo va xorijiy mamlakatlarning taniqli iqtisodchi olimlari, xususan, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Fanlar akademiyalarining akademiklari, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Indoneziyadan tashrif buyurgan oliy ta’lim muassalari rektorlari va iqtisodchi olimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus va xorijiy kompaniyalar vakillari hamda O‘zbekiston tomonidan Fanlar akademiyasining iqtisodiyot sohasidagi akademiklari, ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlari, amaliyotchi mutaxassislar hamda nufuzli oliy ta’lim muassasalarining rektorlari va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Konferensiyada Harakatlar strategiyasining uchinchi ustuvor yo‘nalishi – “Iqtisodiyotni rivojalantirish va liberallashtirish” bo‘yicha bir qator islohotlar amalga oshirilgani bo‘yicha akademiklar, nufuzli iqtisodchi olimlar va amaliyotchi mutaxassislarning ma’ruza taqdimotlari amalga oshirildi.

29-may kuni konferensiya seksiyalari davom etadi. Seksiyalar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, Xalqaro Vestminster universitetida davom etadi.